Jamiyat | 16:21 / 27.04.2018
15011
2 daqiqa o‘qiladi

“Neksiya” bamperi ichki qismiga yashirilgan mislar aniqlandi

Respublika bojxonachilari tomonidan tarkibida rangli metallar bo‘lgan uskunalar, parchalar va chiqindilarni qabul qiladigan noqonuniy punktlar faoliyat ko‘rsatishi, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning ularni to‘plash, tayyorlash, saqlash, foydalanish hamda topshirish hamda ularni mamlakat tashqarisiga noqonuniy olib chiqib ketishga qaratilgan harakatlarning oldini olish borasida qator chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Jumladan, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Sirdaryo chegara bojxona postining Oqoltin chegara o‘tkazish punktida qo‘shni davlatga chiqish oldidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi X.I. boshqaruvidagi “Neksiya” yengil avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida navbatdagi bojxona qoidabuzarligi fosh bo‘ldi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto:  Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Bojxonachilarning ko‘zini chalg‘itishga urinib, ushbu shaxs avtomashina orqa bamperining ichki qismida oldindan maxsus tayyorlangan va kuzovga mahkamlangan xufiyona “bo‘shliqlar”ga 148 kg og‘irlikdagi mis rangli metall parchalarini yashirgancha, olib chiqmoqchi bo‘lganligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 oktabrdagi “Rangli metall parchalari va chiqindilarini to‘plash, topshirish xamda qayta ishlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 849-son qaroriga asosan, Davlat bojxona qo‘mitasiga ham ishlab chiqarish-texnik, maishiy va boshqa buyumlar parchalari hamda rangli metall chiqindilarining respublika tashqarisiga noqonuniy olib chiqilishining oldini olish bo‘yicha doimiy ravishda tezkor tadbirlar o‘tkazish yuklatilgan.

Mavzuga oid