Jamiyat | 11:32 / 12.05.2018
45761
3 daqiqa o‘qiladi

Diana Yenikeyevaning vafoti ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa deb topildi 

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-sonli maktabning mehnat to‘garagi o‘qituvchisi Diana Yenikeyevaning fojiali halokati yuzasidan maxsus tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Bunda mehnat faoliyati bilan bog‘liq holda yuz bergan baxtsiz hodisa yuzasidan ham Maxsus tekshirish komissiyasi o‘z faoliyatini olib bordi. Komissiya xulosasiga binoan, Diananing vafoti ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa deb topildi va tegishli tartibda N-1 shaklidagi dalolatnoma tuzildi.

Agar o‘lim ishlab chiqarish bilan bog‘liq deya e'tirof etilsa, unda mehnat qonunchiligiga ko‘ra, vafot etgan xodimning yaqinlariga bir qator to‘lovlar to‘lab berilishi kerak.

Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, “Agrosug‘urta” sug‘urta kompaniyasining Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan marhum Diana Yenikeyevaning oilasiga bir marta to‘lanadigan 44 mln 697 ming 096 so‘m bir yo‘la nafaqa miqdori belgilangan. Bunda Diananing olti yillik o‘rtacha ish haqi hisobga olingan.

Shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik tufayli Diananing farzandiga oyma-oy 206 ming 931 so‘m miqdorida nafaqa to‘lash belgilandi. Ushbu nafaqa farzandi toki 16 yoshga to‘lgunga qadar, ya'ni 2018 yil mart oyidan 2032 yil 4 fevralga qadar to‘lab boriladi.

Bundan tashqari, 2019 yil 4 fevralga qadar, ya'ni Diananing farzandi uch yoshga to‘lgunga qadar jami 2 mln 211 ming 634 so‘mlik to‘lov ham tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xuddi shu mavzuga bag‘ishlab e'lon qilingan “Diananing o‘limi uchun maktab qancha tovon to‘laydi?” nomli maqolada maktab o‘qituvchisi hashar ishlariga jalb qilingan vaziyatda vafot etsa, uning oilasiga zarar, ya'ni xalq tili bilan aytganda tovon puli to‘lanish tartibi haqida ma'lumot berilgan edi.

Xushnud Xudayberdiyev, huquqshunos.

Mavzuga oid