O‘zbekiston | 16:05 / 18.05.2018
17763
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» uchinchi Dreamliner’ni qabul qildi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasining aviaparki navbatdagi yangi avlod samolyoti - Boeing 787 Dreamliner bilan to‘ldirildi. Bu haqda MAK axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: MAK axborot xizmati

Havo laynerini O‘zbekistonga Milliy aviakompaniya ekipaji: MAK Uchuv-uslubiy bo‘limi bosh uchuvchi-yo‘riqchisi Iosif Zak, Boeing 787 Uchuvchilar otryadi komadir o‘rinbosari Shahzod Ikromov hamda ikkinchi uchuvchi Olimjon Uzoqov olib kelishdi.

Aviakompaniyaning ushbu rusumdagi uchinchi avialayneri MAK aviaparkida mavjud bo‘lgan avvalgi ikkita Boeing 787 Dreamliner’dan yo‘lovchi o‘rindiqlarining soni oshiqligi va ekipaj dam olishi uchun alohida bo‘linma tashkil etilganligi bilan farqlanadi.

Ushbu samolyotda ham aviakompaniyaning boshqa Boeing 787 Dreamliner havo kemalaridagi kabi yonilg‘i tejash samaradorligini oshirish, shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga CO2 ajrab chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi GE Aviation kompaniyasining GEnx-1B dvigatellari o‘rnatilgan.

Foto: MAK axborot xizmati

Ikki klassli komponovkada ishlangan samolyotning keng sahni 270 o‘rindiqqa (biznes klassi - 24, iqtisodiyot klassi - 246) ega. 

Qayd etilishicha, laynerning qulay va keng o‘rindiqlar, yangicha yoritish va shovqin o‘tkazmaydigan tizimlar, pol qoplamalari hamda alohida har bir yo‘lovchi uchun mo‘ljallangan individual ko‘ngilochar dasturli monitorlar bilan jihozlanganligi «O‘zbekiston havo yo‘llari» yo‘lovchilariga parvozlarini yuqori darajadagi qulaylikda, maroqli o‘tkazishlariga imkon yaratadi.

Boeing 787 Dreamliner - yangi avlod samolyotlari bilan to‘ldirilishda davom etayotgan MAK flotining muhim elementi hisoblanadi. Istiqboldagi rejalarga ko‘ra, Milliy aviakompaniya parki 2020 yilga qadar ushbu rusumdagi oltita samolyotga ega bo‘ladi.

Foto: MAK axborot xizmati

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekiston havo yo‘llari» xarid qilgan Boeing 787−8 Dreamliner qancha turishi xabar berilgandi.

Mavzuga oid