O‘zbekiston | 12:20 / 23.05.2018
17628
4 daqiqa o‘qiladi

MIB tadbirkorning hisobvarag‘iga qachon inkasso qo‘yadi?

Foto: UzNews.uz

Mas'ul tashkilotlar korxonalarning hisobvarag‘ini “muzlatib” qo‘yishi hech gap emas. Bir qarashda qonunga og‘ishmay amal qilayotgan, hech narsadan cho‘chishining hojati bo‘lmagan tashkilotning faoliyati falajlanib qoladi. Masalan, suv va gaz bo‘yicha qarzdorligi bo‘lgan yoki ular uchun oldindan 100 foizlik to‘lovni o‘tkazmagan tadbirkorlik sub'yektlarining hisobvarag‘ida yetarlicha mablag‘ bo‘lmasa, “pulli kislorod”ning bo‘g‘zi berkitiladi, deb yozmoqda Norma nashri.

Majburiy ijro byurosi Toshkent tumani bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ubaydullo Mirzayevning aytishicha, bunday holatda hisobvaraqda yetarlicha mablag‘ bo‘lgan taqdirda, u muzlatilmaydi, shunchaki inkasso talabnomasida ko‘rsatilgan qarzdorlik summasi yechib olinadi, xolos. Qarzdorlik qoplanganidan so‘ng sub'yekt o‘z faoliyatini bamaylixotir davom ettiraverishi mumkin.
 
Buning ustiga “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunga 2018 yil 10 yanvar kuni kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, sud hukmini ixtiyoriy ijro etish uchun sub'yektga 15 kun muddat beriladi (ilgari 5 kun edi). Muqaddam ixtiyoriy muddat ichida talabnomani bajarmagan jismoniy shaxslarga EKIHning 5 dan 10 baravarigacha, yuridik shaxslarga EKIHning 10 dan 15 baravarigacha jarima solinar edi. Hozirda tadbirkorga nisbatan jarima qo‘llash faqat sud orqali amalga oshiriladigan bo‘ldi. Sud lozim topsa, tegishli miqdordagi jarimani belgilaydi.
 
Agar tadbirkorning hisobvarag‘ida qarzdorlikni qoplash uchun mablag‘ yetarli bo‘lmasa, korxona yoki tashkilot bankrot holatiga kelib qolgan bo‘lsa, majburiy ijro harakatlariga kirishiladi.
 
Avvalo, tashkilotning hisobvarag‘idan operatsiyalar amalga oshirilishini to‘xtatib qo‘yish uchun MIB xizmat ko‘rsatuvchi bankka inkasso talabnomasini yuboradi. Shundan keyin sub'yekt “Kartoteka 2”ga tushadi. Ya'ni uning hisobvarag‘iga kelib tushadigan mablag‘lar eng avvalo soliq bo‘yicha qarzdorlikni qoplash uchun yo‘naltiriladi. Qarzdorlikdan to‘liq qutilmaguncha boshqa operatsiyalarni amalga oshirishi taqiqlanadi.

So‘ngra boshqa qarzdorliklar, oylik ish haqi va hokazolarga sarflanishiga yo‘l qo‘yiladi.
 
Majburiy ijro harakatlari quyidagilarni ham o‘z ichiga oladi:

• qarzdorning boshqa hisobvaraqlari tekshiriladi;
• qarzdorlik yuzasidan undiruvni mol-mulkga qaratish choralari ko‘riladi (ko‘chmas mulk, avtotransport vositalari, mebellari va boshqalar);
• xatlanadi va baholanadi;
• majburiy realizatsiya qilinadi.
 
Bunda baholash xususiy kompaniyalar tomonidan amalga oshiradi. Baholash kompaniyasining xizmatlari uchun haq qarzdordan undiriladi.
 
Korxonaning ishlab turgan asbob-uskunalariga undiruvni qaratish mumkin emas. Xatlanganda ishlab chiqarishda bevosita qatnashmaydigan mol-mulkka undiruvni qaratishga yo‘l qo‘yiladi. Korxona faoliyat ko‘rsatmay qolmasligi kerak.
 
YaTTning qarzdorligi bo‘lsa, u shaxsiy mol-mulkidan undiriladi.
 
Ijro mobaynida kelib chiqqan nizolar sud tartibida hal etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid