Sport | 12:16 / 08.05.2018
12866
8 daqiqa o‘qiladi

Venger bilan xayrlashuv. APLda mavsum yakunlanmoqda

O‘tgan haftaning dam olish kunlarida Angliya premer-ligasida 37-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. «Tribuna» turning asosiy voqealarini eslab o‘tadi.

Arsenning ketishi

«Arsenal» - «Byornli» - 5:0 (2:0).
Gollar: Obameyang, 14 (1:0). Lyakazett, 45+3 (2:0). Kolashinats, 54 (3:0). Ivobi, 64 (4:0). Obameyang, 75 (5:0).

1996 yilning 19 oktabrida «Arsenal» «Hayberi»da «Koventri» bilan durang o‘ynagandi, bu Arsen Venger uchun Londondagi birinchi uy uchrashuv bo‘lgandi. U oxirgi uy uchrashuvida jamoasi bilan «Emireyts»da «Byornli»ni yirik hisobda mag‘lub etdi (5:0).

Shu kuni bu natija emas, Vengerning xayrlashuv nutqi barchani to‘lqinlantirdi. «Arsenal» baribir Chempionlar ligasi yo‘llanmasidan quruq qolgan, keyingi mavsumdan esa yangi hayot boshlashi kerak bo‘ladi. Yakshanba kuni «Arsenal» fanatlari keyingi oylar davomida murabbiyning iste'fosini talab qilib kelishganini unutishdi. Muxlislarning aksar qismi shu kuni stadionga 22 yillik murabbiyga minnatdorchilik so‘zlari bitilgan bannerlar va plakatlar ko‘tarib kelishdi.

«Arsenal» futbolchilari ham murabbiyga dil so‘zlari qoldirishgandi. Klub do‘konida futbolchilarning Vengerga qarata aytilgan so‘zlari yozilgan futbolkalari sotuvga qo‘yildi.

Fransiyalik mutaxassisga faxriy yo‘lak hosil qilindi - u bu e'tirofga loyiq ham edi.

O‘yindan keyin Venger mikrofonni qo‘liga oldi va muxlislar bilan to‘lgan «Emireyts»da nutq irod qildi. U nutqini boshlashga qiynaldi - muxlislar uzoq vaqt uning nomini qo‘shiq qilib aytib turishgandi. U birinchi navbatda shu kunlarda shifoxonaga yotqizilgan «MYu»ning sobiq ustozi ser Aleks Fergyusonga sog‘liq tiladi, shuningdek, hamisha «Arsenal» muxlisi bo‘lib qolajagini bildirdi va dedi: «Men sizlarni sog‘inaman». U o‘zi bilan xayrlashuvga kelgan muxlis bolakayga o‘z galstugini yechib berdi.

Endi barchasiga nuqta qo‘yildi. Rahmat, Arsen!

«Chelsi» Chempionlar ligasida o‘ynamoqchi

«Chelsi» - «Liverpul» - 1:0 (1:0)
Gol: Jiru, 32 (1:0)

Endi Salohda gollari sonini nihoyat 32taga yetkazib  Premer-liga rekordini yangilash uchun faqat bitta o‘yin qoldi. «Liverpul» 38-tur uchrashuvini «Brayton»ga qarshi o‘tkazadi, ammo bu uchrashuvda Salohning gol urishi emas, g‘alaba qozonib, YeChL yo‘llanmasini naq qilish muhimroqdir. «Chelsi» bilan o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin mersisaydliklar ustozi Yurgen Klopp YeChL yo‘llanmasini xavf ostida qoldirdi, ayni vaqtda bir o‘yin kam o‘tkazgan holda «Chelsi» «Liverpul»ga yaqinlashib olgan, «Liverpul» 72 ochko bilan 3-o‘rinda, «Chelsi» 69 ochko bilan 5-o‘rinda joylashgan. Oxirgi 2 o‘yinni «Haddersfild»ga qarshi uyda va «Nyukasl»ga qarshi safarda o‘tkazadi.

«Manchester Siti»: o‘xshamagan bayram

«Manchester Siti» - «Haddersfild» - 0:0

«Haddersfild»ga qarshi uy o‘yinidan keyin Angliyaning yangi chempioniga kubokni topshirish marosimi rejalashtirilgandi. Shunday ham bo‘ldi: «Manchester Siti» boshi uzra kubokni ko‘tardi, ammo o‘yin natijasi bayram kayfiyatini biroz buzdi. Ligada qolish uchun kurashayotgan «Haddersfild» g‘alabasi uchun ayrim bukmekerlik idoralari 55ga 1 nisbatda stavkalar qabul qilgandi. Ammo o‘yinda golsiz durang qayd etildi, holbuki «shaharliklar» asosiy tarkibda maydonga tushishgandi. Chempionning ochko yo‘qotishi shuni anglatadiki, agar jamoa 100lik dovonni zabt etishni istasa, qolgan ikki o‘yinda ochko yo‘qotilmasligi kerak - ayni vaqtda jamoa 94 ochko to‘plagan.

«MYu» barcha yangilarga yutqazdi

«Brayton» - «Manchester Yunayted» - 1:0 (0:0)
Gol: Gross, 57 (1:0)

«Brayton»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin Joze Mourinon jurnalistlarga hujumga o‘tdi. «Sizlar nima uchun hamisha Lukakuni o‘ynataverishimga qiziqarmidingiz? Endi bu savolga javlb bor». Belgiyalik futbolchi Aleksis Sanches kabi bu uchrashuvda jarohat tufayli ishtirok eta olmadi, bu yo‘qotishlar esa «Manchester Yunayted»ga qimmatga tushdi. Reshford va Marsiyal o‘yinda asosiy hujumchilar sifatida harakat qilishdi, ular ikki kishilashib, o‘yin davomida atigi bir marta raqib darvozasi tomon aniq zarba bera olishdi. Birinchi bo‘lim davomida «qizil iblislar» atigi bir marta raqib jarima maydonchasiga to‘pni olib kira olishdi. Ikkinchi bo‘limda ham «MYu» ishonchsiz harakat qildi, final hushtagi yangraganida «Manchester Yunayted» uchun yoqimsiz rekord qayd etildi - bu jamoa mavsumning barcha yangi ishtirokchilariga mag‘lub bo‘lgan APL tarixidagi ilk jamoaga aylandi («Brayton», «Nyukasl» va «Haddersfild»).

«Byornli» - Yevropa Ligasida qatnashadi
«Stok Siti» - «Kristal Pelas» - 1:2 (1:0)
Gollar: Shaqiri, 43 (1:0). Makartur, 68 (1:1). van Anxolt, 86 (1:2).
«Everton» - «Sauthempton» - 1:1 (0:0).
Gollar: Redmond, 56 (0:1). Deyvis, 90+6 (1:1). Chetlatish: Yosida (Sauthempton), 85.

Chempionatni tark etadigan ilk jamoa - «Stok Siti» bo‘ldi. «Vest Bromvich» esa hamon imkoniyat saqlab qolmoqda. Mart oyida Alan Pardyu iste'foga chiqarilgach, jamoa 3 marta g‘alaba qozondi va 2 durangga erishdi. Shanba kuni «Sauthempton» o‘z o‘yinida g‘alaba qozonib, «xavfli hudud»dan uzoqlashib ketishi mumkin edi, ammo «Everton» qo‘shimcha daqiqalarda hisobni tenglashtirdi. Bu durang tufayli shu turda «Arsenal»dan yirik hisobda mag‘lub bo‘lgan «Byornli»ga yettinchi o‘rinni kafolatladi - Shon Daych shogirdlari keyingi mavsumda Yevropa Ligasida ishtirok etadi. Bu klub premer-ligada ikkinchi mavsumda ishtirok etmoqda va yevrokuboklarga yo‘llanma olmoqda. «Byornli» ustozi esa mavsumning eng yaxshi murabbiyi bo‘lish uchun da'vogarlar qatorida: Shon Daych («Byornli»), Pep Gvardiola («Manchester Siti»), Yurgen Klopp («Liverpul»), Roy Hojson («Kristal Pelas»), Rafael Benites («Nyukasl») va Kris Hyuton («Brayton»).

Turning qolgan o‘yinlari
«Uotford» - «Nyukasl Yunayted» - 2:1 (2:0).
Gollar: Pereyra, 2 (1:0). Grey, 28 (2:0). Peres, 55 (2:1).
Aniq ijro etilmagan penalti: Dini (Uotford), 39 (darvozabon).
«Vest Bromvich Albion» - «Tottenhem Hotspur» - 1:0 (0:0).
Gol: Livermor, 90+2 (1:0).
«Bornmut» - «Suonsi» - 1:0 (1:0).
Gol: Freyzer, 37 (1:0).
«Lester» - «Vest Hem Yunayted» - 0:2 (0:1).
Gollar: Joau Mariu, 34 (0:1). Nobl, 64 (0:2).

 

Mavzuga oid