Namangan viloyatida yangi maktabgacha ta'lim muassasalari foydalanishga topshirildi
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on, Chust tumanlari va Namangan shahrida yangi maktabgacha ta'lim muassasalari qurib, foydalanishga topshirildi. Bu haqda Maktabgacha ta'lim vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 10-sonli davlat maktabgacha ta'lim muassasasi 120 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hududdagi ota-onalar talab va istaklaridan kelib chiqib, muassasada 6 kunlik ish kuni joriy etildi. Bog‘chada 5ta guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilib 14 nafar pedagog xodimlar tarbiyalanuvchilarga ta'lim-tarbiya berishadi.
E'tiborli jihati shundaki, mazkur bog‘chaning xonalari milliy, madaniy, tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob o‘qishga qiziqishni uyg‘otuvchi o‘quv-metodik, didaktik o‘yinlar va o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan jihozlangan. Shuningdek, mazkur muassasa tarbiyalanuvchilari uchun 25ta o‘yinchoq kompyuterlari to‘plami olib kelinib, 8 ta kuzatuv kameralar o‘rnatildi.
Muassasaning birinchi qavatida, hamshira xonasi, oshxona hamda tarbiyalanuvchilar uchun yopiq suzish havzasi ham mavjud. Bog‘chaning tashqi tomonida esa bolalar uchun o‘yin va sport maydonchalari, ertaklar shaharchasi hamda yozgi ayvonchalar zamon talabi darajasida qurib bitkazildi.
Viloyat markazidan 30 km. olisda joylashgan Chust tumanidagi “Guliston” MFY hududida esa “Wonderkids` school” nomli nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi tashkil etilganligi qishloq aholisini quvontirib yubordi.
Mazkur maktabgacha ta'lim muassasasi 100 nafar bolani o‘z bag‘riga qabul qilib, 6 nafar oliy ma'lumotli pedagoglar ingliz va rus tilida ta'lim-tarbiya berishadi. Bu yerda ham ota-onalar talablari inobatga olinib, 10,5 soatli guruhlar tashkil etildi.
Bino 3 qavatdan iborat bo‘lib, uning hovlisida 5ta yozgi ayvoncha, yozgi basseyn hamda zamonaviy o‘yin maydonchalari mavjud.
“Shirintoy gulg‘unchalar” nomli nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi 100 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, muassasada 21ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ota-ona talablaridan kelib chiqib, mazkur bog‘chada 12 soatli guruhlar tashkil etilib, mashg‘ulotlar o‘zbek, ingliz va rus tillarida olib boriladi.
Muassasa 22ta zamonaviy kuzatuv kameralari bilan jihozlanib, tarbiyalanuvchilarning ota-onalari internet orqali jarayonni nazorat qilish imkoniyatiga ega. Yangi musiqa xonasi, hamshira xonasi, umumiy ovqatlanish xonasi va boshqa xonalar zamon talablariga moslashtirilgan.
Ta'kidlanishi lozim bo‘lgan yana bir jihat shundaki, binoning tom qismida tarbiyalanuvchilar uchun xavfsizlik choralari ko‘rilib, o‘yin maydonchasi va yozgi ayvonchalar tashkil etilgan. Hozirda mazkur bog‘chaga 70 nafar bolalar qabul qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga rejalashtirilayotgan tashrifi doirasida ushbu maktabgacha ta'lim muassasalarining birida ham bo‘lishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
09:30 / 07.11.2024
Namanganda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi
11:35 / 06.11.2024
18 yoshli xavfli retsidivist: Namanganda mashina olib qochgan o‘smir ozodlikdan mahrum qilindi
17:26 / 04.11.2024
Namanganda aholiga yetkazib berilishi kerak bo‘lgan 13 tonna ko‘mir talon-toroj qilindi
21:36 / 03.11.2024