Jahon | 22:10 / 16.04.2018
10365
4 daqiqa o‘qiladi

Armanistonda ommaviy tartibsizliklar sabab jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Foto: Sputnik / Asatur Yesayants

Yerevan markazida politsiyachilar bilan namoyishchilarning to‘qnashuvidan keyin Armanistonda "ommaviy tartibsizliklar" moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Mamlakat bosh prokuraturasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi. 

Muxolifat deputat Nikol Pashinyan tomonidan boshqariluvchi norozilik aksiyasi ishtirokchilari bosh vazir lavozimiga mamlakat sobiq prezidenti Serj Sargsyanning nomzodi qo‘yilishiga qarshi chiqishmoqda. Dushanba kuni ular Yerevandagi parlament binosi ichiga kirishga urinishgan, politsiya bu urinishlarni yo‘qqa chiqargan.

Bayonotda keltirilishicha, davlat va xususiy mulkka ziyon yetgan, politsiyachilarga qarshi kuch ishlatilgan.

"Mazkur fakt yuzasidan "ommaviy tartibsizliklar" va "qonunni buzgan holda yig‘ilishlarni tashkillashtirish va o‘tkazish moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan", - deyiladi xabarda. Ushbu moddalar bo‘yicha maksimal sanksiya sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni ko‘zda tutadi. 

Sobiq davlat rahbarining bosh vazir etib tayinlanishiga qarshi chiqayotgan namoyishchilar o‘z lagerini Fransiya maydonidan parlament yaqiniga - Marshal Bagramyan prospektiga ko‘chirishadi, ular tuni bo‘yi o‘sha yerda qolishmoqchi, - dedi dushanba kuni aksiya rahbari Pashinyan.

Pashinyan politsiya bilan to‘qnashuvdan keyin "Nairi" tibbiyot markazida bo‘lgan. Qaytgach, jurnalistlarga qo‘lini tikonli to‘siqda tilib olgani, politsiya unga nisbatan hech qanday zo‘ravonlik qo‘llamaganini aytgan. 

Armaniston sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lum qilishicha, politsiya va namoyishchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvdan keyin 46 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Ularning bir qismiga yordam ko‘rsatilgach, qo‘yib yuborilgan. 

Vazirlik ma'lumotlariga ko‘ra, politsiyachilarga o‘tkir va o‘tmas predmetlar bilan ziyon yetkazilgan. Ulardan biri jarrohlik amaliyotiga muhtojligi, venasiga jiddiy ziyon yetgani aytilgan.

9 aprel kuni Armanistonning saylangan prezidenti Armen Sarkisyan lavozimiga kirishganidan so‘ng hukumat iste'fosini qabul qildi. Yangi prezidentning inauguratsiya kuni vazirlar mahkamasining tarqatilishi konstitutsiyada ko‘zda tutilgan. Kelgusida hukumat prezident saylovlari emas, faqat parlament saylovlaridan keyingina avtomatik ravishda ketadi. Bosh vazir tanlangandan keyin besh kun ichida prezidentga hukumat a'zolari nomzodlari taqdim etilishi kerak, 15 kunlik muddatda esa vazirlar mahkamasining uchdan ikki qismi shakllanib bo‘lgan bo‘lishi lozim. Hukmron koalitsiya bosh vazir lavozimiga Sargsyanni ilgari surdi.

Armaniston milliy majlisi 2 mart kuni Sarkisyanni mamlakatning yangi, to‘rtinchi prezidenti etib sayladi. Sobiq davlat rahbari Sargsyanning prezidentlik muddati tugallangandan keyin Armaniston konstitutsiyasining yangi matni kuchga kirdi. Unga muvofiq, hukmronlik parlament va hukumat qo‘lida bo‘ladi, parlament tomonidan saylanadigan prezident funksiyalari esa vakillik funksiyalari hisoblanadi.

Mavzuga oid