Sport | 13:25 / 16.04.2018
10909
12 daqiqa o‘qiladi

Mundialni kutib. Tanishtiruv: Yaponiya

«Tribuna.Uz» sayti 2018 yilgi jahon chempionati ishtirokchilarini tanishtirishda davom etadi. Bugun e'tiboringizni kunchiqar yurt - Yaponiyaga qaratamiz.

Rasmiy tili: Yapon
Poytaxti: Tokio
Boshqaruv tizimi: Konstitutsion monarxiya
Aholisi: 126.3 million (dunyoda 10-o‘rin)
Valyuta: Iyena

YaPONIYa TeRMA JAMOASI

Foto: Articlebio

Laqabi: Samuraylar
Libosi: Ko‘k-oq
Konfederatsiya: OFK
Sardor: Makoto Hasebe
Terma jamoa tarkibida eng ko‘p o‘yin -  Yasuxito Endo (152)
Eng ko‘p gol kiritgan futbolchi – Kunisite Kamomoto (80)
Eng yirik g‘alaba: 1967 yil 27 sentabr. Filippin – 15:0
Eng yirik mag‘lubiyat: 1917 yil. 10 sentabr. Filippin – 2:15
Jahon chempionati: 1/8 final (2002, 2010)
Osiyo kubogi: Chempion (1992, 2000, 2004, 2011)

TARIXI

Foto: Nippon.com

1993 yilning 28 oktabri. AQShda o‘tadigan navbatdagi jahon chempionatining saralash bosqichining so‘nggi turi bo‘lgandi shu kuni. So‘nggi bosqichning barcha o‘yinlari Qatarning Doha shahrida, bir davrali tizimda o‘tkazilgandi. Asosiy raqibi Janubiy Koreyani mag‘lub etishni uddalagan so‘nggi Osiyo chempionlari Yaponiya terma jamoasi Iroq terma jamoasiga qarshi maydonga tushgandi o‘shanda. Har qanday hisobdagi g‘alaba yaponlarni tarixda ilk bor mundial ishtirokchisiga aylantirardi, Nakayamaning 80-daqiqadagi golidan keyin, hammasi mana shu orzu tomon yo‘naltirib qo‘yilgandek, faqat soat millarigina Yaponiyani AQSh yo‘llanmasidan ajratib turgandek edi go‘yo. Ammo... Aslida hech narsa kerak bo‘lmagan Iroq terma jamoasi hujumchisi Ja'far Salmon o‘yin tugashiga atigi 20 (!) sekund vaqt qolganda hisobni tenglashtirib qo‘yadi. Butun Yaponiya yig‘lagandi o‘shanda...

Qattiq tayyorgarlik rejimi asosida bosqichma-bosqich Osiyoning yetakchisiga aylanib borayotgan Yaponiya terma jamoasi baribir keyingi mundialga borishning uddasidan chiqdi. Albatta final bosqichida ishtirok etuvchi jamoalarning 24tadan 32taga oshirilishi munosabati bilan Osiyo uchun berilgan 2 yo‘llanma 3.5taga chiqarilgani ham yaponlarga yordam berdi. Terma jamoa guruh bosqichini 2-o‘rinda yakunlab (o‘sha guruhda O‘zbekiston terma jamoasi ham ishtirok etgan, Yaponiyadagi o‘yin 6:3 hisobida yaponlar foydasiga hal bo‘lgan bo‘lsa, Toshkentda 1:1 hisobi qayd etilgan), pley-offda Eronni dog‘da qoldirib, Fransiyaga borish huquqini qo‘lga kiritishgandi.

Yaponiya tarixidagi ilk mundial o‘yini Argentinaga qarshi kechdi. Qahramonlarimiz kuchli raqibga munosib qarshilik ko‘rsatishgan, Batistutaning yagona goli o‘yin taqdirini hal qilgandi. Keyingi o‘yinlarda esa Xorvatiya va Yamaykaga kichik hisoblarda imkoniyat boy berildi, shunday bo‘lsa ham ilk tajriba yomon chiqmagandi. Hidetoshi Nakata va darvozabon Kavaguchi ko‘pgina mutaxassislar tomonidan yuqori bahoga loyiq topildi.

Asosiy yo‘nalish 2002 yilga belgilangandi, aynan o‘sha pallada terma jamoaning eng kuchaygan paytga to‘g‘ri kelishi oldindan rejalashtirib qo‘yilgandi. Chunki yangi asrning ilk mundiali Osiyoda, xususan Koreya va Yaponiyada o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgandi. Yo‘lning yarmida birato‘la Osiyo kubogini ham qo‘lga kiritgan yaponlar haqiqatan ham mundialga kuchli jamoa taqdim eta olishdi. Ayniqsa, Rossiya, Belgiya, Tunis terma jamoalari joy olgan murakkab guruhda 7 ochko to‘plab, g‘olibga aylanishlari ko‘pchilikni ajablantirgandi. Ammo nimchorakda Yaponiyaga omad kulib boqmadi. Turkiya terma jamoasi Umitning 12-daqiqadagi goli evaziga g‘alaba qozondi. Butun uchrashuv davomida yaponlarning zarba berish, to‘pni egallash va yana boshqa jihatlardagi ustunliklari hisobda aks etmadi.

Keyingi Osiyo kubogi ham yaponlar g‘alabasi bilan yakunlandi va albatta muntazam mundialda qatnashish terma jamoa uchun an'anaga aylanib ulgurgandi. Germaniyadagi mundialda yaponlarga Braziliya, Avstraliya va Xorvatiya terma jamoalari raqiblik qildi. Bo‘lajak qit'adoshlar – Avstraliyaga qarshi kechgan ilk tur barcha masalaga oydinlik kiritishi va jamoada qandaydir imkoniyat saqlab qolishi aniq edi. O‘yinning oxirlarigacha yaponlar hisobda oldinda bordi ham. Ammo... Eng so‘nggi daqiqalarda «sokkeruz»lar ketma-ket 3 gol urishning uddasidan chiqdi. Ziko shogirdlari Xorvatiya bilan durang o‘ynadi, hech narsa hal qilmaydigan Braziliyaga qarshi o‘yin esa 1:4 hisobida pentakampionlarning g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘sha uchrashuvdagi eng e'tiborli jihat esa Ronaldoning ikki gol kiritib, butun jahon chempionatlari to‘purarligini Myullerdan tortib olgani bo‘lgandi.

Keyingi ikki mundial saralashida Yaponiya nafaqat yo‘llanmani qo‘lga kiritdi, balki har ikki safar ham butun dunyoda bo‘yicha JCh yo‘llanmasini birinchi bo‘lib hal qilgan terma jamoa bo‘ldi. Maydon egalaridan tashqari, albatta.

O‘z-o‘zidan endilikda yaponlar jahon chempionatida shunchaki qatnashishni emas, so‘nggi bosqichlarga yetib borishni rejalashtirmoqda. To‘g‘ri, hali bu vazifa ko‘ngildagidek uddalanyapti deb aytish qiyin. JARda yaponlar 1/8 finalga chiqib, 8 yil oldingi natijani takrorlagan bo‘lishsa, (nimchorakda penaltilar seriyasida Paragvayga yutqazildi) Braziliyada guruh masalasi hal qilinmadi.

BUGUNGI YaPONIYa

Foto: R-Sport

Bir paytlar, Hiditoshi Nakata Yevropada o‘ynay boshlaganida, ommaviy ravishda yapon futbolchilarining Yevropaga ko‘chishi hali boshlanmagan, qaysidir ma'noda tanishtiruv bo‘lgandi. Keyinchalik esa, ayniqsa, Bundesligada yapon futbolchilari juda ko‘payib ketdi.

Hozirgi davrni biroz oraliq palla deyish mumkin. Yevropada juda ko‘p yapon futbolchilari mavjud va ularning aksariyati ildiz otib, tajriba to‘plab, bir qator jamoalarda o‘ynab ham ko‘rishgan. Ya'ni endi ular yaraqlagan yulduz emas, butunlay Yevropaning ko‘z ostida bo‘lgan tajribali futbolchilardir.

Premer Ligada Maya Yoshida va Shindi Okazakini alohida tanishtirib o‘tishi shart emas. Shinji Kagava jarohati tufayli anchadan buyon o‘ynamayotgan bo‘lsa-da, «Borussiya» yetakchisi sifatida ma'lum. Yoshiori Muto («Maynts»), Xioki Sakai («Marsel»), Takeshi Inui («Eybar») kabi futbolchilar ham ushbu mavsumda barqaror o‘tkazishmoqda. Keysuki Honda Meksikaga, Nagotomo «Galatasaroy»ga o‘tib, go‘yoki faoliyatlarida orqaga qadam tashlagandek ko‘rinsalar-da, terma jamoada hamon yetakchi bo‘lib qolmoqdalar.

Umuman olganda, Yaponiya tajribali jamoa, tarkibda 10dan ziyod 30 yoshdan o‘tgan futbolchilar bor, 7 futbolchi terma jamoa tarkibida 80dan ortiq o‘yinda maydonga tushgan. Misol uchun, O‘zbekiston terma jamoasining butun tarixi davomida 80dan ortiq o‘yinda maydonga tushgan futbolchilar atigi 7 nafar ekanini e'tiborga olsak, yaponlarning katta tajribaga ega jamoa ekanini ko‘rish mumkin.    

Mart oyining oxirlarida Yaponiya ikki o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi. Raqiblar jahon chempionatiga chiqa olmagan terma jamoalar bo‘lsa-da, yaponlar bu o‘yinlarda muvaffaqiyatli ishtirok eta olishmadi. Mali bilan o‘yinda so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qolingan (1:1) bo‘lsa, Ukrainaga 1:2 hisobida yutqazildi.

Ushbu o‘yinlarda yaponlarning bir qator yetakchi futbolchilari ishtirok etishmagan bo‘lishsa-da, bu natijalar oqibatida terma jamoani mundialga olib chiqqan murabbiy Vohid Halilxodjich iste'foga chiqarib yuborildi. Yaponlar mundialga atigi ikki oy vaqt qolganini ham e'tiborga olib o‘tirishmadi va muammoni tezroq hal qilishga urinishdi. Mana shundan ham bilsa bo‘ladiki, Yaponiya uchun mundial shunchaki, qatnashish emas.

BOSh MURABBIY

Foto: AFP

Halilxodjichning iste'fosidan so‘ng, ko‘pchilik bu postni 2016 yilda Yaponiya olimpiyachilarini boshqargan Makoto Teguramori egallaydi, deb o‘ylashgandi. Ammo bosh murabbiy etib, Akiro Nishiro tayinlandi. 63 yoshli murabbiy o‘z vaqtida futbolchi sifatida ham terma jamoa safida to‘p surgan. Murabbiylik faoliyatida u asosan «Gamba Osaka»dagi 10 yillik faoliyati orqali tanish.

Nishiro boshchiligida «Gamba Osaka» bir marta Yaponiya chempioni bo‘lgan, 2008 yilda esa, Osiyo Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan. Ya'ni, yaponlarni jahon chempionatida xalqaro maydonda o‘ziga yarasha tajribaga ega bo‘lgan murabbiy boshqaradi.

E'TIBOR BeRISh KeRAK: GeNKI XARAGUChI

Foto: Genki Xaraguchi
Sandals For Goalposts

1991 yilda tug‘ilgan. 17 yoshidan «Urava Reds» jamoasida o‘zini ko‘rsata boshlagan ushbu hujumchi 2011 yildan boshlab terma jamoaga jalb qilina boshlangan. 2014 yilda esa, Germaniyaning «Herta» jamoasi unga o‘z e'tiborini qaratgandi. Shundan so‘ng u «Herta» safida 91 o‘yinda maydonga tushdi, ammo qishki transfer oynasida Bundesliga-2 vakili «Fortuna»ga ijaraga berildi.

Xaraguchi ayniqsa, Yaponiya terma jamoasi tarkibida mundial saralashining so‘nggi bosqichida juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Ayniqsa, dastlabki turlarda aynan Xenkining gollari yordamida Yaponiya qimmatli ochkolarni qo‘lga kiritgan va guruhdagi vaziyatni o‘nglashga muvaffaq bo‘lgandi. Esingizda bo‘lsa, Yaponiya dastlabki o‘yinni o‘z maydonida mag‘lubiyat bilan boshlagan. Keyingi qatorasiga 4 o‘yinda esa, Xaraguchi hisobni ochgan va o‘sha gollar Yaponiyani 10 ochko olib kelgandi.

Muto, Osaka, Okazaki kabi bizga yaxshi tanish bo‘lgan futbolchilar bilan bir qatorda, mundialda aynan Xaraguchi ham kashfiyotga aylanishi hech gap emas.

JCh-2018

Yaponiya terma jamoasi jahon chempionatida N guruhda to‘p suradi. Shuningdek, Kolumbiya, Senegal va Polsha terma jamoaliridan tashkil topgan ushbu guruhda yaponlarda kamida avvalgi mundiallardagi eng yaxshi ko‘rsatkichlarini (1/8 final) takrorlash uchun yaxshi imkoniyat mavjud. Faqat mabodo guruhdan chiqilsa, nimchorak finalda Yaponiyani Belgiya yoki Angliya kabi kuchli terma jamoalar mavjud bo‘lgan G guruhi g‘oliblari kutib turadi.

«Samuraylar» mundialdagi ilk uchrashuvni 19 iyun kuni Saranskda Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi. Qizig‘i, yaponlarning mundialdagi oxirgi o‘yini ham aynan Kolumbiyaga qarshi kechgandi. Keyingi bosqich masalasini hal qilgan ushbu o‘yinda kolumbiyaliklarning qo‘li baland kelgandi. Demak o‘ch olish imkoni tug‘ildi.

Ikkinchi o‘yin Qozonda Senegalga qarshi (24 iyun) bo‘lib o‘tsa, so‘nggi tur 28 iyunda Volgogradda kechadi. O‘sha kuni Yaponiya Polsha terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. 

Qahramon ASLANOV tayyorladi

Mavzuga oid