Sport | 13:42 / 17.05.2018
18956
18 daqiqa o‘qiladi

Mundialni kutib. Tanishtiruv: Angliya

ANGLIYa

Tashkil topgan: 928 yil
Rasmiy tili: Ingliz
Boshqaruv shakli: Parlament monarxiyasi (Britaniya tarkibi)
Aholisi: 53 million
Valyutasi: funt sterling

ANGLIYa TeRMA JAMOASI.
Laqabi – «Uch sher» 
Jamoa libosi – oq va qizil
Konfederatsiya – UYeFA
Federatsiya – Angliya futbol ascotsiatsiyasi
Jahon chempioni – 1966
JCh finalchisi – 1950
Yevropa Chempionati - Bronza (1968, 1996)
Terma jamoa tarkibida eng ko‘p ishtirok etgan – Piter Shilton (125)
Eng ko‘p gol kiritgan – Ueyn Runi (53)
Ilk o‘yin – 1872 yil. 30 noyabr. Angliya - Shotlandiya - 0:0
Eng yirik g‘alaba – 1882 yil. 18 fevlal. Irlandiya – Angliya - 0:13
Eng yirik mag‘lubiyat – 1954 yil. 23 may Vengriya - Angliya – 7:1

«Futbol» so‘zi, inglizcha «foot» - «oyoq» va «ball» - «to‘p» so‘zlarining birlashmasidan tashkil topgan. To‘p bilan o‘ynaladigan o‘yin qadimiy Xitoyda ham, Sparta-yu Rimda ham mavjud bo‘lgan, o‘rta asrlarda italiyaliklar Britaniya orollariga «kalcho»ni olib kelganliklari aytilsa-da, bu o‘yinni ma'lum qoidalar doirasiga kiritish 19 asr o‘rtalarida aynan inglizlar tomonidan amalga oshiriladi. Ilk futbol klubi ham 1857 yilda aynan Angliyada tashkil topdi - «Sheffild».

Bechora inglizlar futbol o‘yini sir-asrorlarini boshqalarga saxiylik bilan o‘rgatib qo‘yishdi va oqibatda… Oqibatda hatto chempionlikni ham 36 yil kutishlariga to‘g‘ri keldi. Benks, Xerst, Charlton, Mur kabi ajoyib avlodni olamga ko‘z-ko‘z qilgan inglizlar o‘z maydonlarida o‘tgan mundialda shohsupaning eng yuqorisidan o‘rin oldilar. Angliya terma jamoasi Urugvay, Fransiya va Meksika terma jamoalarini guruh bosqichida qoldirib ketdilar, pley-offda esa Argentina va Eysebioning Portugaliyasi mag‘lub etildi.

«Uembli» o‘yingohida, 93 000 muxlis qarshisida nemislarga qarshi kechgan final o‘yini mundial tarixidagi eng durdona uchrashuvlar qatoridan joy oldi. So‘nggi daqiqada hisobni tenglashtiruvchi golni qabul qilgan inglizlar qo‘shimcha vaqtda Xerstning ikki goli evaziga 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. Shuningdek, o‘sha uchrashuvda uchta gol kiritgan Xerst hozirgacha jahon chempionatlari tarixida finalda het-trikka erishgan yagona futbolchi sifatida qayd etilgan. Hozirgacha «Everton» muxlislari derbidagi raqiblariga «Sizlar Angliyada necha marta chempion bo‘lsalaring ham, farqi yo‘q, zero biz jahon chempioni bo‘lganmiz» deb ham hazillashib yurishadi. Sababi o‘sha Xerst ham, finaldagi yana bir gol muallifi Peters ham «Everton» futbolchilari edi.

Foto: Wikipedia

Ana endi o‘z o‘rnimizni topdik, deb o‘ylagan inglizlar keyingi mundialdayoq. pastga qulashdi.  GFR to‘rt yil oldingi qasdini oldi va yana qo‘shimcha vaqtlar belgilangan chorak final uchrashuvida Myullerning goli evaziga zafar quchdilar. Alamlisi ushbu uchrashuvning 68-daqiqasigacha inglizlar 2:0 hisobida hisobda oldinda borgandi.

Keyingi ikki mundial «ustozlarsiz» o‘tdi. Uyog‘igayam yorug‘lik ko‘rinay demasdi. Inglizlar har chempionatni favoritlar qatorida, ajoyib g‘alabalar bilan boshlashar, ammo ayni muhim pallada mag‘lubiyat alamini tortib kelaverardilar. Ayniqsa, JCh-66 dagi g‘alabalar Angliya uchun qimmatga tushdi. O‘sha mundial alamzadasi GFR hatto JCh-82 da ham inglizlarni yerga urishdan charchamaganligini e'lon qilgan bo‘lsa, JCh-86 umuman katta janjalga sabab bo‘ldi.

JCh-86 chorak finalida Diyego Maradona ismli sehrgar hatto qo‘l bilan ham ba'zan sezdirmay gol ursa bo‘ladi, deb bayonot berdi. «Biz futbolni ixtiro qilganda, bunday o‘ynash yo‘q ediku..» – inglizlarning bu xitobini deyarli hech kim eshitmadi. Faqatgina raqib tarafdan «Bu Xudoning qo‘li edi» degan masxaraomuz javob keldi xolos.

JCh-90. Haqiqiy ingliz futbolining oxirgi namoyondalari sifatida e'tirof etilgan Robson boshchiligidagi terma jamoa Lineker, Parker, Uodll, Platt, Shilton kabi yulduzlar bilan katta niyatda turnirni boshladi. Niderlandiya, Irlandiya va Misr joy olgan qiyin guruh g‘olibiga aylangan Angliya nimchorakda Belgiyaga qarshi o‘ynadi va dramatik o‘yinning qo‘shimcha vaqtidagi Plattning goli barcha masalaga nuqta qo‘ydi – 1:0. Keyin esa musobaqa kashfiyoti Kamerun ham so‘nggi daqiqalarda tiz cho‘ktirildi.

Yarim final. Yana Germaniya. Juda «quloqsiz» va «betgachopar» shogird chiqdi bu nemis deganlari. Bittadan gol almashildi va o‘yin penaltilar seriyasiga borib taqaldi. Nachora. Penalti qurg‘urning kashf etilishida inglizlar qatnashmagandi. Finalga GFR yo‘l oldi. 3-o‘rin uchun bahsda Italiya ham yaraga tuz sepdi – 1:2.

Foto: ESPN

Ana endi inglizlar chinakamiga arazladilar. JCh-94 ga, AQShga bormadilar ham. Hech kim ularni so‘rab ham o‘tirmadi u yerda. Tuqqan emas, tarbiyalagan ona ekanda, futbolga ulardan ham haqliroq bo‘lgan Braziliya terma jamoasi to‘rtinchi chempionlikni nishonladi.

Mana shundagina inglizlar vaziyatni anglab yetdilar. Futbolni kashf qildik deb, maqtanib yuraverish yaxshilikka olib kelmas ekan. Nimadir yana berish kerak ekan futbolga. Shundagina nimadir olishning imkoni bo‘larkan. Shunda ular barcha shogirdlarini o‘z makonlariga chorlashdi. Qaytadan dars bermoqlikni niyat qilishdi chog‘i. Angliyada o‘tkazilgan Yevro-96 da hammasi rejadagidek amalga oshayotgandi. Hatto Niderlandiya ham 4:1 hisobida tor-mor keltirilgach, barcha o‘z ustozlariga yana bir bor tan bera boshlashdi. Shirer-Gaskoyn-Makmanaman uchligining ajoyib o‘yinlariga hamma maftun bo‘lgan paytda, qarshi tarafdan yana o‘sha... topdingiz, nemislar chiqib qolishdi. 6 yil oldingi uchrashgan jamoalardan barmoq bilan sanoqli o‘yinchilar qolgan bo‘lsada, bu tarkib ham o‘sha - «22 kishi o‘ynab, oqibatda g‘alaba qozonadigan nemislar» edi.

Foto: Getty Images

Ikki yil o‘tgach, JCh-98 nimchorak finalida yana ayyor argentinaliklarga ro‘baru bo‘lishdi. Futbolni voleybol bilan chalkashtirib yuboradigan argentinaliklar bu safar Bekhemni boks tushishiga majbur qilishdi. Bir kishi kam bo‘lib qolishganiga qaramay, mardonavor o‘yin ko‘rsatgan inglizlar himoyachisi Kempbelning urgan golini hisoblamay, hakam ham raqibga qarashib yubordi. Yana penaltilar bahsida mag‘lub bo‘lgan Angliya uchun o‘sha turnir Ouenni kashf etilishi bilan yodda qoladigan bo‘ldi xolos.

Birinchi bor Osiyoda o‘tgan keyingi mundial oldidan Angliya yaqqol favoritlardan biri sifatida tilga olina boshladi. Chunki mamlakatda yangi avlod shakllangandi, Bekhem, Ferdinand, Ouen, Skoulz kabi yulduzlar ayni kuchga to‘lgan pallada edilar. Jamoaning Argentina, Nigeriya va Shvetsiya o‘rin olgan o‘lim guruhidan eson-omon chiqqanliklari va shu bilan birga Argentinadan o‘ch olinganligi, nimchorakda esa Daniya yirik hisobda mag‘lub etilganligi Braziliyaga qarshi o‘yinda ularni salkam favoritga aylantirayozdi. Ammo Ouen hisobni ochganiga qaramasdan, Angliya g‘alaba qozona olmadi. Ronaldino katta sahnaga chiqdi va dastlab Rivaldoni qulay vaziyatga chiqargan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda jarima zarbasini qoyilmaqom tarzda ijro etdi. Inglizlarga o‘sha Ronaldinoning 57-daqiqada maydondan chetlatilgani ham yordam bera olmadi - 1:2

Germaniya – 2006. Bu safar Jyerard, Lempard, Bekhemdan iborat yarim himoya dunyoda eng kuchli ekanligini barcha tan ola boshlagandi. 4 yil oldin braziliyalik futbolchilar bilan inglizlarga to‘g‘anoq bo‘lgan Skolari, xuddi shu ishni bu safar Portugaliya terma jamoasi bilan amalga oshirdi. Chorak final uchrashuvi ko‘p jihati bilan JCh-98 dagi Angliya – Argentina o‘yinini eslatib yubordi. Qo‘pol va katta bosim ostida kechgan uchrashuv, Runiga ko‘rsatilgan qizil kartochka, Lennonning chiroyli harakatlari va hakamning xatolari, penaltilar seriyasi va inglizlar mag‘lubiyati. Faqat bu uchrashuvda hisob ochilmadi.

Foto: The Daisy Cutter

Bu ham holva ekan. 2007 yildagi Angliya futboli ko‘rgan muvaffaqiyatsizlik barchani karaxt ahvolga solib qo‘ydi. Eriksson ko‘rsatgan natijalardan hadeb noliyvergan inglizlar ozib-yozib o‘z vatandoshlari Maklarenni terma jamoa boshqaruviga olib kelgandi. «Midlsboro»ni UYeFA kubogiga olib chiqib, 0:4 hisobida yutqazgan bo‘lsa-da xursand qaytaveradigan murabbiyning Ferdinand, Terri, Lempard, Jyerard kabi haqiqiy chempionlarga ustozlik qilishi chindanam g‘alati eshitilardi quloqqa. Xuddi shu jihatni Xorvatiyadan o‘z maydonidagi alamli mag‘lubiyatdan so‘ng Maklarenning o‘zi ham tan olgandi.

Yevropa maydonlarida inglizlarning yaqqol gegemonligi, 2007, 2008, 2009 yillarda YeChL yarim finalida uchtadan ingliz klubining o‘rin olishi, Skoulz, Jyerard, Lempard, Runi kabi yulduzlar bilan ham inglizlar hech narsa qila olishmadimi, demak, keyingi o‘n yillikda, ispan futboli taxtga o‘tirgan paytda ulardan katta natijalar kutish juda qiyin edi. Butun dunyoda endi britanlar o‘rganib qolgan futboldan boshqacha o‘ynay boshladilar. Ingliz klublari ham odatiy Britaniya, Skandinaviya yoki Avstlariyadan emas, Fransiya, Ispaniya yo Niderlandiyadan legioner olib kela boshladilar. O‘yin uslubidagi farqlar qaysidir ma'noda mahalliy futbolchilarga noqulaylik tug‘dirdi va uzoq yillar ingliz futbolchilari ingliz top klublarida porlashmadi deyarli.  

HOZIRGI ANGLIYa

Foto: Lagos Television

Angliyada, umuman, terma jamoada hozir o‘zgarish davri deyish mumkin. Rossiyaga boradigan tarkib jahon chempionatlari tarixida inglizlarning eng yosh (26 yoshu 18 kun) tarkibidir. 

Ikki yil oldin Fransiyada bo‘lib o‘tgan Yevropa chempionatiga Angliya deyarli shu tarkib bilan kelgandi. O‘shanda ham «Tottenhem» beshligi (hozirda o‘sha beshlikdan Uolker «Manchester Siti»ga o‘tib ketgan, ammo aynan o‘ng qanotdagi Tripe ham terma jamoada Uolkerga raqobatchilik qiladi) va «Liverpul» maktabidan Sterling, Xenderson, Aleksandr Arnold, shuningdek, «MYu»dan Lingard va Yang. Xuddi o‘tgan safargidan Vardi va Keyn yonida yosh hujumchi Markus Reshford bor. Ueyn Runi, Jyek Uilshir va Jo Hart bu safar terma jamoadan chetda qoldi. Kris Smolling ham.

Asosiy farq bu yerda emas. Ikki yil oldin deyarli barcha ingliz top klublari kichik inqirozni boshdan kechirayotgan palla edi. «Lester» chempion bo‘lganini eslang. Lesterliklarga qarshilik qilgan «Tottenhem» ham uzoq tanaffusdan so‘ng, endigina YeChL o‘rinlarini qo‘lga kiritgan, hali o‘ynashga ulgurmagandi. Keyn, Alli, Dayyer kabi futbolchilar APL miqyosda ko‘zga ko‘ringan bo‘lishsa-da, Yevropa maydonlarida hali tajribaga ega emasdi. Hojson o‘shanda jamoani «Tottenhem» skeleti bilan qurganda, aynan mana shu jihatni balki hisobga olmagandir...

Lekin bu safargi terma jamoa haqida unday deb bo‘lmaydi. Angliyada Pep Gvardiola, Antonio Konte, Joze Mourino, Pochettino, Yurgen Klopp kabi murabbiylar 2-3 yillarini o‘tkazmoqdalar. Tabiiyki, top klublar shakllanishdi va kuchli oltilik yuzaga keldi. Bu klublar endi liganing boshqa jamoalaridan yaqqol ustunlikni namoyish eta olishmoqda. Nafaqat Angliyada, balki Yevropada ham ingliz klublari yaxshi o‘ynashdi - to‘plangan reyting ochkolari bo‘yicha yetti yilda birinchi marta Ispaniya darajasiga ochko yig‘ishdi. Besh jamoa YeChL pley-offiga chiqdi - «Liverpul» finalda, «Manchester Siti» umuman Yevropada eng yaxshi o‘yin namoyish etdi va faqat boshqa ingliz klubiga yutqazib qo‘ydi. «Tottenhem» Yevropaning top klublariga qarshi qanday o‘ynashni o‘rganib oldi va hatto «Real» bilan o‘zaro bahslarda ustunlik qildi.

Albatta, mana shu o‘sish terma jamoa o‘yinida ham yaqqol ta'sir ko‘rsatadi, endi futbolchilar har qanday raqibga nisbatan qo‘rqmasdan, kuchli pozitsiyasiyada turib ham o‘ynay oladilar.

TARKIBI

Bosh murabbiy Garet Sautgeyt Rossiyaga boradigan futbolchilar ruyxatini e'lon qildi:

Darvozabonlar: Poup, Pikford, Batland

Himoyachilar: Keyxil, Rouz, Uolker, Tripe, Aleksandr Arnold, Jons, Stounz, Maguayr

Yarim himoya: Dayyer, Yang, Lingard, Loftus Chik, Henderson, Lallana, Sterling, Delf

Hujumchilar: Vardi, Keyn, Reshford, Uelbek


PeP «EFFeKTI»

Foto: World Cup

Tasodifmi yo‘qmi, qarangki, so‘nggi ikki jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan terma jamoa mamlakatidagi ligadagi yetakchi jamoa murabbiyi Pep Gvardiola bo‘lib chiqyapti.

2010 yilgi JCh oldidan «Barselona» Pep boshchiligida dunyoning eng kuchli jamoasiga aylangandi va aynan «Barselona» futbolchilari asosida tuzilgan terma jamoa JAR da chempionga aylangandi. O‘sha Ispaniya tarkibida to‘p surgan kataloniyaliklar - Inesta, Xavi, Pike, Pedro, Buskets, Puyol kabi futbolchilar terma jamoa asosi edi.

2013 yilda Gvardiola Bundesligada, «Bavariya»da ish boshladi. 2006 yildan beri finallarga va final ostonalariga yetib kelgan Germaniya terma jamoasida doim nimadir yetishmagandek bo‘lardi. Pepning uslubi «Bavariya»ni nafaqat natija bobida, balki o‘yin bobida ham ligada boshqalardan ancha ilgarilab ketishiga sabab bo‘ldi. Terma jamoa o‘yinida qandaydir xotirjamlik va salobat paydo bo‘lgandek ko‘rindi. Lam, Shvayshtayger, Myuller, Boateng, Noyyer kabi «Bavariya» futbolchilari terma jamoaning ham asosini tashkil qilardi.

Endi Pep Gvardiola Angliyada faoliyat olib bormoqda. Uning boshchiligidagi «Manchester Siti» juda katta farq bilan APLda chempion bo‘ldi, bir qator rekordlarni qo‘lga kiritdi. Xo‘sh, «Gvardiola effekti» bu safar ham ish beradimi?

Aslini olganda, e'tibor bersak, yuqoridagi o‘rnaklardan farq bor. «Barselona» va «Bavariya» terma jamoaning ham asosini tashkil qilgan bo‘lsa, «Siti» haqida unday deb bo‘lmaydi. «Siti»dan terma jamoaga atigi 4 futbolchi taklif qilingan va ular aytish mumkinki, klubda eng asosiy pozitsiyadagi futbolchilar emas. Oldingi jamoalardan farqli ravishda, Gvardiolaning bu jamoasi asosan legionerlar hisobiga kuchli bo‘lib turibdi.

Shunday bo‘lsa ham, bir fakt sifatida e'tiborga olsa arziydigan jihat. Gvardiolaning tashrif buyurishi inglizlarga allaqachon sovrin keltirib bo‘lgan. Inglizlarning U19 va U20 terma jamoalari Gruziyada va Avstraliyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatlarida g‘olib chiqishdi. Lekin bu chempionlar tarkibidan Sautgeyt hech kimni Rossiyaga olib kelmayapti.

JCh-2018

Rossiya chempionatida inglizlar G guruhidan joy olgan. Yevropaning bugungi kundagi eng kuchli jamoalaridan biri Belgiya, Afrika vakili Tunis va mundial debyutanti bo‘lgan Panama terma jamoalari ingizlarga raqib bo‘ladi. Angliya Tunis bilan 1998 yilgi chempionatda bir guruhda o‘ynagan. Angliya va Belgiya ijrosidagi JCh-90 nimchorak finalini ham ko‘pchilik eslasa kerak, o‘shanda britaniyaliklar qo‘shimcha vaqtdagi gol hisobiga g‘alaba qozongandi.

Angliya uchun ilk o‘yin 18 iyun kuni Volgogradda Tunisga qarshi kechadi. 24 iyunda Nijniy Novgorodda Panama bilan, so‘nggi tur esa, 28 iyunda Kaliningradda asosiy raqib - Belgiya bilan.

Angliya o‘z imkoniyatlarini ishga sola olsa, hozircha ularni chorak final ishtirokchisi deyish ham mumkin. Zero 1/8 finalda bu guruhga raqib bo‘ladigan N guruhidagi jamoalar u qadar kuchli emasdek ko‘rinadi - Kolumbiya, Yaponiya, Senegal. Ammo Angliya har qanday jamoaga yutqazishni «biladi».

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid