O‘zbekiston va Qozog‘iston 4 ta chegara postida yuk avtomobillari harakatini yo‘lga qo‘ymoqchi
Bu «Yallama», «Najimov» va «Sirdaryo» chegara bojxona postlari hamda unga tutash Qozog‘istonning chegara bojxona postlaridagi yuklama va tirbandliklar sezilarli ravishda qisqarishiga xizmat qiladi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi
O‘zbekiston va Qozog‘iston to‘rtta chegara posti orqali yuk avtomobillari harakatini yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov Qozog‘iston moliya vazirligining davlat daromadlari qo‘mitasi raisi Jandos Duysembiyev bilan chegara bojxona postlarida yukli avtotransport vositalari navbatlarini boshqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun soddalashtirilgan tartiblarni nazarda tutuvchi «yashil yo‘lak» rejimini joriy qilish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Tomonlar, shuningdek, iyun oyidan O‘zbekistondagi chegara-bojxona postlarida bosqichma- bosqich joriy qilinadigan «Elektron navbat» tizimiga to‘xtalib o‘tgan. Tizim birinchi marta Qozog‘iston bilan chegarada joylashgan «Navoiy» bojxona postida joriy qilinadi.
Shuningdek, ikkala davlat o‘rtasidagi «Oq oltin»—«Selinny» hamda «Malik»—«Sirdaryo» chegara bojxona postlari orqali bo‘sh yuk avtotransport vositalari va yirik gabaritli bo‘lmagan yuklar harakatini yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.
Ta’kidlanishicha, bu O‘zbekistonning «Yallama», «Najimov» va «Sirdaryo» chegara bojxona postlari va unga tutash Qozog‘istonning chegara bojxona postlaridagi yuklama va tirbandliklar sezilarli ravishda qisqarishiga olib keladi.
Bundan tashqari, tomonlar o‘zaro hamkorlikning yangi rejasini ko‘rib chiqqan. Rejada o‘tkazish punktlarini qayta qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini jadallik bilan davom ettirish nazarda tutilgan. Jumladan, «G‘ishtko‘prik» va «Dovud ota» chegara bojxona postlaridagi qurilish jarayonlarini yakunlash bilan bir qatorda «Sirdaryo» chegara bojxona postini qayta qurish nazarda tutilgan.
Shuningdek, o‘zaro savdoga doir bojxona statistikasi bo‘yicha hamkorlikni takomillashtirish, bunda turli nomuvofiqliklarning to‘liq oldini olish zarurligi qayd etilgan.
«Tomonlar bojxona laboratoriyalari o‘rtasida va kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutuvchi kelishuvlarni ko‘rib chiqishdi. Uchrashuv yakunida ikkala davlat bojxona xizmatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikka yangicha ruh baxsh etuvchi 3 ta hujjat imzolandi», — deyiladi xabarda.
Mavzuga oid

20:41 / 23.05.2025
FXX Qozog‘iston fuqarolarining Rossiyaga kirishini taqiqlay boshladi

08:50 / 22.05.2025
Qozog‘istonda ota-ona qaramog‘isiz qolgan bola O‘zbekistonga qaytarildi

22:43 / 20.05.2025
DXX Qozog‘istondan olib kirilgan 1 mln dollarlik sintetik giyohvandlik vositalarini aniqladi

18:15 / 20.05.2025