O‘zbekiston | 17:54 / 07.05.2018
28897
2 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz prezident tashrif buyurgan maktabda bo‘ldi (fotojamlanma)

Joriy yilning 3 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Ishoqxon Ibrat nomidagi majmuani borib ko‘rdi. Mazkur kompleks davlat rahbari tashabbusi bilan tashkil qilingan, 2017 yilning iyulida prezident majmuaning qurilish jarayoni bilan tanishgan edi.

Ishoqxon Ibrat mamlakatimizdagi ilk matbaachilardan biri bo‘lgan. U 1908 yilda Orenburgda litografik mashina xarid qilib, poyezdda uni Qo‘qonga olib kelgan, so‘ngra tuyalar yordamida To‘raqo‘rg‘onga yetkazgan va o‘z uyida "Ishoqiya" bosmaxonasini ochgan. Ushbu bosmaxona o‘tgan asrning 60-yillarigacha faoliyat yuritgan. Bu vaqt oralig‘ida u yerda ko‘plab ilmiy-ma'rifiy kitoblar va monografiyalar, milliy gazetalar chop etilgan. Ularni tarqatish uchun Farg‘ona vodiysida o‘nlab kitob do‘konlari ochilgan. 

13 milliard so‘mdan ortiq loyiha qiymatiga ega majmuada bog‘, milliy uslubdagi ayvon, bosmaxona, favvora, muzey, shuningdek xorijiy tillarni o‘rganishga ixtisoslashtirilgan 400 o‘rinli maktab-internat joylashgan. 

Maktabda ingliz, nemis, fransuz, rus, arab, xitoy, koreys tillari va ularning filologiyasi o‘rgatiladi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yiladi. O‘quv jarayonlariga xorijlik ko‘ngillilar ham jalb etiladi. 

Muzeyda Ishoqxon Ibratning hayot yo‘li va faoliyati tarixi bilan tanishish mumkin.

Mavzuga oid