Jahon | 07:00 / 23.04.2018
30161
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: Yerevanda MDH tarixidagi eng katta miting

Foto: Twitter

22 aprel oqshomida Armaniston poytaxtida o‘n minglab kishilar mitingga chiqib, shahar markazidagi Respublika maydoniga to‘plandi. Ular mamlakatning sobiq prezidenti, endilikda bosh vazir bo‘lib olgan Serj Sargsyanning iste'fosini talab qilishmoqda.

Qayd etilishicha, muxolifat tarafdorlari 21 aprel kuni qo‘lga olingan yetakchilari Armen Grigoryan, David Sanasaryan, 22 yanvar kuni politsiya tomonidan olib ketilgan deputatlar Nikol Pashinyan, Sasun Mikayelyan va Ararat Mirzoyan ozod qilinishidan keyin yanada katta kuch bilan namoyishlarni davom ettirishga qaror qilishgan. Yerevandagi namoyishlar nafaqat mamlakatning boshqa shaharlari, xorijdagi arman diasporalari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Endilikda namoyishchilarga Pashinyanning partiyadoshi, «Grajdanskiy dogovor» partiyasi a'zosi Alen Simonyan rahbarlik qilmoqda.

Yerevanda so‘nggi ikki haftadan beri Serj Sargsyanning bosh vazir etib tayinlanishiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda — Sargsyan so‘nggi 10 yil davomida mamlakatga prezidentlik qilgan. Sargsyanning prezidentlik davrida Armaniston prezidentlik respublikasi edi, biroq u referendum orqali Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritdi va endi parlamentar respublikaga aylangan Armanistonga yana rahbarlik qila boshladi.

Endi namoyishchilar 17 aprel kuni bosh vazir lavozimiga tasdiqlangan Sargsyanning iste'foga chiqarilishini talab qilmoqda. Shu kuni parlamentdagi «Yelk» fraksiyasi deputati Nikol Pashinyan «Baxmal inqilobi» boshlangani haqida e'lon qildi.

Namoyishchilar Yerevandagi ko‘chalarni yopib qo‘ymoqda. 21 aprel kuni namoyishlarning koordinatorlaridan biri Armen Grigoryanga ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqarish ayblovi ilgari surilgandi.

22 aprel kuni Serj Sargsyan namoyishchilar rahbari Nikol Pashinyan bilan uchrashuvga keldi, ammo muloqot muzokara bosqichiga yetib bormasidan sobiq prezident uchrashuv maydonini tark etdi. Shundan so‘ng maxsus xizmatlar namoyishchilarni tarqatib yubora boshladi.

Fotoreportaj: Politsiya Yerevandagi namoyishchilarni tumtaraqay qilmoqda

Shu kuni kechqurun esa ko‘chalarga yuz mingga yaqin kishi chiqdi, bu MDH tarixidagi eng yirik mitingga aylandi.

Foto: Asatur Yesayants / Sputnik / RIA Novosti

Mavzuga oid