Sport | 15:04 / 22.05.2018
7918
13 daqiqa o‘qiladi

Mundialni kutib. Tanishtiruv: Serbiya

SeRBIYa
Mustaqilligi: 2006 yil 5 iyunda Chernogoriyadan ajralgan
Boshqaruv shakli: Parlament respublikasi
Poytaxti: Belgrad
Tili: Serb
Aholisi: 7.2 million (98-o‘rin)
Pul birligi: Serb dinori

SeRBIYa TeRMA JAMOASI
Laqabi: Oq burgutlar
Libosi: Qizil -oq
Konfederatsiya: UYeFA
Federatsiya: Serbiya Futbol Ittifoqi
Terma jamoa tarkibida eng ko‘p o‘yin -  Deyan Stankovich  (103)
Eng ko‘p gol kiritgan futbolchi – Stepan Bobek (38)

Foto: Vikipediya

O‘tgan asrning 90-yillaridagi fuqarolik urushi Yevropada o‘ziga xos e'tiborga ega bo‘lgan Yugoslaviyadek davlatni parchalab tashladi. O‘sha davrda mamlakat futboli birmuncha rivojlanish bosqichiga chiqqan, «Tsrvena Zvezda» Yevropaning chempionlari ichidan tengsiz topilgan bo‘lsa, terma jamoa Italiyada o‘tgan mundialda kuchli o‘yin namoyish etgandi. Hatto chorak finalda jahon chempioni va bo‘lajak finalchi Argentinaga qarshi o‘yinning asosiy qismini bir kishi kam bo‘lib o‘ynaganliklariga qaramasdan, uchrashuvni penaltilar seriyasiga olib borishning uddasidan chiqqandilar. Dragan Stoykovich esa turnirning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri bo‘lgan. Aytgancha, o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida aynan Stoykovich aniq zarba yo‘llay olmagandi. Sharhlovchi «Stoykovich popadayet v stoyku!» deya baqirgandi. 

Shvetsiyada o‘tgan Yevropa chempionati final bosqichida ishtirok etish huquqini esa, o‘sha fuqarolar urushi oqibatida Daniyaga qo‘shqo‘llab topshirgandilar. O‘sha yo‘llanma keyinchalik oltin medalga aylanganligini juda yaxshi bilamiz.

Ammo Serbiya terma jamoasini o‘sha 90-yillargacha bo‘lgan Yugoslaviyaning to‘laqonli  vorisi deb atay olmaymiz. Bu jihatdan qaysidir ma'noda Rossiya-Ukraina holatiga o‘xshab ketadi. Xorvatiya va Sloveniya davlatlari ajralib chiqqach, Yevropada dastlabki yillarda natija ko‘rsatish bobida xorvatlar serblarni ortda qoldirgani tufayli, aslida Yugoslaviyaning asosiy yukini xorvatlar ko‘targan ekan, degan tasavvur ham uyg‘ongandi. Ammo Serbiya (u paytda Yugoslaviya) o‘zi qatnashgan ilk mundialdayoq munosib o‘yin namoyish qila oldi. Germaniya, AQSh va Eron bilan bir guruhdan joy olgan qahramonlarimiz faqat Germaniya bilan durang o‘ynashdi va keyingi bosqich masalasini hal qilishdi. Nimchorakda esa Niderlandiya terma jamoasi raqib bo‘ldi va o‘yinning 92-daqiqasidagi Edgar Davidsning goli hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi – 1:2

Belgiya va Niderlandiyada o‘tgan Yevropa chempionatida ham Yugoslaviya ishtirok etdi. Guruh bosqichida muvaffaqiyatli o‘ynab, keyingi bosqichga chiqqan bo‘lishsa-da, maydon egalariga qarshi kechgan chorak final sharmandali ko‘rinish olgandi. Gollandlar olti to‘p kiritdi, Yugoslaviya esa o‘sha turnir to‘purarlaridan biriga aylangan Savol Miloshevichning bir goli bilan javob bera oldi xolos.

Foto: UYeFA

Bunday sharmandali natija mamlakat futbolida olti yil o‘tib, ya'ni jamoa ishtirok etgan keyingi yirik musobaqada ham kuzatildi. Yana o‘sha gollandlarga qarshi o‘yinda. Argentina, Niderlandiya va Kot-D`Ivuar kabi jamoalar bilan bir guruhdan joy olgan serblar boshida autsayder sanalishmadi, favortilarga munosib qarshilik qila olishlari taxmin qilingandi. Ammo Niderlandiya bilan o‘yindagi 0:6 hisobi terma jamoa haqidagi barcha tasavvurlarni chirpirak qilib yubordi. Keyingi o‘yin Argentinaga 0:1 hisobida boy berildi, afrikaliklarga qarshi o‘yin oldidan har ikki jamoada ochkolar soni nolga teng bo‘lsa-da, ilk turlardagi o‘yin saviyasidan kelib chiqib ko‘pchilik serblarning mag‘lubiyatiga shubha qilmaslik darajasiga kelib bo‘lgandi. Shunday bo‘ldi ham, Drogba jamoadoshlari 3:2 hisobida g‘alaba qozondi va Serbiya (u paytda Serbiya va Chernogoriya) o‘sha mundialda ochko olishning uddasidan chiqa olmagan yagona Yevropa jamoasi bo‘lib tarixga kirdi.

Keyingi natijalar ham, ayniqsa, qo‘shni Xorvatiya terma jamoasi fonida juda yomon tomonga qarab ketdi. So‘nggi uch Yevropa chempionatida biz Serbiya terma jamoasini ko‘rmadik. Keyingi uch jahon chempionatida ham faqat bir marta final bosqichiga chiqishdi va o‘shanda ham guruhda so‘nggi o‘rinni band etishdi. Kimsan Germaniya terma jamoasi ustidan g‘alaba qozonilgan bo‘lsa-da, Avstraliya va Ganaga qarshi o‘yinlarda serblar mag‘lubiyatga uchrashdi.

Murabbiy: Mladen Krstaich

44 yoshli murabbiy haqida aniq baho berish qiyin, chunki u hali hech qachon bosh murabbiy sifatida biror joyda ishlamagan. Serbiya terma jamoasini ham biror rasmiy o‘yinda maydonga boshlab tushmadi.

Aslida boshqa murabbiy, bizga yaxshi tanish bo‘lgan Slavolyub Muslin terma jamoani 2016 yildan beri boshqargan va Serbiyani mundialga olib chiqqandi. Ammo kutilmaganda mamlakat futbol federatsiyasi vazifani juda yaxshi bajargan tajribali murabbiyni iste'foga chiqardi. Sabab haqida har ikki tomon ham aniq gap aytmadi. Muslin terma jamoaning jahon chempionatidagi holati haqida federatsiya bilan ziddiyatli fikrlar paydo bo‘lganiga ishora qilgan bo‘lsa, federatsiya jim qolishni afzal bildi. Ba'zi jurnalistlar ochiq va hujumkor o‘ynashga o‘rgangan Serbiyaning saralash o‘yinlaridagi natijaga moslashtirilgan zerikarli o‘yini iste'foning haqiqiy sababi bo‘ldi, deyishsa, yana boshqalar Muslinning fikrlaridan kelib chiqib, terma jamoaga chaqiralayotgan va chaqirilmayotgan futbolchilar borasida Muslin va federatsiya o‘rtasida kelishmovchiliklar borligini taxmin qildilar.

Xullas, o‘tgan davrda Muslinga yordamchilik qilib kelgan Mladen Krstaich bosh murabbiy vazifasini vaqtincha bajardi, o‘tgan yilning dekabrida esa, to‘liq shu vazifani qabul qilib oldi.

«Shalke 04», «Partizan» va Serbiya terma jamoasi safida to‘p surgan Mladen Krstaich murabbiylik ishini 2016 yilda, aynan Muslinga yordamchi sifatida boshlagandi. Uning o‘z g‘oyalari, qarashlari qanday va bu sobiq ustozidan qanchalik farq qilishini mundialda bilib olamiz.

Darvoqe, mashhur nemis murabbiyi Yupp Xaykess Krstaichning murabbiylik salohiyatiga juda yuqori baho bergan. 

Bugungi Serbiya

Foto: The Indian Express

Terma jamoa tarkibi go‘yoki xorvat qo‘shnilari singari Modrich, Rakitich kabi hammaning ko‘z o‘ngida bo‘lib turgan yulduzlardan iborat bo‘lmasa-da, yaxshilab e'tibor berilganda bir necha ajoyib futbolchini uchratish mumkin.

Masalan, himoya chizig‘ida Kolarov, Nastasich kabi o‘z vaqtida «Manchester Siti»da to‘p surgan tajribali futbolchilar, shuningdek, yana bir mashhur futbolchi Branislav Ivanovich serbiyalik. O‘ng qanotda «Vilyareal»ning asosiy himoyachilaridan biri 34 yoshli Antonio Rukavina ham juda ishonchli nomzod. Umuman Serbiya himoyasiga «tajriba» deb baho berish mumkin.

O‘yin tempini boshqarish va hujumlarni boshlash «Manchester Yunayted» a'zosi Nemanya Matichga yuklatilgan. Joze Mourinoning eng sevimli shogirdlaridan biri so‘nggi ikki mavsumda Angliyada juda yuqori saviyada to‘p surdi. Qanotlardagi tezkor va yaxshi texnikaga ega bo‘lgan Kostich va Tadichga ham alohida e'tibor berish lozim. Bu futbolchilar o‘z vaqtida Niderlandiya chempionatida porlashgan, keyinchalik, kuchliroq Germaniya va Angliyada ham yo‘qolib qolishmadi.

Hujum chizig‘ida katta ehtimol bilan Aleksandr Mitrovich to‘p suradi. Aslida «Nyukasl» a'zosi bo‘lgan Mitrovich so‘nggi yarim yilni «Fulhem»da ijara asosida o‘tkazdi va juda sermahsul harakat qildi. 17 o‘yindan 12 gol «Fulhem»ning APL ga qaytuvchi pley-off yo‘llanmasida o‘z o‘rniga ega. Mitrovich shuningdek, terma jamoaning saralash o‘yinlaridagi to‘purari sanaladi – 5 gol. 

Foto: livesport.ru

Rossiya-2018 saralash guruhida Serbiyaga qandaydir top raqib tushmagan bo‘lsa-da, vazifa oddiy emasdi. So‘nggi Yevropa chempionati final bosqichiga chiqqan uch jamoa – Avstriya, Irlandiya va Uels bilan yagona yo‘llanma uchun kurash oson bo‘lmasligi aniq edi. Ammo serblar dastlabki turlardanoq peshqadamlikni o‘z qo‘llariga olishdi, yagona mag‘lubiyat faqatgina jamoa JCh masalasini deyarli hal qilib bo‘lganidan keyingina qabul qilindi.10 o‘yinda Serbiya 20 gol urdi, o‘z darvozasidan 10 marotaba to‘p o‘tkazib yubordi. Olti o‘yinda g‘alaba qozondi.

E'tibor berish kerak: MILINKOVICh-SAVICh va JIVKOVICh

Mitrovich, Tadich kabi tajribali futbolchilar yonida bu ikki yosh futbolchi terma jamoa o‘yiniga o‘zgacha rang va tajovuzkorlik olib kirishi aniq.

Yuqorida Serbiya futboli amaldorlari va Muslin o‘rtasidagi ziddiyatlar haqida aytildi. Aslida bu ziddiyat aynan Sergey Milinkovich-Savich bilan bog‘liqdir. Hozirda «Latsio» safida o‘ynayotgan va «Manchester Yunayted» katta qiziqishi bildirayotgan, narxi 100 million yevro atrofida baholanayotgan Sergeyni mahalliy futbol odamlari bo‘lajak yulduz sifatida ko‘rmoqda. Ammo Muslin o‘z taktik qarashlaridan kelib chiqib, Milinkovich-Savichni terma jamoaga chaqirishdan bosh tortdi. Futbolchi saralashning birorta o‘yinida ham tarkibga chaqirilmadi, uni jalb qilish borasidagi Muslinga bo‘lgan bosimlar ta'sir qilmadi. Muslin o‘zi bosh murabbiy ekan, hech qachon bu futbolchi terma jamoaga chaqirilmasligini aytdi va oqibatda...

Foto: UA-Football

Krstaich keliboq, taktik sxemani o‘zgartirdi va endi Muslin davridagi kabi, 3-5-2 emas, ko‘proq 4-1-4-1 sxemasida o‘ynashga harakat qilmoqda. Mart oyidagi o‘rtoqlik o‘yinlarida Milinkovich-Savich jarohat tufayli chaqirilmagan bo‘lsa-da, uning mundialda tarkibda bo‘lishini va Krstaich sxemalarni aynan uning salohiyatiga maydonda o‘rin topib berishga qaratilganini sezish mumkin. Matichga sherik sifatida Sergey juda kuchli va xavfli markazga aylanishi tabiiy.

22 yoshli vinger Andriy Jivkovich. 16 yoshidayoq Sinisha Mixaylovichning nazariga tushgan va terma jamoaga jalb qilinishiga sal qolgandi. Ikki yil oldin «Borussiya», «“Atletiko», «Chelsi», «Inter» kabi jamoalar uni o‘z tarkibida ko‘rishni istagandi. «Partizan» klubi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Jivkovich tezda asosiy jamoaga moslashib ketdi va hatto «serb Messisi» laqabini ham olgan. 2015 yilda yoshlar tarkibi bilan jahon chempionatida g‘alaba qozonishda ham katta hissa qo‘shgandi.

O‘shanda Jivkovichga Madridning «Real» klubidan taklif tushdi, ammo u Edegor yo‘lidan ketmadi, o‘sha kungi holatiga Madrid klubi mos emasligini his qilib, «Partizan»ga yaqinroq bo‘lgan «Benfika» taklifini qabul qildi. Hozirda Jivkovich bilan «Real» ham, «MYu» ham qiziqishda davom etmoqda, uning qanchalik top darajaga yaqin kelganini mundial ko‘rsatadi.

JCh-2018

Rossiyada serblarga Braziliya, Kosta-Rika va Shveytsariya terma jamoalari raqib bo‘lishadi. Ilk o‘yin Samarada Kosta-Rika terma jamoasiga qarshi 17 iyunga mo‘ljallangan. Shveytsariya bilan o‘yin 22 iyun kuni Kaliningradda bo‘lib o‘tadi. 27 iyun kuni esa, Serbiya terma jamoasi guruhda so‘nggi o‘yinini Moskvada, «pentakampionlar»ga qarshi o‘tkazadi.

Qahramon ASLANOV

Mavzuga oid