O‘zbekiston | 23:34 / 30.04.2018
49382
3 daqiqa o‘qiladi

Beeline 27 milliard so‘mlik jarimaga tortildi

Foto: Beeline

26 aprel kuni Ravshan Rashidov boshchiligidagi Toshkent shahar xo‘jalik sudi kollegiyasi Unitel (Beeline) kompaniyasining apellyatsion shikoyatini rad etdi. Sudning birinchi instansiyasidagi Unitel'dan 26 mlrd 939 mln 774 ming 632 so‘m miqdoridagi jarima undirishga doir qarori kuchda qoldirildi.

Bu Vazirlar Mahkamasining 2000 yilning 14 avgustida qabul qilingan va joriy yilning 1 iyunida o‘z kuchini yo‘qotadigan 318-sonli qaroriga asosan ko‘p milliardli iqtisodiy sanksiyalar qo‘llangan ikkinchi holatdir. 2017 yilning oxirida Coscom (Ucell) mobil operatori 17 milliard so‘mlik jarimaga tortilgan edi.

Ikki kompaniya jarimalari radioaloqa normativlariga rioya qilinmaganlik uchun belgilangan. Ta'kidlanishicha, ular uyali aloqa operatorlari bo‘la turib, radioaloqa xizmatlarini ko‘rsatishmagan. Beeline'da qayd etilishicha, bu normativ provayderlarga nisbatan doim qo‘llangan.

Sud qarori o‘qib eshittirilganidan keyin Unitel vakili shunday dedi: "2016 yilda bizning kompaniyamiz mobil uyali aloqa xizmatlarini taqdim etish litsenziyasini 2031 yilgacha uzaytirdi. Biroq hozir bizni xizmat ko‘rsatish doiramizga kirmaydigan radioaloqa mezonlari bo‘yicha javob berishga majbur qilishmoqda. Boz ustiga, mazkur hisobot shakli kiritilgan regulyator buyrug‘i hatto Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, bu esa o‘z-o‘zidan mazkur hujjat asosida moliyaviy sanksiyalarning qo‘llanilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Biz buni inspeksiya tomonidan qonunchilikni erkin talqin qilish va o‘z reglamentlarini qo‘pol ravishda buzish hisoblaymiz".

Xalqaro elektr aloqa ittifoqi (BMT tuzilmasi) Unitel pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligiga shu mazmundagi rasmiy xat yo‘lladi. 

Beeline matbuot xizmatidan "Gazeta.uz"ga xabar berilishicha, mazkur qaror ustidan Oliy sudga shikoyat qilish, shuningdek xalqaro instansiyalarga murojaat qilinishi ehtimoldan xoli emas.

Kompaniyada ma'lum qilinishicha, o‘tgan yil oxiridan boshlab Beeline'ning tashqi internet-kanali 10 Gbit/s'dan 25  Gbit/s'gacha kengaytirilgan. So‘nggi yillarda shuningdek 1200 dan ziyod yangi bazaviy stansiyalar ishga tushirilgan.

"Beeline shiddat bilan rivojlanayotgan bir vaqtda regulyator tomonidan qo‘llab-quvvatlanish o‘rniga sud da'vo arizalarini olmoqda. Shubhasiz, bunday bahsli ayblovlar bo‘yicha byudjyetdan bu qadar yirik summalarni olish kamida investorlar kapitali o‘sishiga to‘sqinlik qiladi", - deya izoh berildi Beeline kompaniyasida.

Mavzuga oid