O‘zbekiston | 15:12 / 06.05.2018
21995
4 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy sayyohlar orasida O‘zbekistonning qaysi turistik yo‘nalishi eng mashhur?

Foto: VisitUzbekistan

Xorijiy mamlakatlardan kelgan sayyohlar orasida O‘zbekistondagi eng mashhur turistik yo‘nalish hanuz tarixiy-ma'rifiy turizmligicha qolmoqda. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov VisitUzbekistan jurnaliga bergan intervyusida shu haqida ma'lum qildi.

"Bugunga kelib dunyo miqyosida O‘zbekistondagi turistik yo‘nalishlarga qiziqishlarning oshib borayotgani kuzatilmoqda. Mazkur vaziyat birinchi navbatda Prezident Shavkat Mirziyoyev va hukumat tomonidan yuritilayotgan ochiq davlat siyosati bilan bog‘liq. O‘tgan yili O‘zbekistonga uzoq xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan sayyohlar soni taxminan 200 ming kishini tashkil qildi. 2018 yilda biz bu ko‘rsatkichni 350 ming nafarga yetkazmoqchimiz. 2020 yilga borib esa, bu raqamlarni yarim million kishiga yetkazishni rejalashtiryapmiz. MDH va Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolarini hisobga olganda esa, 2017 yilda O‘zbekistonga umumiy hisobda 2,7 million chet el fuqarosi kelgan. Bularning aksariyati qo‘shni turkiy mamlakatlar - Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston fuqarolari", - deydi A.Abduhakimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya fuqarolari uchun vizasiz rejimning o‘rnatilishi yaqin 2-3 yilda turkiyalik sayyohlar sonini kamida 3-4 baravarga (yiliga 100-150 ming kishigacha) oshirishga umid qilish imkonini beradi.

Xorijlik sayyohlar orasida O‘zbekistondagi eng mashhur yo‘nalish avvalgidek tarixiy-ma'rifiy turizm bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda tobora ko‘proq turistlar ziyorat turizmiga qiziqish bildirishmoqda. Yaqin istiqbolda ziyorat turizmi ham ichki, ham tashqi turizmda eng talabgor yo‘nalishlardan biriga aylanishi mumkin. Buning ajablanarli yeri yo‘q, zero O‘zbekiston to‘rt diniy meros (islom, nasroniylik, iudaizm va buddizm)ning tarixiy markazidir. Agar bu yo‘nalish haqida batafsil so‘zlaydigan bo‘lsak, bu yerda nafaqat islom yodgorliklari va muqaddas qadamjolar, balki ajdodlar xotirasini yod etish maqsadidagi tashriflar ham ko‘zda tutiladi. Masalan, Isroil fuqarolari o‘zlarining tarixiy ildizlarini unutib yubormaslik uchun ham Buxoro, Samarqand va Shahrisabzga tashrif buyurishadi.

“Biroq aeroportlarda, temir yo‘l va avtovokzallarda, shuningdek mehmonxonalarda sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yo‘lida qiladigan ishlarimiz hali ko‘p. Bu ziyoratchilar tashrif buyuradigan joylarda tahorat va ibodat xonalarini yaratishni ko‘zda tutadi. O‘zbekistonda diniy an'analar va urf-odatlarni inobatga oluvchi mehmonxonalar tarmog‘i, ya'ni ziyorat-mehmonxonalari  bo‘lishi kerak. Umumiy ovqatlanish joylari uchun “Halol” va “kosher”  standartlari bo‘yicha turistik sanoat obektlarini sertifikatlash tizimini joriy qilish ko‘zda tutilmoqda”, - deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining raisi.

O‘zbekistonda turizmdagi ikki asosiy yo‘nalishdan tashqari, yana etnoturizm, ekoturizm, gastronomik va ekstremal turizm, agroturizm va tibbiyot  turizmini rivojlantirishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.

Mavzuga oid