Dunyoning mashhur obidasi – Toj Mahal zavolga yuz tutadimi?
Toj Mahal. Dunyoning turli chekkalarida bu so‘zni eshitgan odam darrov Hindistonni ko‘z oldiga keltiradi. Bundan to‘rt yuz yil oldin Markaziy Osiyodan borgan Boburiylar sulolasi vakili Shoh Jahon qurdirgan bu obida, biroz mubolag‘a bilan aytganda, dunyoda Hindistonning o‘zidan ham mashhurroq.
Agra shahrida joylashgan Toj Mahalni ko‘rishni juda ko‘pchilik orzu qiladi. Hindistonga tashrif buyurgan turli davlat rahbarlarining aksariyati albatta Toj Mahalga borgan.
Obida oldidagi o‘rindiqqa o‘tirib kimlar rasm tushmagan deysiz?! AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp, o‘limidan sal avval Malika Diana, uning o‘g‘li shahzoda Uilyam va rafiqasi Keyt, Facebook asoschisi Mark Tsukerberg, Vladimir Putin hamda uning sobiq rafiqasi Lyudmila, Pokiston sobiq bosh vaziri Parvez Musharraf, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov, AQSh prezidentlari orasida birinchi bo‘lib Hindistonga tashrif buyurgan Duayt Eyzenxauer kabilar Toj Mahalni borib ko‘rishgan.
1966 yilda odamlar hali selfi so‘zi nimani anglatishini bilmaydigan zamonlarda afsonaviy “The Beatles” guruhi musiqachisi Jorj Harrison Toj Mahal oldida selfi tushgan edi.
Shuningdek, Toj Mahalga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan borgan va suratga tushgan.
Xo‘sh, Toj Mahal nimasi bilan odamlarni bunchalik o‘ziga rom etadi?
Ko‘rinishi va arxitekturasi bilan. Ha, ha, ishonavering, dunyoda bunday noyob obida boshqa yo‘q. Shu sababli ham u dunyoning yetti mo‘jizasi ro‘yxatiga kiritilgan.
Toj Mahalning qurilish tarixi 17-asrga borib taqaladi. Uni Boburiylar sulolasi vakili Shoh Jahon 1631-1652 yillar oralig‘ida sevimli rafiqasi Mumtoz Mahal sharafiga qurdirgan.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, 1612 yilda asli ismi Xurram bo‘lgan Shoh Jahon Mumtoz Mahalga uylanganda 20 yoshda, qiz esa 19 yoshda bo‘lgan.
1631 yilda Mumtoz Mahal o‘zining o‘n to‘rtinchi farzandini dunyoga keltirayotib, vafot etadi. Shundan so‘ng Shoh Jahon Agra shahri yaqinida, Jamna daryosi bo‘yida maqbara qurdirishga qaror qiladi.
Maqbara loyihasi Usto Ahmad Lahori va turk me’mori Muhammad Isoxon afandi boshchiligida tayyorlanadi.
Maqbara murabba tarhli, 3 qavatli, 5 gumbazli qilib, marmar supa ustiga qurilgan. Uning to‘rt burchagida 45 metr balandlikdagi minora barpo etilgan. Gumbaz shiftining balandligi 56,7 tashkil etadi, gumbazning o‘zi esa 74 metr balandlikkacha cho‘zilgan.
Maqbara qurilishi 20 yildan oshiqroq davom etgan va unda 20 mingdan oshiq odam, mingdan oshiq fil qatnashgan. Obidaga qariyb 30 xil qimmatbaho toshlar ishlatilgan. Inglizlar Hindistonni egallaganida ularni talon-toroj qilishgan.

Toj Mahalga ishlatilgan marmar toshlar o‘sha paytda 300 kilometr uzoqlikdan tashib keltirilgan. Ular tongda pushtirang, kunduzi oq, tunda oltinrang ko‘rinishda tovlanadi.
Erinmagan olimlar Toj Mahal hozir qurilganda qancha mablag‘ sarflanishini ham hisoblab ko‘rishgan. Agar maqbara hozir qurilganida, buning uchun 100 mln dollardan oshiq mablag‘ sarflangan bo‘lardi.
Maqbaraning old tomoniga favvorali hovuz, hovuzning ikki yonida yo‘lak qilinib, daraxtlar ekilgan. Maqbara o‘rtasidagi katta xonada Mumtoz Mahal va Shoh Jahonning qabri joylashgan.
Binoning noyobligi shundaki, uning ustida nafaqat Hindiston, balki Markaziy Osiyo, Eron, Turkiya va vizantiyalik ustalar ishlashgan. Shu sababli binoda turli hududlar me’morlarining o‘ziga xos uslublari o‘z ifodasini topgan.
XX asrda televideniye, XXI asrda esa internet rivojlangach, Toj Mahalning dovrug‘i Yer yuzining barcha burchaklarigacha yetib bordi. Natijada uni tomosha qilish uchun kelayotgan sayyohlar oqimi keskin oshdi. Toj Mahal – Hindistonning birinchi raqamli turistik maskani hisoblanadi. Uni tomosha qilish uchun har kuni o‘n minglab odam keladi.
2018 yilda Hindiston hukumati Toj Mahalga kirish uchun to‘lovlarni keskin oshirdi. O‘shangacha 50 rupiy to‘lab obidaga kirib yurgan hindistonliklar narx oshganidan so‘ng 250 rupiy to‘lashlari belgilab qo‘yildi.
Narxlarning bir necha barobarga oshirilishi aholining keskin noroziliga uchradi. Shunda hukumat hindistonliklar uchun avvalgi 50 rupiy narxni qoldirdi.
Agar bugungi kurs bo‘yicha 1 dollar taqriban 83 rupiyligi inobatga olinsa, hindistonliklar Toj Mahalni ko‘rish uchun 60 sent atrofida, xorijliklar esa 13-15 dollar atrofida to‘lov qilishadi.
Toj Mahalni ko‘rish uchun kelayotgan sayyohlarning unga kirish to‘lovi, mehmonxonalarda turish, transport va boshqa xarajatlari hisobga olinsa, obida Hindistonga har yili salmoqli miqdorda foyda keltirayotganini ko‘rish mumkin.
Majmua poydevori e’tiborga muhtoj
Shu bilan birga, o‘tgan asrda obida yaqinida ko‘plab zavod va fabrikalar qurildi. Ulardan havoga chiqayotgan chang va zararli gazlar Toj Mahalning oq marmariga zarar yetkaza boshladi. Keyinchalik, obida yaqinidagi zavodlar yopildi. Biroq shunda ham Toj Mahaldagi oq marmar o‘z jilosini yo‘qotib boryapti.
“Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q” deganlariday, keyingi yillarda Hindiston hukumati jahon me’morchiligining durdonasi bo‘lgan inshootga ancha e’tiborsizlik qilyapti. 2018 yilda Hindiston Oliy sudi aynan shunday ayblov bilan chiqqandi.

Unda aytilishicha, federal hukumat va Toj Mahal joylashgan Uttar Pradesh shtati hukumati obida holatini yaxshilashga panja ortidan qarab kelyapti.
2018 yil may oyida mamlakat Oliy sudi Hindiston hukumatiga Toj Mahal binosidagi marmar rangi o‘zgarib, to‘q tusga kirgani aytib, muammoni bartaraf etish uchun xorijdan yordam so‘rash haqida buyruq chiqargan. Biroq bu buyruq bajarilmagan.
Keyingi yillarda Toj Mahal yonidan oqib o‘tayotgan Jamna daryosining suvi kamayishi oqibatida obidaning qizil yog‘ochdan qilingan poydevori qurib, yorilib ketmoqda. Bu muammoni daryoga to‘g‘on qurib, uning suvini biroz ko‘tarish bilan hal qilsa bo‘ladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu ish uchun juda katta mablag‘ ham shart emas. Biroq Hindiston hukumati shu ishni ham paysalga solib kelmoqda.
Agar vaziyat shunday ketaversa va zarur choralar ko‘rilmasa, Toj Mahalning poydevori marmar gumbazlar va minoralar og‘irligini ko‘tara olmay, yemirilib ketishi mumkin.
Toj Mahalni sotib yubormoqchi bo‘lishgan
2014 yildan buyon Hindistonda “Bxaratiya janata parti” (Hind xalq partiyasi) nomli partiya lideri Narendra Modi hukumatga boshchilik qilyapti. Bu o‘ngchilar partiyasi bo‘lib, siyosatda hind milliy o‘zligiga asosiy urg‘u beradi. Shu sababli Modining hukmronlik yillarida mamlakatda musulmonlarga va tarixda uni boshqargan musulmon podshohlarga nisbatan salbiy munosabat birmuncha oshdi.
Shuningdek, Hindistonda musulmonlar tomonidan qurilgan boshqa turli tarixiy binolarga ham e’tibor pasayganini ko‘rish mumkin. 1992 yilda hind millatchilari Uttar Pradesh shtatidagi Ayodha shahrida Bobur tomonidan tiklangan qariyb 500 yillik masjidni buzib tashlagan edi. Ular masjid binosini hind ibodatxonasi o‘rniga qurilgan deb da’vo qilishadi.

Uzoq yillar davom etgan sud jarayonlaridan keyin 2019 yilda mamlakat Oliy sudi masjid o‘rnini hindlarga berdi. Ular esa darhol ibodatxona qurilishini boshlab yuborishdi. Yangi ibodatxona qurilishiga birinchi g‘ishtni kim qo‘ydi, toping-chi?! Albatta, bosh vazir Narendra Modi.
Modi hukumati yaqinda millatchilik yo‘lidagi yana bir ishi bilan hammaning e’tiborini tortdi. 2023 yil 18-22 sentabr kunlari Hindistonda G20 sammiti o‘tkazildi. Sammit boshlanishidan avval unda bo‘lib o‘tadigan an’anaviy kechki ovqatga taklifnoma “Hindiston prezidenti” nomidan emas, balki “Bharat prezidenti” nomidan jo‘natilgan. Qolaversa sammit davomida Modining oldidagi ko‘rsatkichda India emas, Bharat degan yozuv turdi.
Gap shundaki, mamlakatning India nomi hindiychadagi “Hindustan” nomidan olingan. Bu davlatni “Hindustan” deb atashni esa bir paytlar musulmon forslar yoki Boburiylar joriy qilishgan. Hukmron o‘ngchi partiyaga aynan bu holat yoqmayotgan bo‘lsa ajab emas.


“Bxaratiya janata parti” partiyasi vakillarining radikal yo‘ldan ketayotganiga yana bir misol. 2017 yilda partiya vakillaridan biri Sangit Som ism-sharifli shaxs Toj Mahal obidasini tarixdan o‘chirib tashlash kerakligini aytib chiqqandi. U ushbu majmuani “Hindiston madaniyatiga tushirilgan dog‘” deb atab, uni “xoinlar qurgan” deb da’vo qilgan.
So‘nggi yillarda Toj Mahalga Hindiston tomonidan e’tiborning sust bo‘layotgani nima bo‘libdi?! Sal qolsa, hukumat uni sotib yubormoqchi ham bo‘lgandi.
2018 yilda jahon ommaviy axborot vositalarida Hindiston hukumati mamlakatdagi 95 ta tarixiy obidani xususiylashtirishni ko‘zda tutuvchi loyiha ishlab chiqqani haqida xabar berdi. O‘shanda xususiylashtiriladigan tarixiy obidalar orasida Toj Mahal ham bor edi.
O‘shanda Hindiston turizm vazirligi Dehlidagi 17-asrga tegishli La’l Qal’a tarixiy obidasini va mamlakat janubidagi Andxra-Pradesh shtatida joylashgan yana bir qal’ani xususiy kompaniyaga ijaraga berish bo‘yicha 5 yil muddatga qiymati 3 mln 700 ming dollarlik shartnoma tuzilganini e’lon qiladi. Shundan keyin hukumatning boshqa tarixiy obidalarni ham xususiy kompaniyalarga berish haqidagi loyihasi oshkor bo‘lib qoladi.
O‘shanda bu ish jamoatchilikning keskin e’tirozlariga sabab bo‘ladi va vazirlik loyihadan voz kechishga qaror qiladi.

Mumtoz Mahal shaxsi haqidagi qarashlar
Bugun Toj Mahal nomini eshitgan kishi borki, uni Shoh Jahon kuchli muhabbati tufayli sevimli rafiqasi sharafiga qurgan deb biladi. Biroq oxirgi yillarda obida qurilishi haqida boshqacha gap-so‘zlar, turli asarlar paydo bo‘la boshladi.
BBC'ning yozishicha, 2014 yilda Hindistonda Shoh Jahon va uning rafiqasi Mumtoz Mahal haqidagi spektakl sahnalashtirilgan. Spektakl tarixiy voqealarga butunlay boshqacha qarashni taqdim etadi. Sahna asarida voqealar podshohlik toji uchun Shoh Jahon va uning ukasi shahzoda Parvez o‘rtasidagi qarama-qarshilikdan boshlanadi. Bu yerda Mumtoz sevimli erining g‘alabasi uchun hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Voqealar davomida Mumtoz Mahal shaxsining turli qirralari oldingi planga chiqadi – itoatkor xotin emas, erining maslahatchisi, unga gapini o‘tkaza olgan siyosatchi sifatida ko‘rsatiladi.
Spektaklni namoyish etgan Dehli teatri qoshidagi truppa direktori Said A’lamning aytishicha, Mumtoz Mahalning go‘zal va itoatkor bo‘lgani shubhali. Ayol o‘ta intiluvchan va shafqatsiz bo‘lgan, deydi u. Darhaqiqat, ko‘plab tarixchilar ham Boburiylar hukmronligi davrida saroyda malikalarning ta’siri sezilarli bo‘lgani va bu mamlakatni boshqarishda ham o‘z aksini topganini aytishadi.
Asardagi talqinga ko‘ra, vaqti kelib, Shoh Jahon suyukli xotinini to‘xtatish kerakligini tushunadi. Podshohlik muhri uchun kurash malikaning taxtning ag‘darilishi bilan yakun topadi va tez orada Mumtoz tug‘uruq vaqtida jon beradi.

Spektaklda malika o‘ldirilgani haqida birorta gap yo‘q. Lekin u tomoshabinlarda “Malikaning o‘limida balki shohning roli bo‘lganmikan?” degan shubha tug‘dira oladi.
Vaholanki, aksar tarixchilar Shoh Jahon xotinini qattiq sevganiga shubha bildirishmaydi. Chunki buni Toj Mahal isbotlab turibdi. 20 yildan oshiq vaqtda, juda katta mablag‘ va kuch sarflab qurilgan maqbara Shoh Jahonning Mumtoz Mahalga nisbatan bo‘lgan muhabbatining ramzi hisoblanadi.
Toj Mahalning qurilmagan egizagi
Shoh Jahon Hindiston uchun juda ko‘p ishlar qilgan. Jumladan, Toj Mahal, La’l qal’a (Qizil qal’a), Dehlidagi Jome masjid, Lohurda Shalimar bog‘i va yana boshqa ko‘plab inshootlarni qurdiradi.
Kanallar, ariqlar qazdiradi. Shuningdek, sharoiti og‘ir bo‘lgan hududlarda soliqlarni bekor qilgan yoki kamaytirgan. Shunday bo‘lsa-da, uning keyingi hayoti ayanchli kechadi.
1658 yilda Shoh Jahon 66 yoshda bo‘lganida 40 yoshli o‘g‘li Avrangzeb tomonidan taxtdan ag‘dariladi. Avrangzeb uni Toj Mahal ko‘rinib turadigan qal’aga qamab qo‘yadi.
Shoh Jahon shu holida 8 yil yashaydi va 1666 yilda, qamoqda yotgan joyida vafot etadi. Uni Toj Mahalga, xotini Mumtoz Mahalning yoniga dafn etishadi.
Aslida Shoh Jahon Jamna daryosining narigi tomonida qora marmardan xuddi Toj Mahalning ko‘rinishida o‘zi uchun ham maqbara qurishni rejalashtirgandi.

Yangi maqbara bilan Toj Mahal ko‘prik orqali birlashtirilib, yagona majmua tarzida bo‘lishi lozim edi. Biroq o‘g‘lining isyoni va taxtni boy berishi bu ishga to‘sqinlik qiladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Bojlarni muzlatgan Tramp, urushdan sillasi qurigan Sudan – hafta dayjesti
Jahon | 12:50 / 13.04.2025
Sirli eshiklar va yashirin yo‘laklar: Toshkent metrosi xavfsiz boshpana bo‘la oladimi?
O‘zbekiston | 10:00 / 12.04.2025
Leapmotor avtomobillarining O‘zbekistonga importi cheklangani yuzasidan izoh berdi
O‘zbekiston | 15:52 / 11.04.2025
“Yaqin kunlarda rekord issiqlik to‘lqini kutilmoqda” – iqlimshunos Erkin Abdulahatov
O‘zbekiston | 13:00 / 10.04.2025
Mavzuga oid

21:17 / 10.04.2025
Apple Tramp tariflarini chetlab o‘tish uchun Hindistondan 1,5 million dona iPhone olib chiqadi

22:59 / 07.04.2025
Hindistonda soxta kardiojarroh 15 kishini operatsiya qildi. Kamida yetti bemor vafot etdi

20:44 / 01.04.2025
Hindiston Trampning «ikkilamchi bojlar» tahdididan so‘ng Rossiya neftiga muqobil izlashni boshladi

22:09 / 26.03.2025