Jamiyat | 18:26 / 23.04.2018
24742
3 daqiqa o‘qiladi

Bobomurod Abdullayev ishi: sudya boshqa ekspertiza o‘tkazilishini ma'lum qildi

Foto: Facebook/Bobomurod Abdulla

Jurnalist Bobomurod Abdullayev va uning sheriklari sifatida gumonlanayotgan sudlanuvchilarga nisbatan olib borilayotgan sud ishida advokat Mayorovning navbatdagi iltimosi ham qanoatlantirildi. Bu haqda sud majlisida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, sudlanuvchi Abdullayevni himoya qilayotgan advokat Mayorov tergov-surishtiruv davrida tayyorlangan sud ekspertiza xulosasini qayta tayyorlash bo‘yicha sudga iltimosnoma taqdim etgandi.

Sudlanuvchi Abdullayevning fikricha, sud ishini ko‘rib chiqishda yuritilayotgan hujjatlar jildidagi maqolalar mazmunan o‘zgartirilgan, ularning barchasi «Usmon Haqnazarov» taxallusi ostida maqolalarni yozgan Bobomurod Abdullayev qalamiga mansub emas. Shu tufayli sud ekspertizasini qayta tayinlash o‘ta muhim vazifa sanaladi.

Ma'lumot uchun, sudya Zafar Nurmatov sud ekspertizasini qayta tayinlashni qanoatlantirib, mualliflikni aniqlash, siyosiy mohiyatini tahlil qilish va lingvistik tekshiruv o‘tkazilishi uchun mutaxassislar, jumladan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti xodimlari ham jalb etilishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan sud majlisida davlat ayblovchisi B.Qobilov sud ishi jildidagi hujjatlarga tikilgan maqolalarga o‘zgartirish kiritilmaganini namoyishkorona isbotlab, «O‘zbekiston xalq harakati» saytida e'lon qilingan maqolalar biroz muddatdan so‘ng tahrir qilinganini aytgandi. Ya'ni jildga tikilgan maqola nusxasi saytda e'lon qilingan maqoladan farqlanayotgandi. Axborot xavfsizligi sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassis J.Qalandarov ushbu vaziyatga oydinlik kiritib, saytdagi maqolaning asl holatini tiklashga muvaffaq bo‘ldi. 

Sudlanuvchi Bobomurod Abdullayev esa bu turdagi o‘zgarishlarga uning aloqasi yo‘qligi, yetti oydan buyon hibsda saqlanayotganini ma'lum qilgandi. Shunga qaramay, Bobomurod Abdullayev saytlarda «Usmon Haqnazarov» taxallusi bilan e'lon qilingan barcha maqolalar unga tegishli emasligini qayta-qayta takrorlamoqda.

Endilikda barchasi sud ekspertizasi yakuniga yetgach ma'lum bo‘ladi. Keyingi sud majlisi 2018 yil 25 aprel kuni davom ettiriladi.

Mavzuga oid