O‘zbekiston | 10:29 / 05.06.2018
164906
9 daqiqa o‘qiladi

2018 yil 1 iyundan nima o‘zgardi?

Lisenziyalar soni ancha kamaydi; ayrim tashkilotlarga solinadigan soliqlar pasaytirildi; korporativ haydovchilar xususiy kurslarda malaka oshirishlari mumkin va 1 iyundan amal qila boshlagan yana 6 ta yangilik, deb yozadi Norma.
 
Birinchisi. Biznes sohasidagi litsenziyalar va ruxsat berish tartib-taomillari kamaydi. 7 turdagi litsenziya va 35 ta ruxsat beruvchi hujjatlar to‘liq bekor qilindi. Ayrimlari – birlashtirildi, endi bir yo‘la bir nechta litsenziya (ruxsatnoma) rasmiylashtirishga zarurat yo‘q – bitta hujjatning o‘zi kifoya. 15 turdagi litsenziya va 35 ta ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari qisqartirilib, ularni olish jarayoni jadallashtirildi. Biroq bu hali hammasi emas.
 
Ayrim turdagi faoliyatga litsenziya berish funksiyalari Vazirlar Mahkamasidan quyi turuvchi idoralarga o‘tkazildi. Ba'zi litsenziya va ruxsatnomalarni respublika organlari o‘rniga endi ularning hududiy boshqarmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari o‘rniga – tuman (shahar) hokimliklari beradi. Bu ham zarur hujjatlarni olish jarayonini tezlashtirib, qog‘ozbozlikni kamaytirishda yordam beradi.
 
Ayrim litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish jarayoni soddalashtirildi. Asosan arizachilardan talab qilinadigan hujjatlar soni qisqartirildi.
 
Endi beriladigan litsenziyalarning amal qilish muddati cheklanmaydi. Quyidagi huquqni beradigan litsenziyalar bundan mustasno:

• tibbiyot va farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish – 5 yil;
• giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish – 5 yil;
• ko‘chma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlaridan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatish – 15 yilgacha, biroq kamida 5 yil, shuningdek teleradioeshittirishlarni tarqatish – 5 yil;
• neft, gaz va gaz kondensatini qazib olish, qayta ishlash va sotish – 5 yil.
 
Ikkinchisi. Endi tadbirkorlik sub'yektlari, ilgari majburiy bo‘lgan eksport shartnomasini tuzmasdan va eksport uchun bank komissiyasini to‘lamasdan, elektron savdo internet-maydonchalari orqali tovarlar, ishlar va xizmatlarni eksport qilishlari mumkin. Ushbu qoida tatbiq etilmaydigan ayrim tovarlarni Vazirlar Mahkamasi belgilashi kerak. Ayni paytda hamma foydalana oladigan bunday ro‘yxat yo‘q. 
 
Bunda tadbirkorlar tomonidan elektron tijoratdan foydalanish orqali sotiladigan tovarlar aylanmasi ularning hajmidan qat'i nazar, chakana savdo hisoblanadi. Bu, masalan, ulgurji savdoga litsenziya olish zaruratini istisno etadi.
 
Uchinchisi. Ayrim tashkilotlarning soliq yuki kamaytirildi:
 
a) konsert-tomosha ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan, yuridik va jismoniy shaxslarni (shu jumladan, norezidentlarni) jalb etish yo‘li bilan ommaviy tomosha tadbirlarini tashkil etishdan daromadlar oladigan mikrofirma va kichik korxonalar uchun YaST stavkasi 30%dan 5%gacha pasaytirildi.
 
b) mehnatga haq to‘lash fondini tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan kelib tushgan mablag‘lar hisobidan shakllantiruvchi NNT uchun YaIT stavkasi 15%dan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilandi.
 
Yirik va mayda shoxli mollar, teri, mo‘yna, qorako‘l xom ashyosi va junni yuridik shaxslarga sotishda o‘zi ishlab chiqargan mahsulotning kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilmasdan JShDS bo‘yicha imtiyoz qo‘llaniladi.
 
To‘rtinchisi. 1 iyundan boshlab avtomototransport vositalari va shahar elektr transport vositalari haydovchilari davlat ta'lim muassasalari yoki ta'lim faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan xususiy tashkilotlarda malaka oshirishlari mumkin. Avvaliga yuridik shaxslarga tegishli transport haydovchilarining malakasini oshirish bo‘yicha alohida huquq «Avtotest Report» MChJga va kamida 51%i unga tegishli bo‘lgan tashkilotlarga berilgan edi.
 
Eslatib o‘tamiz, korporativ avtotransport haydovchilari 2 yilda 1 marta malaka oshirishlari shart. Bu yakka tartibdagi tadbirkorlarga hamda qisqa muddatli ijara (prokat) va lizing asosida yuridik shaxslarning avtotransport vositalarini boshqarayotgan boshqa fuqarolarga tegishli emas.

Beshinchisi. Davlat xizmatini olishni ko‘zlayotgan barcha shaxslar Davlat xizmatlarining yagona reyestriga kirib ko‘rishlari mumkin. Shu tariqa uni qayerda olish mumkinligini bilib oladilar: umumiy sonidan (444 ta xizmat turi) 31 tasi davlat xizmatlari markazlarida (sobiq «yagona darcha» markazlari), qolganlari esa – bevosita vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralari, notarial idoralar va boshqa organlar tomonidan ko‘rsatiladi. Shuningdek reyestrda xizmat pulli yoki bepul ekanligi qayd etilgan. Biroq eng asosiysi – muayyan xizmat ro‘yxatda bo‘lmasa – u ko‘rsatilmaydi, bu taqiqlangan.
 
Shunisi qiziqarliki, butun mamlakat bo‘ylab 14 ta davlat xizmatlari markazida tajriba o‘tkazila boshladi. Ularda 70-100 turdagi talab yuqori bo‘lgan davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Bu markazlarga standart tarzda ko‘rsatish buyurilgan xizmatlardan ancha ko‘p, binobarin, ular boshqa davlat organlari bajaradigan hajmni qisman zimmalariga oladilar. Poytaxtdagi Yunusobod tumani Davlat xizmatlari markazida tajriba o‘tkaziladi. Natijalarga ko‘ra, bir yildan so‘ng qolgan barcha davlat xizmatlari markazlarining yukini oshirish mumkinligi masalasi hal etiladi.
 
Oltinchisi. Pivo, aroq va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish uchun yig‘im to‘lashlari shart. Ular soha vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi. Ular ishlab chiqaradigan mahsulot qiymati oshishi ehtimoldan xoli emas.
 
To‘g‘ri, yig‘imlarni hisoblab chiqish va to‘lash tartibi hali tasdiqlanmagan. Moliya vazirligiga Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda uni qabul qilish vazifasi topshirilgan.
 
Yettinchisi. Yozning ilk kunidan boshlab telekommunikatsiya sohasidagi qonunbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar (jarimalar)ning yangi miqdorlari va ularni hisoblash tartibi amal qila boshlaydi. 
 
Sakkizinchisi. 1 iyundan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarning yagona elektron reyestri ishga tushiriladi. U mazkur shaxslar, tayinlangan pul to‘lovlarining turlari va miqdori, ajratilgan texnik reabilitatsiya vositalari, protez-ortopediya buyumlari va dori vositalari, ko‘rsatilgan ijtimoiy xizmatlar va berilgan imtiyozlar to‘g‘risidagi kompleks ma'lumotlarni o‘z ichiga oladi.
 
Reyestr mazkur sohadagi ishlarning holati haqidagi ma'lumotlarni tezkor olish, davlat organlari o‘rtasida ma'lumotlar almashinuvini amalga oshirish, byudjyet mablag‘lari maqsadsiz sarflanishi va suiiste'molchilik holatlarining oldini olish imkonini beradi.
 
To‘qqizinchisi. NNT faoliyatiga doir ayrim jihatlar o‘zgardi:

• ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan NNTning tadbirlarini kelishish tartibi rejalashtirilayotgan tadbirlar haqida xabardor qilish tartibi bilan almashtiriladi;
• xorijiy donorlardan yoxud ularning topshirig‘iga binoan boshqa shaxslardan kelib tushgan pul mablag‘laridan va mol-mulkdan, ularni olish ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan belgilangan tartibda kelishilgandan so‘ng, biron-bir to‘siqlarsiz foydalaniladi;
• O‘zbekistondagi NNT uchun ajratilgan grant mablag‘lari ularning mamlakatdagi istalgan bank muassasalarida ochilgan maxsus hisobvaraqlariga kelib tushadi;
• jamoat fondi ma'muriy xarajatlarining, shuningdek, vasiylik kengashi va taftish komissiyasi a'zolariga beriladigan mukofot puli to‘lovlarining va ular o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq xarajatlar kompensatsiyasining yillik umumiy summasi fondning barcha xarajatlari summasining 20%idan 30%igacha oshdi;
• NNTning pensioner xodimlariga pensiya ularning mazkur tashkilotlardagi faoliyati yagona ish joyi bo‘lgan taqdirda, to‘liq to‘lanadi.
 
Yana bir yangilik. Endi nodavlat tashkilotlari fuqarolarni O‘zbekiston hududida ishga joylashtirish sohasida pullik xizmatlar ko‘rsatish huquqiga ega. Hamyurtlarimizni xorijda ishga joylashtirish bilan shug‘ullanish uchun litsenziya bo‘lishi zarur. Biroq uni olish tartibi hali tasdiqlanmagan. Buning ustiga, ayni paytda ushbu yo‘nalish Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxatiga ham kiritilmagan.

Mavzuga oid