Jamiyat | 23:28 / 31.05.2018
52358
9 daqiqa o‘qiladi

Shahrixon MIB xodimidan hujjat so‘rasang baloga qolasan!

“Kun.uz” tahririyatiga Shahrixon tumanidan kelgan murojaatga e'tibor qaratamiz:  

“Men, Odiljon Qodirov Andijon viloyati, Shahrixon tumani “Navro‘z” mahallasi “Yangi turmush” ko‘chasi 24- uyda istiqomat qilaman.  

Shu yil 13 may kuni xonadonimizga Islombek Shomatov degan yigit kelib:  “Shahrixon tuman MIB bo‘limi xodimiman. Ko‘changizdagi sim yog‘ochga o‘rnatilgan elektr hisoblagichni tekshiramiz” dedi.

Men bu yigitni avval ko‘rmaganman. Maxsus kiyimi ham yo‘q edi. Unga “Hujjatingiz bormi?” dedim. U: “Menga forma yetmay qolgan, hujjatim esa ishxonada mashinamda qolibdi” deya javob berdi. “Sizni ko‘rmagan ekanman. Uzr, simyog‘ochdagi o‘zimni va qo‘shnilarimning hisoblagichlarini  hujjatingizni olib kelgach tekshirarsiz...” deb uydan olib chiqqan narvonimni yig‘ishtirib qo‘ydim. 

U yigit menga achchiq qilib ketdi va ancha vaqtdan so‘ng MIB yozuvi tushirilgan ko‘krak nishonni ko‘tarib keldi (agar shuni hujjat deb bilsak?) boshqa tomondan esa o‘zini  O. Asqarov deya tanishtirgan sherigi ham yetib keldi. U elektr ta'minoti bo‘limi xodimi ekan. So‘ng hisoblagichlarni tekshirishga ruxsat berishim bilan ikkovi menga muomalalarini ters holda o‘zgartirishdi. Islom Shomatov: “Siz mendan hujjat so‘radingiz-a? Endi o‘zingizdan ko‘ring!” dedi. So‘ng: “Hisoblagichingiz simyog‘ochga 2 metrdan yuqoriga o‘rnatilgan, boz ustiga eski rusumdagi ekan. Yana raqami bizdagi raqam bilan mos kelmadi”  deya dalolatnoma tuzishdi.

1999 yili elektr tarmoqlari xodimi laboratoriyadan o‘tgan hisoblagichni o‘rnatib, ro‘yxatga olingan daftarchani berib ketgan. Har gal o‘zim borib, qarzdorligimni tekshirtirganimda yo bulmasa elektr vakili uyimga kelib ko‘rganida muammo aytilmagan. Bu holat dalolatnoma yozib, jarima qo‘llash darajasidagi kamchilik ekanligi meni hayron qoldirdi. “8-9 yilcha avval xizmat safarida bo‘lgan paytim mahalliy hokimiyat buyrug‘i deb, barcha hisoblagichlarni ko‘chaga beton simyog‘ochga o‘rnatib ketishgan. Uni ikki metrdan yuqoriga qo‘yish masalasida meni hech kim ogohlantirmagan”,- deyishimga qaramay, ko‘krak nishonli MIB xodimi dalolatnomaga qo‘l qo‘yib berishim zarurligini aytib  turib oldi, men esa dalolatnomani o‘qib ko‘rgach, imzo qo‘yishdan bosh tortdim. Sababi, dalolatnomada barcha ayblovlar mening zimmamga yuklatilgan edi.

Xodimning “Imzo qo‘ymasangiz elektr ta'minotidan uzib qo‘yaman”, degan dag‘dag‘asidan so‘ng, men unga: “To‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab borayotgan bo‘lsam 20 yilga yaqin muammosiz kelayotgan edi. Hujjatingizni so‘raganimdan so‘ng menga atay qasd qilib faqat mening hisoblagichimni shu tariqa tekshiryapsiz. Holbuki, barcha mahalladagi xonadonlarniki shunday holda. Uzmaysiz! 80 yoshdan oshgan onam bor qiynalib qoladi” dedim. U menga tahdid qilganicha: “Siz Prezident qaroriga qarshi chiqdingiz! Ertaga gruppa kelib, simyog‘ochdan uzib ketadi” deb do‘q qilib chiqib ketdi.  

Aytinglar-chi, bu holatda qanday harakat qilish mumkin? MIB xodimidan hujjatini so‘rasang yo‘q muammoni yuzaga chikarib, katta jarimani bo‘yningga ilishga shaylansa. Qarzdorligim bo‘lsa ham mayli edi...

Ammo bir vaqtlar elektr ta'minoti xodimlari qilgan ayb uchun yana men kaltak yeyishim kerakmi? O‘sha kundan beri tinchim yo‘q. Bu menga jarima solishga asos bo‘lar ekan. Men ushbu murojaatnomani halovatim buzilganidan so‘ng yozishga harakat qildim. Sababi, ko‘z o‘ngimda MIB bo‘limi elektr ta'minot bo‘limini oqlar  yoki aksincha u tomon bu tomonni to‘g‘ri ish qilayotganini aytardi. Bittagina aybdor men edim. O‘sha kundan beri uyda tinchlik yo‘q. O‘sha xodim uch marta kelib hisoblagichlardan ayb izlab ketdi. Xonadonimda “uch kunlik tekshiruv” o‘tkazib, yana 1999 yili o‘rnatilgan hisoblagichga elektr ta'minoti korxonasi tomonidan berilgan naryad  yo‘qligini ham aniqlabdi. Surishtirsam, o‘sha Islombek Shomatov tomonidan aytilgan naryad atrofdagi hech qaysi qo‘shnimda yo‘q ekan. Hozir MIB idorasiga chaqirtirib, turli hujjatlar yig‘indisini taqdim etishim zarurligini aytishib, jarima solish bilan dag‘dag‘a qilishmoqda.  Iltimos yordam beringlar”,-deyiladi arznomada. 

Aholi vakilining bizga yozgan murojaatidan so‘ng voqeani joyida o‘rganish maqsadida Shahrixon tumaniga bordik. Odiljon Qodirov GM O’zbekiston avtomobil zavodida faoliyat yuritar ekan.  Uning xonadonida bo‘lib, elektr ta'minoti bo‘yicha daftarcha va hujjatlar bilan tanishgach, tuman MIB idorasi tomon yurdik.

Ma'lumki, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi undiruvni ta'minlovchi davlat organi hisoblanadi va bevosita fuqarolar bilan ish olib boradi. Biz tashkilotga borib, muammo haqida  tashkilot mutasaddilarining qay darajada xabardor ekanligi va o‘sha xodim Islombek Shomatov (agar haqiqatda o‘sha yerda faoliyat yuritsa) xatti-harakatlari idora xodimlarining ish yuritish etikasiga qay darajada to‘g‘ri kelishi haqida ma'lumot olmoqchi bo‘ldik.

Holbuki, Odiljon oxirgi kunlarda Shahrixon MIB idorasiga uch-to‘rt marta chaqirtirilibdi. Unga yashash joyidan ma'lumotnoma va mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan xulqi haqida tavsifnoma olib kelishini aytishgan. 

Afsuski, Shahrixon MIB idorasida fuqaro murojaatiga bog‘liq hech qanday oydinlik kirita olmadik. Bino ichiga hujjat ko‘rsatib kirgach, kommunal to‘lovlar operatori vazifasida ishlovchi xodim bizga idora boshlig‘ining aynan kommunal to‘lovlar bo‘yicha o‘rinbosarini chaqirib berishini aytdi.

Oradan 20 daqiqa o‘tib bizga yuzlangan xodim hujjatlarimizni so‘radi. Taqdim qildik. Maqsadimizni so‘radi. Ma'sul shaxsga fuqarodan tushgan murojaat mazmuni haqida tushuncha berdik. Xodim : “Ushbu holat bo‘yicha sizlar bilan hech qanday suhbat o‘tkazmayman. Sizlar bilan, viloyat idorasidagi matbuot bilan ishlovchi xodim gaplashadi. Meni kimligimni va qay vazifada ishlashimni ham o‘sha xodim aytadi. Ismi-familiyamni va vazifamni aytishim mumkin emas. Bu yerga kirishinglar mumkin emas. Tezda chiqib ketinglar!”, deya javob berdi. Mutasaddining ismi-sharifini qayta-qayta so‘raganimizda u:  “Ikromjon Xolmatovman, boshqa savol bermang!” dedi, xolos. Shunda fuqaroning tahririyatga nega murojaat bitganini tushundik. 

Sizda: “Muxbir oddiy voqeadan katta maqola yasabdi”, degan fikr paydo bo‘lgandir. Biz bir fuqaroning murojaatini o‘rganish mobaynida, uning arzini MIB tashkilotiga yetkazishni maqsad qilgandik, xolos. Shahrixon tumanida fuqaro bilan bo‘lgan harakatlarga viloyat tashkilotidan izoh so‘rash kerakligi aqlimizga sig‘madi. Balki, o‘sha xodim tashkilot ma'sullariga butunlay boshqacha xabarni yetkazib, fuqaroni aybdor qilayotgandir. Fuqaro xonadoni va yuridik tashkilotga ish yuzasidan kirib kelgan har qanday shaxsdan hujjat ko‘rsatishni talab qilish qonunga xilof ish emas-ku?  

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tashkil etilganidan buyon rivojlanish va takomillashuv yo‘lidan borib, energiya resurslaridan foydalanish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlash hamda sud hujjatlari ijrosini ta'minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirayotgani tahsinga loyiq. Yuqorida keltirilgan birgina tumandagi salbiy holat  tizimda faoliyat yuritayotgan  sofdil xodimlarning hurmatiga soya solmasligi aniq.

Biroq, fuqarolarning ma'lum bir tashkilot to‘g‘risidagi fikrlari -  jamoatchilik fikrini paydo qiladi.

Shahrixon MIB idorasida borganimizda bizni tinglashmadi va oddiygina holatga javob ololmadik.

P.S. Biz mazkur byuro mutasaddilaridan yuqorida keltirilgan holat va xodimning fuqaroga bo‘lgan muomalasi bo‘yicha izoh kutib qolamiz.

O‘z muxbirimizdan

Mavzuga oid