Jamiyat | 20:00 / 10.05.2018
25166
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: Mirzo Bobur qurdirgan masjidlar

Taniqli tadqiqotchi olim Ketrin Esherning fikriga ko‘ra, Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistondagi qisqa muddatli hukmronligi davrida Temuriylar davri qurilish uslubini Hindiston me'morchiligiga olib kirishga muvaffaq bo‘lgan.

Olim yana shunday ma'lumot beradi: «Bizning kungacha uchta masjid saqlanib qolgan. Panipatdagi «Qobuliy bog‘» va yana boshqa ikki masjid: ulardan biri Sambhalda, ikkinchisi Ayodhiyada qad ko‘targan. Ularning barpo bo‘lishida Boburning o‘zi va aqoriblari bevosita rahnamolik qilishgan».

Toshkent Arxitektura-qurilish instituti dotsenti Nafisa Gilmanova o‘z ilmiy tadqiqotlari natijasi bo‘lgan ayrim ma'lumotlarni taqdim etdi.

Uning aytishicha, Panipatdagi «Qobuliy bog‘» masjidi Hariyana shtatida joylashgan bo‘lib, ushbu masjid qurilishi 1528 yilda tugallangan. Masjidning markaziy qismida qiblaga qaratib qurilgan peshtoq qad ko‘tarib turibdi. Masjid mehrobi toshdan terilgan, inshootning qolgan devorlari g‘ishtdan tiklangan bo‘lib, sirti suvoqlangan.

Oq-qora marmarga bitilgan Qur'on oyatlari yozuvi 1527-1528 yillarga mansub. Qurilish chog‘ida hind ustalari ayrim mahalliy me'moriy uslublarni ishlatganlariga qaramay, «Qobuliy bog‘» masjidining umumiy me'morchiligi Samarqanddagi «Bibixonim» me'moriy majmuasiga yaqin.

Foto: «Qobuliy bog‘» masjidi
Foto: «Qobuliy bog‘» masjidi
Foto: «Qobuliy bog‘» masjidi

«Sambhal» masjidi esa shu nomli vohada Dehlidan 140 km uzoqliqda joylashgan. O‘sha davrga oid hind miniatyuralaridan birida Bobur ot mingan holda «Sambhal» masjidini eslatuvchi minora qarshisida tasvirlangan.

Foto: «Sambhal» masjidi

Ram Nathning guvohlik berishicha, inshootdagi uch yozuvdan bittasida quyidagi jumlaga duch kelish mumkin: «Bobur farmoni bilan bu masjid qurilishi uning aqoribi Mir Hindubek tomonidan 933 (1526) yilda boshlandi».

Bizgacha saqlanib qolgan Mirzo Bobur masjidlaridan uchinchisi 1527-1529 yillarda Fayzobod nohiyasida Ayodhiya qishlog‘ida, Ghagahra daryosi sohilida Boburning a'yonlaridan biri Mir Boqiy Toshkandiy tomonidan tiklangan. Markaziy qubbadagi yozuv tarjimasiga tayangan holda (tarjimon Mavlyaviy Ashraf Husayn) Ram Nath ta'kidlaydiki, «...mamlakat hukmdori Bobur ushbu masjid tiklanishida shaxsan rahbarlik qildi».

Bugungi kunda ham faoliyat yuritayotgan ushbu masjidlar shoh va shoir bobomizdan meros noyob yodgorliklardir.

Mavzuga oid