Sport | 00:50 / 10.05.2018
16905
7 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya safari

Har bir millatda ma'nosi mard, jasur degan ismlar bor. Bizning qahramonimiz ham uzoq o‘tmishiga nazar tashlar ekan, bosib o‘tgan yo‘llari shu so‘zga monand kechganini ko‘radi. Uzoq yillik faoliyatini eslab rohatlanadi.

Aslida, hammasi kichik qahvaxonadan boshlandi. Jasur bolakay otasiga yordam berardi. Stakanlarni artar, kelganlarga tamaddi olib borardi. Tug‘ilgan maskani kichik shahar bo‘lgani uchunmi, deyarli hamma mijoz unga tanish bo‘lib qolgandi. Deyarli barchaning og‘zida bir masala — futbol. Ta'sir ana shundan boshlandi.

Foto: Life Bogger

Jasurligi ismidan jismiga o‘tayotgan bolakay futbol haqidagi tortishuvlar bilan yashadi. Stakanni arta turib, suhbatdoshlarga mahliyo bo‘lib qolardi. Unga ana shu davr futbol taktikalarini tahlil qilishni, futbol o‘yinidagi chizmalarni mulohaza qilishni o‘rgatdi. Ishdan chiqib qatnaydigani — shaxmat to‘garagi ham unga bu masaladagi ishtiyoqini yanada oshirishga xizmat qildi.

Shahrining markazida joylashgan Universitetni tamomladi. Iqtisod bo‘yicha magistrni yoqladi. Ingliz, fransuz, nemis, italyan, ispan va yapon tillarini yaxshi o‘rgandi. Bu unga keyinchalik naf berdi. Sohasi bo‘yicha emas.

Futbolchilik faoliyati u qadar nurli emas. «Myuttsig» degan o‘ta zaif jamoa yo «Myuluz» bilan faxrlana olmaydi-ku, to‘g‘rimi? Eng katta o‘ynay olgan jamoasi Fransiyaning Strasbur klubi bo‘lgan. Bo‘ldi.

Uch mavsum davomida 12 bora raqib darvozasini ishg‘ol etgani ham arzirli natija emas. 1979 yili Fransiya chempioni bo‘lgan, to‘g‘ri, ammo jamoa usiz ham shu natijani qayd eta olardi. Bir marta UYeFA kubogi o‘yinida maydonga tushgan. Eng yirik o‘yini shu. U futbolni maydonning chetida yaxshiroq tahlil qilardi.

Oldindan sezgani uchun murabbiylikni ancha barvaqt boshladi. Oxirgi marta «Strasbur» klubida to‘p tepgani uchun, murabbiylik sohasini ham shu yerdan boshlashga qaror qildi. Fransiya chempionati unga ancha ma'qul tushib qolgandi. Dastavval «Strasbur»da murabbiy yordamchisi bo‘lib ishlab yurgan bo‘lsa, «Kann»ga o‘tib ham shu ish bilan suyagi qotdi. 1984 yili unga «Nansi» jamoasi topshirildi. Uch yil o‘tib «Monako». Bu jamoada u yaxshi mavsumlar o‘tkazgan, albatta. Hozir o‘z xotira daftarini titkilab ko‘rsa, bemalol o‘sha davrlaridan mamnun bo‘ladi.

U Fransiyadan charchadi. Bu mamlakat futbolida katta natijalarni qo‘lga kiritish imkonsizligini sezdi va kunchiqar o‘lkaga yo‘l oldi. Yaponiyaning «Nagoya Grampus» jamoasida bir yil faoliyat olib borib, Imperator kubogi va J liga kubogini yutib oldi. Mavsum oxirida eng yaxshi murabbiy nomini qo‘lga kiritdi.

Sarlavhada aytilganidek, Yaponiya safari uning hayotiga eng muhim voqealarni taqdim etdi. U shunday xotirlaydi:

«Men kunchiqar o‘lkaga borar ekanman, hayotim bu yerda o‘zgarib ketishini istaganman. Darhaqiqat, o‘zgarib ketdi. Yapon futbolida ko‘p yangiliklarni amalga oshirish mumkinligini sezib qoldim. Shu qadar ko‘p sxemalarni qo‘lladimki, bu holatni ko‘ra turib yordamchilarim tushunmay qolishardi. Har o‘yinda uch xil sxema bilan o‘ynayapsiz, biz sizning ortingizdan yugurib ulgura olmayapmiz. Tushuntirib bering ozgina, deyishardi. Men ularga tushuntirardim. Futbol yangi davrga kirayotganini va uning tarkibida o‘zgarishlar sodir bo‘layotganini har kuni doskalarga chizib tushuntirardim.

Yaponiya safari hayotimning tubdan o‘zgarishiga yana bir tomondan sabab ko‘rsatdi: yapon futbolchilarida har bir taktik yo‘nalishni amalga oshirish osonroq edi. Ular juda itoatchan, har bir ko‘rsatmani yuqori intellekt bilan bajarishadi. Fransiyada esa, bu ishni yuz foizga amalga oshirib bo‘lmasdi. Yaponlarning yaxshi xususiyati shu edi: hech qachon o‘zlaridan qo‘shishmaydi va buyurilgan ishni kamaytirishmaydi ham.

Yaponiya safaridagi yutuqlaridan yana birini aytaman. Men hayotim davomida o‘ylab qo‘ygan deyarli hamma chizmalarimni bu mamlakat futbolida bir yilning o‘zidayoq amalda qo‘llab ko‘rdim. Boshqa diyorlarda buning imkoni yo‘q edi. Men ko‘rsatma berayotgan paytim biror bir futbolchi o‘z hissiyotini aralashtirmasligini, faqat ko‘rsatmani robot misol bajarishini talab qilardim. Aytinglar-chi, bu xohishimga yaponlardan boshqa yana qanday millatni topish mumkin?!

Yaponiya safaridan eng katta olgan yutug‘im, albatta, «Nagoya»ning keyingi mavsumga tayyorgarlik ko‘rayotgandagi Janubiy Koreyada o‘tkazgan o‘quv-mashg‘ulot o‘yinlari. O‘sha kuni bizga qarshi o‘ynagan klub bizni yirik hisobda dog‘da qoldirgan bo‘lsa-da, uning rahbariyati mening ishimni kuzatishganini, agar xohlasam o‘sha jamoaga o‘tishim mumkinligini aytishdi. Men o‘ylab ko‘rdim va boshqa mamlakatda ham iqtidorimni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Borib ko‘rdim va... ularning shartlari juda ma'qul keldi. Buning ustiga, bu jamoa menga «Nagoya»dan ko‘ra yaqinroq tuyuldi, axir, jamoa nomi ismimga monand edi”.

Foto: Firstpost

Bizning qahramonimiz Arsen Venger 1996 yili «Arsenal» jamoasi bosh murabbiyi bo‘ldi. Ertak boshlandi, xullas.

Xayrulla Hamidov

Mavzuga oid