Namanganda gul bayrami g‘oliblari “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandi
Kuni kecha Namangan viloyat markazidagi “Uch favvora” xiyobonida 58-an'anaviy gul bayrami g‘oliblari va faol ishtirokchilarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimda Namangan viloyati hokimi, senator Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib, sifat jihatidan takomillashib borayotgan asl va navqiron gul bayrami bilan yig‘ilganlarni samimiy tabrikladi. Har bir hududning o‘ziga xos an'analari borligi, shu ma'noda dunyoning sanoqli davlatlarida o‘tkaziladigan gul bayrami Namanganda ham an'anaviy ravishda nishonlanayotgani, eng avvalo, barchaga faxr va g‘urur bag‘ishlashini ta'kidladi.
E'tirof etish joiz, oldinlari gul bayrami avgust oyida, u ham bo‘lsa atigi ikki kun mobaynida o‘tkazilardi, bayram qamrovidan esa tashkilotchilarning ko‘ngillari to‘lmas edi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016 yilning noyabr oyida Namanganga tashrifi chog‘ida gul bayramining shakl-shamoyilini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, ayyomni bahor fasliga ko‘chirish va uning ko‘lamini kengaytirish taklifini ilgari surgan edi.
Qayd etish joiz, bu yilgi gul bayramiga o‘tgan yetti kun mobaynida Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Bangladesh, Kuvayt, Bahrayn, Koreya, Xitoy va boshqa davlatlardan 300dan ziyod turist tashrif buyurdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston xalq artistlari Abduhoshim Ismoilov, Zulayho Boyxonova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Mehri Abdullayeva, Yahyobek Mo‘minov, Samandar Xamroqulov, “Nihol” davlat mukofoti sovrindorlari Malika Egamberdiyeva, Gulasal Abdullayeva, estrada xonandalari Otabek Muhammadzohid, Munisa Rizayeva, Qilichbek Madaliyev ijrosidagi dilrabo kuy-qo‘shiqlar davraga yanada ko‘tarinki tarovat kiritdi.
Tadbirning hayajonlari damlari yaqinlashib, g‘olib va sovrindorlar, turli nominatsiyalar egalari nomi ma'lum qilindi. Oliy o‘rin sohiblari uchun ajratilgan ikkita “Spark” avtomobiliga gulchi Mirzohid Xolmirzayev hamda “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksionerlik jamiyati jamoasi sazovor bo‘ldi.
Oqilxon Dadaboyev
Mavzuga oid
16:53 / 22.11.2024
Namanganda 4 kishini Britaniyaga ishga yuborish evaziga 12 ming dollar olgan shaxs ushlandi
16:34 / 18.11.2024
“Manzil”: Dengiz sathidan 3000 metr balandlikdagi ko‘l – Arashan buloqqa sayohat
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
21:11 / 11.11.2024