Jamiyat | 22:57 / 27.05.2018
42437
4 daqiqa o‘qiladi

Oq va qora: Biz ikki boshli bolalarni tarbiyalayapmiz

Mustaqil terrolog-analitik Said-Abdulaziz Yusupov muallifligida «Oq va qora» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida bugungi kun oilasi va unda tarbiyalanayotgan bola ruhiyati, ma'naviyati haqida so‘z yuritiladi. 

«XXI asrni biz zamonaviy tahdidlar asri, deb o‘rganganmiz. Bu asr faqatgina iqtisodiy bo‘hronlar, iqtisodiy tahdidlar emas, ma'naviy, g‘oyaviy, mafkuraviy tahdidlar asri desak xato bo‘lmaydi. Bugun biz yashab turgan jamiyatga nazar tashlab ko‘ring. Hozir Ramazoni sharif oyidamiz. Kunning ikkinchi yarmida, ya'ni asablar charchab holdan toygan, shovqin-suron yoqmagan payt bolalarimizning qo‘liga telefon, planshet va shunga o‘xshash narsalarni berib qo‘yamiz. Muhimi – bolamiz shovqin qilmasa bo‘lgani. Biz o‘z xotirjamligimizni mana shuning evaziga ta'minlaymiz. Ammo vaqti kelib, buning badali qanday bo‘lishi haqida o‘ylab ko‘ryapmizmi?

Bugun uch-to‘rt yashar bola o‘zi istagan videoni internetdan topib ko‘rish imkoniyatiga ega. Biz aytamiz, bizning davrimizda bunday narsalar yo‘q edi, ha to‘g‘ri, bunday narsalar yo‘q edi. Ammo ko‘chada o‘ynash, changga, loyga botish, qoqilish va mana shulardan zavq olish hozirgi bolalarda yo‘q. Bugun ular internetdan o‘zlari istagan savolga tayyor javob olishyapti. Bu bolani mushohada yuritishdan mahrum etadigan bir holat. 

E'tibor bering, internetdan turli ma'lumot olayotgan bolalar aslida gullar iforidan mahrum bo‘lib qolishyapti, dengizning shovqinini eshitishmayapti. Hayotda insonni inson qiladigan ichki bir tuyg‘u, ichki bir dunyoni shakllantiradigan his-tuyg‘ular bugun kitob orqali emas, balki internet orqali shakllanyapti. Bu fikrlarim bilan internetga, texnologiyaga qarshiman demoqchimasman, bu g‘irt ahmoqgarchilik bo‘ladi. Chunki internet hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Men internet ruhiyatimizning ajralmas qismiga aylanishiga qarshiman. 

Bir narsani misol qilaylik: bugungi kunda oyog‘i, qo‘li, qulog‘i, ko‘zi, tili iffatli bir avlod yetishtirish, bir farzand tarbiya qilish eng buyuk jihodga aylandi, eng buyuk sinovga aylandi. Aslida, farzand Allohning buyuk bir ne'mati. Eng buyuk sinov – eng buyuk ne'matda bo‘ladi. Sizni azoblashi mumkin, aytganingizni qilmasligi mumkin, ammo biz mana shu sinovdan qanday o‘tyapmiz? Bugun bolangizning qo‘liga planshet berib qo‘yib, uni mushohadadan ayro qilib qo‘yishingiz butun boshli jamiyatning, butun boshli davlatning kelajagini tahlikaga solish bilan barobar.

Ommaviy axborot vositalari yoshlarimizning ruhiyatini buzib tursa, ma'naviyatini buzib tursa, bu ishlarini ochiqdan-ochiq qilishsa, Yoshlar ittifoqi kabi tashkilotlar ming tarbiya bergani bilan, tarbiyaga chaqirgani bilan bu narsaning foydasi bo‘lmaydi. 

Yana bir katta muammolarimizdan biri, biz ikki boshli bolalarni tarbiya qilyapmiz. Alloh taolo Qur'onda aytadiki: “Mas'uliyat – erkaknikidir”. Aksariyat oilalarimizda nima bo‘lyapti? Ota bir gap aytyapti, ona boshqa gap aytayapti. Bu bola ikki boshli bola bo‘lib ulg‘ayapti, qaror qabul qilolmayapti. Ijtimoiy hayotga qarorsiz bir shaklda kelyapti. Oilada qaror qabul qilish otaning mas'uliyati. Uni hayotga tatbiq etish esa onaning mas'uliyatidir.

Mavzuga oid