O‘zbekiston | 01:17 / 08.05.2018
120542
5 daqiqa o‘qiladi

Bobomurod Abdullayev - aslida hammasi qanday yuz berdi

​7 may sanasi O‘zbekiston tarixida alohida yodda qolarli voqea va o‘zgarishlar bilan muhrlanib qoladi. Gap shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 159-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni amalga oshirganlikda ayblangan jurnalist Bobomurod Abdullayev, o‘qituvchi va blogger Hayotxon Nasriddinov, ishbilarmon Ravshan Salayev va Shavkat Olloyorov sud zalidan ozod etildi. Shuningdek, uch nafar sudlanuvchining jinoyat ishiga aloqasi yo‘qligi tufayli, sud hukmi bilan to‘la oqlandi. Jurnalist Bobomurod Abdullayev esa axloq tuzatish ishlariga jalb etiladi, oylik maoshidan 20 foiz ulushni davlat daromadlariga o‘tkazilishi belgilandi.

Chetdan jarayonni kuzatgan inson ajablanib savol berishi mumkin: «Nahot, ushbu natija sizlarni bunchalik xursand qilsa?!», biz esa oydinlik kiritamiz: HA!

Ikki oy davom etgan sud ishida bevosita ishtirok etdim, sud majlisida sudlanuvchi, davlat ayblovchisi, advokat va guvohlarni, barcha ishtirokchilar kabi, tingladim. Odamzod eti junjikib ketar darajada voqealar batafsil aytib o‘tildi, sudya Zafar Nurmatov esa har bir holatni inobatga olib, Jinoyat-protsessual kodeksi normalari doirasida ishni olib bordi. Avvalo sud majlisidagi muhitni sizga yetkazsam, unda mustaqil jurnalistlar, inson huquqlari himoyachilari, xorijiy diplomatik vakolatxona vakillari, sudlanuvchilarning yaqin qarindosh va do‘stlari 60 kundan oshiq muddat davom etgan ishni kuzatib borishdi.

Bobomurod Abdullayev. Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

Kutilmaganda davlat ayblovchisi Qobilovning sudlanuvchi Bobomurod Abdullayevga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasini tayinlash haqidagi iltimosnomani qo‘llab-quvvatlashi barchani hayratda qoldirdi. Shundan so‘ng, birin-ketin shunday «noodatiy» ishlar boshlandi: maqolalar yuzasidan lingvistik-mualliflik sud ekspertizasi qayta o‘tkazildi, sud tergov davrida sudya majlisga MXX tergovchi xodimlarini chaqirtirdi, ular ko‘rsatma berishdi, advokat Mayorov sudga kiritgan har bitta iltimosnoma uzoq soatlar mobaynida o‘rganilib, atroflicha ko‘rib chiqilgach, ajrim chiqarildi, davlat ayblovchisi asosiy ashyoviy dalil «O‘rim» rejasini ro‘yxatdan o‘chirishni so‘radi, «vijdoni qiynalgan» guvoh paydo bo‘ldi... Xullas, kuzatuvchilar buni kutmagani rost. Eng muhimi, sudya hukmni o‘qib turgan paytda ham jurnalist Abdullayev sud majlisidan ozod bo‘lishiga ishonmay turganlar bor edi.

Mantiqan o‘ylab qaraganda, hammasi risoladagidek bo‘ldi: advokat Mayorov yaratib berilgan barcha sharoitdan foydalanib himoya pozitsiyasini taqdim etdi, sudya o‘z vakolati doirasida ishni chuqur o‘rganib chiqdi, davlat ayblovchisi esa faqat ayblov emas, sudlanuvchilarga oqlov so‘rash jihatlarini ham nazardan qochirmadi. Eng ta'sir qilgan gap shundaki, Bobomurod ozodlikka chiqib, «​Shavkat Mirziyoyev islohotlarining mevasi mana, jamiyatni liberallashuvi tomon qo‘yilgan katta qadam»​ deya fikr aytdi. Bexos, xayolimga shunga monand fikr bildirgan yozuvchi Nurulloh Otaxonov yodimga tushdi.

Bobomurod Abdullayev oilasi bilan. Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

Xulosa o‘rnida bir tanishim bilan maktab davrida bo‘lgan voqeani aynan keltirmoqchiman. 

«​Salim ismli bola mahalladoshimiz bilan birga bir maktabda, bir sinfda o‘qiganmiz. Ammo ko‘pchilik sinfdoshlar uning ko‘ngli bo‘shligidan foydalanib, Salimni og‘aynilar qatoriga qo‘shmagan. Darsdan keyin futbol o‘ynasak, u bir chetda hammaning sumkasini ko‘tarib turardi, ba'zan darvozabon qilib qo‘ysak, xursandchiligining cheki yo‘q, rosa to‘pga tashlanib o‘ynagan. Hech esimda chiqmaydi, o‘sha kunlarning birida, o‘qishdan so‘ng besh-olti og‘ayni uyga qaytayotgandik. Sumkamni yelkamga ilish malol kelib, Salimga uzatdim. Bir tarafdan ayyorlik qilib, «oshna, shuni sen ilib ket» dedim. Uning bo‘lsa, go‘yoki «oshna» deb atalishga noloyiq kishi singari, ko‘zlari porlab ketgandi. Ichimdan achindim, u bir og‘iz shirin so‘z uchun barchaning sumkasini ilib ketishga rozi bo‘lgandi»​. 

Mustaqil sud hokimiyatini ko‘rish, adolat qaror topishi, eng muhimi xalqning hukumatga ishonchi ortishi aslida har bir davlatda bo‘lishi shart bo‘lgan xususiyatdir. Xalq voqeadagi o‘quvchi Salim singari bu xususiyatlarning qaytishi uchun «barcha sumkani ilib ketishga» rozi.

Alisher Ro‘zioxunov
Kun.uz jurnalisti

Mavzuga oid