O‘zbekiston | 17:20 / 21.05.2018
37425
4 daqiqa o‘qiladi

Beeline sudda UMS’ga yutqazdi. Beeline direktori raqibga «bemisl imkoniyatlar» berilayotganidan norozi

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahar iqtisodiy sudi UMS kompaniyasining Beeline uyali aloqa operatori bilan interkonnekt stavkasi bo‘yicha ish yuzasidan quyi sud qaroriga oid shikoyatini qanoatlantirdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi UMS’ning da'vosini qisman qanoatlantirib, ikki operator o‘zaro hisob-kitoblarida interkonnekt stavkasini 42 so‘mdan 5 tiyinga pasaytirish haqida qaror chiqardi. Shu bilan birga, sud yangi narxning 2017 yil 1 sentabridan boshlab amal qilishi bo‘yicha rad javobi berdi. Kompaniya bu qarordan norozi bo‘ldi va shahar sudida shartnomaga  yangi tarifning kuchga kirishi to‘g‘risidagi o‘zgartirishni kiritish talabi bilan chiqdi.

Natijada, yuqori sud instansiyasi UMS tomonini oldi: shartnomaning interkonnekt qiymati bo‘yicha shartlarning o‘zgarishi tumanlararo sud qarorining kuchga kirgan paytidan emas, balki davlat operatori talab qilganidek, o‘tgan yildan joriy etiladi.

Shunday qilib, yangi stavka orqa sana bilan amal qiladi, Beeline esa UMS’dan tarifning qayta hisob-kitob qilinishi tufayli 16,3 mlrd so‘m debitorlik qarzi kam bo‘ladi. Beeline’da bu qarorni misli ko‘rilmagan deb atashdi hamda Fuqarolik kodeksining 385-moddasiga tayanishgan.

Unitel (Beeline savdo markasi) bosh direktori Dmitriy Shukov sud qaroriga izoh berib, bu yil Beeline foydasiga davlat organi yoki davlat operatoriga qarshi qabul qilingan birinchi instansiya sudining qarorini ikkinchi marotaba bekor qilishganini ta'kidlab o‘tdi.

«Bu raqobat muhitiga ijobiy ta'sir qilmaydi, hamda jahon amaliyoti va investorlar huquqlarining himoyasiga ziddir. Afsuski, davlat operatorlarining manfaatlari xususiy kompaniyalarning qonuniy huquqlaridan ustun turgani yana bir bor tasdiqlandi», - deya qayd etib o‘tdi u.

Shu bilan birga, Shukovning so‘zlariga ko‘ra, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi interkonnekt stavkasini tartibga solish bo‘yicha va'dasini bajarishga shoshilmayapti. Qonunchilikka ko‘ra, nizo holatlarida vazirlik aralashishi kerak va rentabellik doirasida yagona narxni o‘rnatishi lozim. Vazirlik vakilining sudda tasdiqlashicha, tartibga soluvchi idora barcha operatorlar uchun yagona tarif belgilamagan. Sudyaning bu nega haligacha qilinmagani bo‘yicha savoliga, u jarayon juda murakkab ekani hamda bunda shoshib bo‘lmaslikni aytgan. Biroq, Beeline vakillariga ko‘ra, bu ish vazirligi mutaxassislari tomonidan 2017 yil oktabridan beri amalga oshirilmoqda.

«Afsuski, biz hozircha UMS’ga misli ko‘rilmagan narsalarga imkon berilayotganini ko‘rmoqdamiz – amaldagi shartnomani orqa sana bilan qayta ko‘rib chiqish, to‘lovlarni qariyb 800 barobarga qisqartirish. O‘ylashimcha, bu davlat operatorining mablag‘larini tejaydi, biroq shuni ta'kidlash kerakki, davlat byudjyeti soliq to‘lovlarining katta qismini yo‘qotadi», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Shukov. 

Maqolani e'lon qilish vaqtida UMS kompaniyasi vakillari ushbu ish bo‘yicha hech qanday izoh taqdim etmadi.

Mavzuga oid