Jamiyat | 12:12 / 31.05.2018
8283
3 daqiqa o‘qiladi

Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Oltinko‘l O‘STK rivojlanish yo‘lida

Foto: KUN.UZ

Ishga o‘zgacha yondashuv, tinimsiz izlanish, tashabbuskorlik, o‘quv jarayoniga innovatsion loyihalarni olib kirish va bugungi kun talabida faoliyat yuritish singari jihatlarni Andijon mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi tizimidagi o‘quv muassasalar misolida ko‘rishimiz mumkin.

Tashkilot tizimida faoliyat yuritayotgan o‘quv sport texnika klublari avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun zamonaviy anjomlar, o‘quv dasturlari bilan jihozlandi.

Xususan, so‘nggi rusumdagi kompyuter jamlanmalari, videoproyektorlar, qulay o‘rindiqlar, elektron va markerli interaktiv doskalar, avtoulovining elektrlashtirilgan qirqimli harakatlanuvchi stendlari, zamonaviy avtotrenajyorlar, ko‘rgazmali pannolar tinglovchilarni bilimini oshirishga xizmat qilayotir. 

Tashkilot tasarrufidagi muassasalarda sportning avto, avia, raketa va kemamodel, radiosport, karting, motosport pnevmatik miltiqdan o‘q otish, triatlon, ko‘pkurash, yozgi biatlon turlari bo‘yicha to‘garak va seksiyalar ishlab turibdi.

Oltinko‘l tuman O‘STK faoliyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, muassasada 25 nafar malakali ishchi-xodimlar ommaviy kasbdagi texnik mutaxassislar tayyorlash yo‘lida faoliyat yuritib kelmoqda.

Yangilanish va innovatsion uslubda mashg‘ulot o‘tish maqsadida O‘STKning o‘quv moddiy negizi takomillashtirilib, muassasa auditoriyalarida tinglovchilarning zamonaviy uslubda kasb o‘rganishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Tashkilotdagi 12 yengil va 4 ta yuk avtomobillarida amaliy mashqlar o‘tkaziladi.

O‘quv sport texnika klubida sport ishlari ham namunali yo‘lga qo‘yilgan. Muassasada barcha qulayliklarga ega o‘q otish to‘garagida tuman yoshlari muntazam shug‘ullanib kelmoqda.

Kuni kecha 30 may kuni aynan tashkilot majmuasida bo‘lib o‘tgan o‘q otish sporti bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi viloyat kubogi 3-bosqich musobaqalarida oltinko‘llik yoshlar 2- o‘rinni egalladi.

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid