Jahon | 14:39 / 21.04.2018
9759
2 daqiqa o‘qiladi

Serj Sargsyan namoyishchilarga chaqiriq bilan chiqdi

Foto: RIA «Novosti»

Armaniston yangi bosh vaziri Serj Sargsyan o‘zining tayinlanishiga qarshi bo‘lgan norozilik namoyishlari yetakchisi Nikol Pashinyanni muloqotga chaqirdi. Bu haqda bosh vazir saytida xabar berilgan.

«Ro‘y berayotgan ichki siyosiy jarayonlardan chuqur tashvishdaman. Men ortga qaytarib bo‘lmaydigan yo‘qotishlardan qochish uchun Milliy yig‘ilish (parlament) deputati Nikol Pashinyanni siyosiy muloqot va muzokaralar stoliga o‘tirishga chaqiraman. Buni darhol amalga oshirish lozim», - deyiladi xabarda.

Shuningdek uning ta'kidlashicha, hukumat fuqarolarning tinch aksiyalarga bo‘lgan huquqini har doim hurmat qilgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi, biroq ro‘y berayotgan jarayonlar taxmin qilib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armaniston politsiyasi Yerevan markazida 106 namoyishchini qo‘lga olgani xabar berilgandi

Yerevan va Armanistonning boshqa shaharlarida ommaviy mitinglar dushanba kuni, mamlakat sobiq prezidenti Serj Sargsyanning nomzodi bosh vazir lavozimiga ilgari surilgani tufayli boshlandi. Muxolifat bunga qarshi chiqdi. Politsiya o‘nlab namoyishchilarni qo‘lga oldi, ularning aksariyati keyinchalik qo‘yib yuborildi. Seshanba kuni Armaniston parlamenti Sargsyanni bosh vazir etib sayladi.

“Fuqarolik shartnomasi” muxolif partiya yetakchisi, parlament deputati Nikol Pashinyan Armanistonda “baxmal inqilobi” boshlangani haqida ma'lum qildi. Uning maqsadi – mamlakatda hokimiyatni o‘zgartirish. Pashinyan o‘zining barcha tarafdorlarini bo‘yin egmaslik bo‘yicha tinch aksiyalarni o‘tkazishga chaqirdi.

 

Mavzuga oid