Sport | 21:15 / 24.04.2018
13518
8 daqiqa o‘qiladi

Fir'avn imperiyaga qarshi. YeChL yarim finalining birinchi o‘yini arafasida

Chempionlar ligasida bugun va ertaga yarim finalning birinchi uchrashuvlari o‘tkaziladi. «Tribuna» uchrashuvlar anonsini taqdim etadi.

«Liverpul» - «Roma»: Saloh nomli o‘yin

Bu mavsum misrlik futbol yulduziga atalmoqda. Hozirda Saloh - shunchaki futbolchi emas. Yaqindagina Saloh ishtirokida narkotikka qarshi ijtimoiy reklama ishlandi. Asosiy rolni «Liverpul» hujumchisi ijro etgan. Saloh misrliklar uchun idealga aylanmoqda. Rolik oxirida u shunday deydi: «Sen narkotiklardan kuchlisan». Bir necha kun o‘tib, Misr Ijtimoiy ta'minot vaziri Gada Valiotmetila giyohvandlikdan tuzalishni istab qilinayotgan qo‘ng‘iroqlar soni 400 foizga ko‘tarilganini ma'lum qildi.

Misrda Saloh - fir'avnga aylangan. O‘tgan mavsumda u imperatorga yordam berardi. O‘shanda misrlik futbolchi «Roma»da Franchesko Totti bilan o‘ynardi. U o‘tgan mavsumda Italiya chempionatining 31 o‘yinida 15 gol urdi. O‘tgan mavsumda ham u o‘zini namoyon qilgandi, ammo ko‘pchilik u keyingi mavsumda Angliya chempionatini ag‘dar-to‘ntar qilishini taxmin qila olmasdi. U o‘tgan haftada «Liverpul» safida 31-golini urdi va Angliya chempionatida bir mavsumda ko‘p gol urish bo‘yicha rekordni takrorladi, ko‘p o‘tmasdan mavsumning eng yaxshi futbolchisi uchun atalgan sovrinni qabul qilib oldi.

Taqdirlash marosimi yakunlanishi bilan Yurgen Kloppdan u videotabrik oldi: «Kubokni tashla va Liverpulga qayt. Seshanba kuni o‘yin bor».

«Roma» - yarim finalda yaqqol autsayder, ammo o‘tgan bosqichda ham hamma shunday deb o‘ylagandi. Rimliklar esa yengilmas «Barselona»ni yirik hisobda yengib, turnirdan chiqarib yubordi. Shu tufayli «Liverpul»ni halitdan finalga olib chiqish o‘rinsiz. Rimliklar jamoasi raqiblarga hurmat bilan munosabat bildirmoqda: «Real» va «Bavariya» juda kuchlidir, «Liverpul»dagilar esa xuddi biz kabi haqiqiy jangchilardir», dedi Nayngolan.

Bu klubni yarim finalda kutmaganlar ko‘nishga majbur. «Liverpul»ning bu mavsumdagi hujumkorligiga har qanday klub havas qiladi, «Roma» gladiatorcha xarakter ko‘rsatmoqda. Avvaliga «bo‘rilar» «Shaxtyor»ga qarshi birinchi mag‘lubiyatli o‘yindan chiqib ketishdi, keyin «Barselona»ga qarshi qarama-qarshilikda qahramonlik ko‘rsatildi. Hamma Saloh va Messi to‘qnashuvini kutgandi – ammo buni yana kutishga to‘g‘ri keladi.

Kim nima dedi?
Yurgen Klopp, «Liverpul» bosh murabbiyi: «Ular Salohni yaxshi bilishadi, lekin u endi ularning jamoadoshi emas. Ko‘ramiz, bu qanday bo‘larkin.

Ikki jamoada ham finalga chiqish uchun imkoniyat bor, eng muhimi imkoniyat borligi. Shuni maqsad qilib, unga intilish kerak. «Roma» uchun yarim final – xuddi biz uchun bo‘lgani kabi alohida natija. Bu hammaga ham nasib qilmaydigan lahzalar. Agar bu lahzalardan lazzatlana olmasangiz, sizda nimadir joyida emas». (UYeFA rasmiy sayti)

Eusebio di Franchesko, «Roma» bosh murabbiyi: «Saloh – ajoyib yigit, buyuk professional va katta mehnatkash. «Roma» futbolchilari u haqida menga ko‘p narsa aytib berishgan.

Uning kuchli jihatlari barchaga ayon. Men o‘z futbolchilarimni Salohga qarshi o‘ynatishga u A Seriyadaligidayoq o‘rgatganman. Bizning futbolchilardan ko‘pchiligi uni juda yaxshi bilishi bizga ustunlik keltirishi mumkin». (The Guardian)

«Liverpul» - «Roma» uchrashuvi Toshkent vaqti bilan soat 23:45da boshlanadi, uchrashuvni Match TV orqali tomosha qilish mumkin.

«Real» - «Bavariya»: Inqirozdagi grandlar

Ikki klub ham o‘nlab yillar davomida barqarorlikni saqlab tura oladigan grand jamoalardir. Germaniyaning abadiy chempioni va Yevropada ko‘p martalab eng yaxshi jamoa. «Real» ham, «Bavariya» ham har qanday raqib uchun qo‘rqinchli ko‘rinishda bo‘lib kelgan, ammo bu mavsumda ikki grandning ham o‘yinida pasayish kuzatilmoqda. Myunxenliklar bundesligani yaxshi boshlay olishmadi, Parijda YeChL guruh bosqichi o‘yinida javobsiz 3ta gol qabul qilishdi, Karlo Anchelotti ishdan haydaldi. «Qirollik klubi» esa yanayam ko‘proq vaqt bir joyda depsinib turdi va Chempionlar ligasi guruh bosqichini ikkinchi o‘rinda yakunladi, jamoa «Tottenhem»dan ortda qoldi, o‘z uyida o‘tgan klasikoda yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi.

Zinedin Zidan mavsum davomida o‘zining «Real»dagi o‘rnini yo‘qotishiga bir baxya qoldi, Anchelotti o‘rniga tayinlangan Yupp Haynkesdan mo‘'jiza kutilmadi. Ammo madridliklar «PSJ» va «Yuventus» to‘siqlaridan o‘tdi, «Bavariya» esa ayni vaqtda trebl qilishi mumkin bo‘lgan yagona jamoa bo‘lib turibdi. Bu nimaning evaziga bo‘ldi. Shunchaki, haqiqiy superklublar inqiroz davrida ham yuqorida qola oladi. «Odamlar «Real»ga hasad bilan qarashadi, chunki «Real» qatorasiga 8 mavsum Chempionlar ligasi yarim finaliga chiqdi», deya o‘yindan oldin fikrlarini bildirib o‘tgan Lukas Vaskes. Yo‘qsachi? Shuningdek, Krishtianu Ronalduning o‘zigagina ham hasad qilish mumkin, u Chempionlar ligasining joriy mavsumdagi o‘yinlarining barchasida gol urdi.

«Bavariya»ning asosiy yulduzi Chempionlar ligasining joriy mavsumida barcha o‘yinlarda gol urmayapti, ammo Levandovskida «Real»ning nishonida qolish uchun imkoniyat bor. Yarim final uchrashuvlari arafasida  jurnalisti Giyom Balage aytdiki, Levandovski Madridga kelishni istaydi. Uning aytishicha, ushbu polshalik futbolchi jamoadoshlariga «Real» uni Benzema yoki Beyl o‘rniga olmoqchiligini aytgan. Bu xabar «Qirollik klubi»ga qarshi o‘yinlar arafasida tarqaldi, 5 yil muqaddam «Borussiya» safida Levandovski «Real»ga 4 gol urgandi va «Bavariya»ga o‘tgandi. Tarix takrorlanadimi?

«Bavariya» - «Real» bahsiga Toshkent vaqti bilan 25 aprel kuni, soat 23:45da start beriladi.

Yarim finalning javob uchrashuvlari 1 va 2 may kunlariga belgilangan.

Mavzuga oid