Jamiyat | 14:45 / 03.05.2018
126246
17 daqiqa o‘qiladi

IIVga haydovchilardan murojaat: «Bizni «17-post» balosidan qutqaring!»

Uzr so‘rayman, mazkur maqolam biroz cho‘zildi. Lekin tahririyatimizga Sirdaryo viloyati IIB YHXB ga qarashli «17-post» va «Chinoz» deb ataluvchi YPX maskanlaridan yozg‘irib shikoyat yo‘llagan ko‘plab haydovchilarning arzi ushbularni bitishga majbur qildi.

Ijozatingiz bilan Kun.uz ga kelgan shikoyatlardan biriga ko‘z yugurtiramiz:

«Assalomu alaykum. Men taksichiman. «GAI»lar haqida arzim bor edi. Bizni qiynayotgan ushbu muammoni tepagacha ko‘tarib chiqishda yordamingiz kerak. Prezidentimiz chiqargan qarorga qarshi radarlarni yashirib qo‘yish hali ham to‘xtagani yo‘q. Masalan, Toshkentdan Samarqandga ketaverishda Sirdaryo yo‘lida «17-post»ga boraverishda 10 km oldin fuqarolarga tegishli mashinalarga radar joylashtirib,o‘zlari «17-post»da kutib oladi. Qo‘lida qog‘oz varaqchada mashinalarning raqami yozilgan. Yoki bo‘lmasam, Sirdaryodan Toshkentga qarab yo‘nalishda Baxt shaharchasida fuqarolarga tegishli mashinaga radar joylashtirib,o‘zlari «Chinoz» postida kutib olishadi. Ularda ham raqamlar ham qog‘oz varaqqa yozilgan. Mana shu muammoni ko‘tara olasizlarmi?!O‘zim to‘xtab qarab o‘tganman:fuqarolik mashinasi ichida bir yosh bola mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirib olib, orqa oynani teshik pardasidan radar tezlikni rasmga tushirib, postga internet orqali jo‘natadi. Ular noutbukda haydovchilarga o‘sha rasmni ko‘rsatib, rosa qiynashayapti».

Mavzuga oid yana biri: «Kun.uz, sizga savol:Prezidentimizning qarorlariga amal qilmasdan panada radar qo‘yib o‘tirgan YPX xodimlarini nimaga ko‘rsatmaysizlar? Qani,qonun ustuvorligi?! Yoki qo‘rqasizlarmi?!»

Shunga o‘xshash yana boshqa ma'lumotlar yetib kelgach, xizmat safari bilan Toshkentga so‘nggi uch borishimda Sirdaryo viloyatidan o‘tgan yo‘llarni kuzatib, fotoradarlar joylashtirilgan mashinalarni aniqlay olmadim. Lekin ularning borligi aniq edi. Chunki har ikki postda telefoniga qarab avtomashinalarni to‘xtatayotgan YPX xodimlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan edim.

1 may kuni mening ham «lotereyamga o‘yin chiqdi». «17-post»da meni telefonga qarab to‘xtatishdi. O‘zini tanishtirishni ham ep ko‘rmagan leytenant unvonidagi YPX xodimi hujjatlarni taqdim etganimdan so‘ng to‘xtatilganim sababini so‘raganimda u qo‘lidagi telefoniga qarab, «tezlik 70 belgilangan joyda 85 km/soat bilan kelyapsiz», dedi.

Men avvalo fotosuratni so‘radim. Postdagi xonachada noutbukdan 10 tacha mashinani varaqlab, mashinamning suratini ko‘rsatishdi.

«Radar qayerga o‘rnatilgan?» deb savol berdim. (Chunki aholi yashash punktlarida tezlikni hech qachon 70 km/soatdan oshirmayman, ko‘chada ko‘p yuraman va bu menda odat darajasiga ko‘tarilgan. Boz ustiga, 1 may kuni bu hududda jala quyib yotgan edi, bunaqa ob-havoda aholi punktida umuman tezlikni pasaytiraman).

YPX xodimi mashinam bilan birga fotosuratda tushib qolgan — yo‘l o‘rtasidagi beton to‘siq ustida turgan militsonerning kartondan yasalgan shakliga e'tibor qilishimni so‘radi: «Bu belgi qayerda qo‘yilishini bilasizmi?» deb so‘radi.

«Bu tashviqot belgisi va uning qayerda qo‘yilishini bilmayman, bilishni ham istamayman. Chunki bu ko‘chma karton shakl tezlikni cheklash kerak ekanligini bildirmaydi. Marhamat, men bilan birga yurib, fotoradar aynan qayerda, qay yo‘sinda o‘rnatilganini ko‘rsating, buni bilishga haqqim bor», dedim.

Xullas, tortisha-tortisha meni to‘xtatgan YPX xodimi fotoradar turgan hududga meni olib borishni rad etdi va hujjatlarimni qaytarib berdi va ogohlantirib qo‘yishni ham unutmadi: «Rasmi orqangizdan boradi!»

Uning ism-familiyasini va ko‘krak nishoni raqamini ataylab oshkor etmayman, chunki muammo Sirdaryo viloyatida sistematik tus olgan va aynan shu YPX xodimi «javobgar echki» rolida bo‘lishini istamayman. (Lekin alohida ta'kidlab o‘tishim kerakki, fotoradar tushirgan surat Samarqand shahriga kelgan kuniyoq uni sud orqali bekor qildirishga harakat qilaman va boshqalarga ham o‘rnak bo‘lishi uchun bu jarayon qanday borishini matbuotda yoritaman. Guvohlarim bor — fotoradar aynan aholi punktida o‘rnatilganini YPX xodimi isbot qilib berolmadi).

Keling, Sirdaryo viloyatida YPX postlari o‘zi qanday ishlashi haqida biroz mushohada qilaylik.

Xabaringiz bor, Prezidentimiz qattiq tanqid ostiga olib o‘tganidan so‘ng barcha viloyatlarda YPX maskanlari soni keskin qisqartirildi. Ayrim viloyatlarda hattoki butun viloyatda bittagina qoldi. Ayniqsa viloyatdan-viloyatga o‘tishda postlar ketma-ketligi bittagacha tushirildi. Biroq bu topshiriq va tashabbus Sirdaryo viloyatiga taalluqli emas, shekilli. Xalq o‘rtasida «Yetim post» nomi bilan mashhur, Toshkentga boraverishda «17-post»dan so‘ng 14,5 km.dan keyin joylashgan kichikroq postcha olib tashlandi, xolos.

Kichikroq postcha!.. U «Yetim post» degan, xalq tomonidan qo‘yilgan nom bilan mashhur, naq va naqd korrupsiyaning «uyasi» edi. Ochig‘i, YPX xodimlari bu yerda asosan radarga tushgan haydovchilarni «shilish» bilan kun ko‘rishardi. Buni istalgan haydovchidan so‘rashingiz mumkin. Radarlar postning har ikki tarafiga o‘rnatilgan edi. Ulardan biri (Toshkentga boraverishda) post oldidagi qishloq bekatidagi do‘kon oldiga taxlab tashlangan salqin ichimliklar ichiga o‘rnatilgan edi. Yoki yo‘ldan pastroqqa oq tusli VAZ-2107 davlat raqami 20X532CA avtomashinasi ichiga radar o‘rnatib kun ko‘rishar edi. (Bu vaziyat bilan shaxsan tanish odam menga o‘sha mashinaning fotosuratini tashlab berdi):

Xullas, «Yetim post» — «Haqiqatdan ham tez keldim, radarga tushdim, marhamat qilib bayonnoma rasmiylashtiring, roziman», desangiz ham pul ta'ma qilinadigan post edi.

Lekin bizga kelib tushgan ma'lumotlarga ko‘ra,Samarqandga qaytishda Sardoba qo‘rg‘onida, Toshkentga borishda Baxt shaharchasida sinalgan usul hali ham amalda shekilli.

O‘zingiz o‘ylang, radar u yoqda turibdi, postga surat uzatilyapti. Mening yoki boshqalarning mashinasini oddiy fotoapparatda suratga tushirib olib, «Fotoshop»da kerakli tezlik raqamlari qo‘yilib, postda turgan inspektorga uzatish va shu yo‘l bilan pul ta'ma qilish mumkinmi?! Albatta mumkin! Hozir texnika rivojlangan. «Fotoshop»da kerakli shablon yasab olinadi, rasmlar tashlab turiladi — vualya! Mashinani to‘xtatgan inspektor esa birinchi talabga ko‘ra bunday emasligini isbotlab berishi kerak. Radarni, uning markasini va texnik ko‘rikdan o‘tkazilgani, soz ekanligi xususidagi hujjatlarni ko‘rsatishi lozim. Qolaversa, jurnalist talabiga ko‘ra, harakatlari qonuniy ekanligini isbotlab berib, ana undan keyin risoladagidek jarimaga tortishi kerak.

Xo‘sh, unda mendan nimani yashirishdi?! (Jurnalist ekanligim, tahririyatda bu xatti-harakatlar ustidan shikoyatlar borligi,xohlasa ularni Telegramdan ko‘rsatishim va eng asosiysi —  albatta maqola yozilishini aytib o‘tdim — bir tuki qilt etmadi).

Samarqandga ketaverishda «17-post»dan 21 km.dan so‘ng Jizzax viloyatiga tegishli «Manas» YPX maskani joylashgan. (Jizzax viloyati dekabr oyida «G‘allaorol»postini olib tashlagan). M-39 trassasida Jizzaxda bittagina post qoldi. Toshkent viloyatiga kiraverishdagi Sirdaryo viloyatiga tegishli post, mayli, qaysidir maqsadlarda kerakdir. 21 km joyda ketma-ket ikkita post nega kerakligini ichki ishlar vazirligidan kimdir tushuntirib bera oladimi? 600 ming aholi yashaydigan viloyat uchun?

Faqat iltimos, chegara, xavfsizlik kabi siyqasi chiqqan so‘zlar bo‘lmasin. Avvalo, bor-yo‘g‘i 4 ta aholi punktidan o‘tiladi Sirdaryo viloyati hududidan. Ikkinchidan, siz keltirgan vaj-u korsonlarni istalgan boshqa viloyatga nisbatan qo‘llash mumkin — lekin ular Prezident xitobiga «labbay» deb javob berib, o‘ylanmasdan olib tashlashdi-ku?!

Qolaversa, to‘g‘riga o‘tilsa — Qozog‘iston, u yerda chegara nazorat posti bor-ku?! Sizlarga ham dovrug‘i yetti olamga doston «Yetim post» va u yerdagi olchoqlar  «gur-r» etib, «17-post»ga ko‘chgandek ko‘rinmayaptimi?

Yana bir jihat: «radar joylashtirishda fuqarolarning mashinasidan foydalanilmoqda, mashina ichida YPX xodimi emas, yosh bola o‘tirib rasmlarni uzatayapti», deyishmoqda. Albatta, meni kecha o‘sha radar joylashtirilgan joyga olib borishganida bunga ham aniqlik kiritardim. Olib borishdan bosh tortishganidan ayonki, vaziyat chindan ham shunday.

Xo‘sh, savol tug‘iladi: bir insonni har kuni ishdan qoldirib, mashinasini safarbar qilib, radar joylashtirish va uning ishiga haq to‘lash qaysi manba hisobidan amalga oshirilmoqda ekan? Yoki ular tekinga ishlab berayaptimikan, tekinga hatto mushuk ham oftobga chiqmaydigan bir zamonda? Nimaning hidi kelmoqda?

Samarqanddan Toshkentga kelishda «17-post»gacha 5,1 km masofa qolganda kanal ustidagi ko‘prikdan enishda qayrilib olish joyi bor. Ikki tomoni biydek dala bo‘lgan shu joyda ham uzzu-kun sirdaryolik YPX xodimi «navbatchilik» qiladi. Qachon o‘tsam turgan bo‘ladi. Navbatchilik qilganida ham, sirenali, maxsus mashinada emas, oddiy fuqarolik mashinasida.

E'tibor bering, qayrilib olish uchun joy o‘ta noqulay joyda joylashtirilgan. 100 km/soat tezlikda harakatlanish mumkin bo‘lgan (ayrim haydovchilar albatta, bundanda tez harakatlanadigan) joyda! Ko‘prik ustidan oshib tushishdan keyin darhol qayrilib olish joyi. Sizning tezligingiz 100 km/soat. O‘ng tomoningizdagi mashina DAN xodimini ko‘rdi, tezlikni tashladi. Siz keskin tormoz bermaslikka majbur bo‘lganingizdan yoki e'tiborsiz haydovchilar 1-qatordan qayrilib olish uchun ajratilgan hudud chizig‘ini bosib, to‘g‘riga o‘tishadi va «to‘r»ga tushishadi.

Postgacha bo‘lgan 5 km masofada boshqa qayrilib olish joyi yo‘q. Mana shu qayrilib olish nuqtasini bir necha yuz metr nariga — kengroq joyga ko‘chirish mumkinmi? Mumkin! Lekin bu yerda «tuzoq»ning «izyuminka»si yo‘qoladi-da!

Biz kecha Toshkentdan qaytayotganimizda ham buxorolik manavi «Matiz» egasi «qopqon»ga tushgan edi. YPX xodimi davlat raqami 20F740DA bo‘lgan fuqarolik shaxsiy avtomashinasida «ov» qilmoqda.

Cho‘lning o‘rtasida nisbatan qatnov kam. Shu chiziqni bosib to‘g‘riga o‘tganlarni ushlash Sirdaryo viloyatining katta yo‘ldan naridagi aholi punktlaridan birida harakat xavfsizligini ta'minlashdan ham muhimroq tadbirmikan?

Toshkentga qatnovchi taksi haydovchilari bilan ushbu radarlar haqida suhbatlashganimda, «Ular Sirdaryo viloyati avtoraqamiga ega bo‘lgan mashinalarni mutlaqo to‘xtatishmaydi. 20 avtoraqamdagilar istagan tezlikda haydashadi!Biz-ku, bularning ushbu hiylasini bilamiz, biroq mahalliy mashinalarga qiziqib, boshqa viloyatdan borgan ko‘pgina avtomashinalar osongina «to‘r»ga tushishadi», deyishdi.

Viloyatlardan birida YHXBda ishlagan, yaqinda ishdan bo‘shatilgan sobiq inspektorlardan biri esa bu holni tizimdagi mavjud total korrupsiya bilan izohladi:

«Radarning kunlik haqi bor, uni viloyat IIB YHXB dagi radar uchun mas'ullar dollarda olishadi. Olayotgan maoshlari ularning ro‘zg‘or tebratishiga yetmaydi, albatta. Boz ustiga, har bir YPX inspektoriga ma'lum miqdorda «plan» qo‘yilgan — «tepa»ga uzatib turishi kerak. Shu sababli ular M-39 ga katta yo‘lga chiqib «ov» qilishadi. Videoradar bilan ta'minlangan «Lasetti» mashinalardan «foyda» kam. Mashina tezda taniladi, «haydovchilar birdamligi» ishga tushadi va «tushum» keskin kamayadi.

Aksariyat hollarda boshqa viloyatdan kelayotgan, poytaxtdan qaytayotgan begona mashinalar shoshib turgan bo‘lishadi, ko‘p qatnovchi haydovchilar, ayniqsa taksichilar baribir yiliga kamida 2 marta haydovchilik guvohnomasini oldirgan bo‘lishadi. 50 ming evaziga haydovchilik guvohnomasi qaytarib beriladi va «o‘ylab topilgan» qoidabuzarlikka ko‘z yumiladi. Bunga viloyat darajasidagi rahbarlarning o‘zlari yo‘l ochib berishgan», dedi u nomini oshkor etmaslik sharti bilan bergan intervyusida.

YPX xodimlari videokamera bilan jihozlanishi, haydovchilar bilan huquqiy munosabatlari yozib olinishi haqida Prezident aytganiga, topshiriq berganiga ham ancha vaqt bo‘lib qoldi. Ichki ishlar vazirligi «xalqning xotirasi qisqa, unutib yuboradi, baribir» qabilida ish qilyaptimi, bilmadik, bu borada biror ijobiy siljish ko‘zga tashlanmayapti.

Toshkent ShIIB boshlig‘i, O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Rustam Jo‘rayevning«Toshkentda yo‘l-patrul xizmati inspektorlariga yashirincha xizmat olib borish taqiqlandi», deganini esa butun O‘zbekiston eshitdi.Qiziq, bitta davlatda har xil qaror bo‘lishi mumkin emas-ku? Qolaversa, mohiyatan bu yaxshi tashabbus, chunki YPX xodimi ko‘rinish berib tursa ham ko‘zlangan natija — yo‘llarda harakat xavfsizligi ta'minlanadi. Yaxshi tashabbusni hamma qo‘llab-quvvatlashi kerak emasmi?

Fikrimizni shu yo‘sinda davom ettiradigan bo‘lsak, agar chindan ham uzoq yo‘lga chiqqan haydovchini nogahoniy to‘xtatib, jazolab asabini buzish emas, yo‘llarda harakat xavfsizligi ta'minlanishi, haydovchilarning tezlik limitiga rioya qilishlari maqsad qilingan bo‘lsa, aholi punktlariga radarni simyog‘ochlarga o‘rnatib, «Diqqat, radar!» yo‘l belgilarini qo‘yib, bunga osongina erishish mumkin-ku!

Bu borada Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovor. Bunday avtomatlashtirilgan tizimni joriy etishdan maqsad — jazoning muqarrarligini ta'minlash va pirovard natijada haydovchilarning harakatlanish qoidalariga amal qilishga majburlash, eng asosiysi — tizimda korrupsiya holatlariga barham berish edi.

Ammo, lekin, biroq… Sirdaryoda yo‘llarda korrupsiyaga barham berilishidan kimlardir manfaatdor emas, chog‘i…

Biz mavzuga yana qaytamiz.

Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist

P.S. Modomiki haydovchilarning muammosini olib chiqayotgan ekanmiz, ushbu yo‘llarda harakatlanayotgan haydovchilardan iltimos qilamiz: o‘zingizda mavjud faktlarni, shuningdek, Sirdaryo va boshqa viloyatlarda yashirincha fuqarolik mashinalarida radar kuzatuvi olib borilayotgan, YPX xodimlari tomonidan ta'magirlik qilingan holatlar aks etgan audio, foto yoki video fayllarniTelegram messenjeridagi @kunuzreport akkauntiga uzatishingizni so‘raymiz.

Mavzuga oid