O‘qituvchilarni obodonlashtirish ishiga jalb etgan maktab direktori lavozimidan chetlatildi
Maktab direktori Azamat Umarov pedagoglarni obodonlashtirish ishlariga jalb qilgani uchun lavozimidan chetlatildi. Joriy yilning apreliga qadar Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Umarov keyingi lavozimidan ham bo‘shatildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, Azamat Umarov endigina Samarqand shahridagi 62-sonli maxsus maktab-internati direktori lavozimiga tayinlangandi. Shundan so‘ng, direktor tomonidan mazkur maktab pedagoglarini obodonlashtirish, ko‘cha tozalash ishlariga jalb qilingani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.
Ushbu vaziyatni o‘rganib chiqqan Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi huzuridagi O‘qituvchilarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlash hamda majburiy mehnatga jalb etishga qarshi kurashish bo‘yicha komissiyasi bo‘lib o‘tgan voqeani tasdiqladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi Matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, Samarqand shahridagi 62-sonli maktab-internati direktori muassasa hovlisida ishchi-xodimlar ishtirokida obodonlashtirish ishlarini tashkil qilganligi aniqlangan. Biroq maktab rahbari obodonlashtirish ishlarini noto‘g‘ri targ‘ib qilgan, pedagog jamoada norozilik kayfiyatini uyg‘otgan va muassasada sog‘lom muhitni o‘rnatolmagan.
Shunday qilib, Komissiya tavsiyasiga ko‘ra maktab-internati direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Eslatib o‘tamiz, 10 may kuni Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 349-sonli qarori qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra, ixtiyoriy-majburiy hashar tashkil qilish taqiqlangandi. Hujjatga muvofiq, hokimlar, barcha darajadagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga fuqarolarni, jumladan, ta'lim, sog‘likni saqlash muassasalari boshqa byudjyet tashkilotlari xodimlarini, ta'lim muassasa o‘qituvchilari va talabalarni majburiy mehnatga obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, metall chiqindilar va makulatura yig‘ish, shuningdek, boshqa turdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish holatlarining zudlik bilan oldini olish va chek qo‘yishga, bunday holat ro‘y berganda esa huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berish vazifalari yuklatilgandi.
Mavzuga oid
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024