Isroil: AQSh elchixonasi ko‘chirilishi va G‘azodagi to‘qnashuvlar o‘zaro bog‘liq emas
Al-Quds ishlari bo‘yicha vazir Zeev Elkinning ma'lum qilishicha, G‘azo sektorida o‘nlab falastinliklarning o‘limiga sabab bo‘lgan to‘qnashuvlar va AQSh elchixonasining Al-Qudsga ko‘chirilishi o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q. Bu haqda u «Izvestiya»ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
«Isroil bilan chegaradagi tartibsizliklar bir oydan beri davom etyapti. Ular sektorning o‘zidagi muammoli vaziyat tufayli kelib chiqdi. Bu Falastin muxtoriyati yetakchisi Mahmud Abbos G‘azo sektoriga yo‘naltiriluvchi moliyalashtirishni keskin kamaytirgani va HAMAS o‘zini yakkalatib qo‘yilgandek his etgani sababli ro‘y berdi. Aynan o‘sha palladan boshlab tartibsizliklar sodir bo‘ldi», - dedi Elkin.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Amerika diplomatik missiyasining Al-Qudsga ko‘chirilishi mojaro sababiga emas, balki uni keskinlashtirish uchun qo‘shimcha bahonaga aylandi. Siyosatchining ta'kidlashicha, HAMASga Qo‘shma Shtatlar harakati emas, balki Isroildagi vaziyatni istalgan yo‘l bilan beqarorlashtirish qiziqroqdir.
«Kuni kecha HAMAS vakili halok bo‘lganlar orasidagi 40 kishi HAMAS faollari ekanini aytib qo‘ydi. Bu hammasi qanchalik sahnalashtirilgani va ularning rahbariyati xalqaro jamoatchilik e'tiborini tortish va o‘z izolyatsiyasini to‘xtatish uchun oddiy odamlardan qanday foydalanganini ko‘rsatib berdi», - deya ta'kidlab o‘tdi Elkin.
Avvalroq, 10 mingga yaqin falastinlik Isroil bilan G‘azo sektorining ma'muriy chegarasi hududida to‘plangani xabar qilingandi. Ayrim namoyishchilar chegara to‘sig‘idan o‘tishga urindilar. Bundan tashqari, Al-Qudsda AQShning yangi elchixonasi ochilishi falastinliklarning noroziligiga sabab bo‘ldi. G‘azo sektorining ma'muriy chegarasida sodir bo‘lgan tartibsizliklarda halok bo‘lganlarning soni 60dan oshib ketdi, 2400dan ortiq falastinliklar yaralandi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Al-Quds ishlari bo‘yicha vazir Falastin bilan nizo qanday shartda to‘xtashini aytgandi.
Mavzuga oid
14:54
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
17:37 / 21.11.2024
Xalqaro jinoyat sudi Netanyahuni hibsga olishga order berdi
10:31 / 21.11.2024
AQSh Senati Isroilga qurol yetkazib berishni bloklashni rad etdi
23:12 / 19.11.2024