Sport | 16:31 / 06.06.2018
9866
13 daqiqa o‘qiladi

Mundialni kutib. Tanishtiruv: Eron

ERON TeRMA JAMOASI
Laqabi: «Fors shahzodalari»
Konfederatsiya: OFK
FIFA reytingidagi o‘rni: 21
Libos rangi: oq/qizil
Jamoa sardori: Masud Shojai
Osiyo chempioni: 1968, 1972, 1976
Jahon chempionati: 5-marta final bosqichida qatnashmoqda
Terma jamoa tarixida eng ko‘p maydonga tushgan: Javod Nekunam (151)
Terma jamoa tarixida eng ko‘p gol urgan: Ali Dayi (109)
Tarixdagi eng yirik g‘alaba: Guam - 19:0 (2000)
Tarixdagi eng yirik mag‘lubiyat: Turkiya - 1:6 (1950)

Tarixi

FIFAning jahon chempionatlariga nisbatan o‘z siyosatini o‘zgartirishi qatnashchilar sonining oshib borishiga va shuningdek, kuchli Yevropa jamoalarining o‘z o‘rinlarini Osiyo yoki Afrika mamlakatlariga bo‘shatib berishlariga to‘g‘ri keldi. JCh-78 saralashlaridan boshlab, mundial saralashlarida mintaqaviy zonalar paydo bo‘ldi, Osiyo va Afrika terma jamoalariga ham ko‘proq o‘rin tega boshladi. Masalan, oldingi jahon chempionatida Osiyo va Avstraliya uchun 1, Afrika uchun ham atigi 1 o‘rin berilgandi.

Saralash bosqichidagi reformalar natijasida dunyo Eron terma jamoasini tanidi. Balki aslida sabab faqat bu omilda ham emasdir, chunki agar eronliklarning 70-yillardagi natijalariga qarasangiz, o‘sha jahon chempionatida Eron qatnashmasa bo‘lmasligini tushunasiz. JCh-78 turniridan oldin bo‘lib o‘tgan so‘nggi uch Osiyo kubogida Eron chempion bo‘lgandi. 1976 yilda Eron Osiyo o‘yinlarida ham g‘olib chiqdi. Hatto o‘sha 1976 yili Eron Olimpidada ham munosib ishtirok etib, chorak finalgacha chiqib borgandi. Bu natijalarning mantiqiy davomi sifatida, Eron 1977 yilda bo‘lib o‘tgan saralashning hal qiluvchi bosqichini ko‘tarinki ruhda o‘tkazdi. Osiyodan Janubiy Koreya, Xongkong va Kuvayt, shuningdek, Avstraliya terma jamoalari ishtirok etgan guruhda forslar 8 o‘yinda birorta ham mag‘lubiyatga uchramadi va tarixda birinchi bor mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.

Foto: Wikipedia

O‘sha debyut jahon chempionatidan ham, 2006, 2014 yillardagi jahon chempionatlaridan ham eronliklarda yorqin xotiralar yo‘q desa ham bo‘ladi. Butun dunyoga o‘zini namoyish qila olgan eng muvaffaqiyatli musobaqa sifatida ular JCh-98 ni eslaydilar.

To‘g‘ri, o‘shanda ham Eron guruh bosqichidan o‘ta olmagandi. Ammo AQShga qarshi o‘yin haqiqiy jangga aylanib ketgan, bu o‘yindagi 2:1 hisobidagi g‘alaba Ali Dayi, Bageri, Azizi kabi futbol yulduzlarining Eronda qahramonga aylanishlari uchun kifoya bo‘lgandi. Sababi, aynan o‘sha yillarda Eron va AQSh mamlakatlari o‘rtasidagi siyosiy ziddiyatlar eng avj pallaga kelgan, bu o‘yin esa, futboldan ham, guruh bosqichidan ham, umuman chempionlikdan ham muhim darajaga kelib qolgandi. O‘sha g‘alaba eronliklar uchun haligacha jahon chempionatlari final bosqichidagi yagona zafar bo‘lib turibdi.

Karlos Keyrush davri

Foto AP

Karlos Keyrush deganda ko‘pchilik «Manchester Yunayted»dagi Fergyusonning yordamchisi sifatida bilishsada, aslida uning Angliyadagi faoliyatidan avvalgi davri ham e'tiborga molik. Ayniqsa, 80-yillar oxirida u Portugaliya yoshlarini ikki karra jahon chempioni qilgani (Figu va Rui Koshta avlodi) va 1991 yilda Portugaliya bosh jamoasiga tayinlanganini ko‘pchilik bilmasa kerak.

Keyinchalik u «Sporting»ni boshqardi, JAR terma jamoasini JCh-2002 turniriga olib chiqdi, u yerdan iste'foga chiqarilgach, Manchesterda ishlay boshladi. Madriddagi omadsiz bir yildan keyin ham Fergyuson oldiga qaytgan Keyrushning Krishtianu Ronalduning shakllanishida hissasi katta ekanini aytishadi.

Portugaliya terma jamoasidan iste'foga chiqqan Karlos Keyrush 2011 yilda Eron terma jamoasini boshqarishga rozilik beradi. Bu kelishuv har ikki tomonga ham foydali bo‘ldi deb aytish mumkin. Ayniqsa Eronga. Keyrush boshchiligida Eron chinakamiga Osiyoning yetakchilaridan biriga aylandi, ayniqsa, saralash o‘yinlarida ikki safardan beri o‘ta ishonchli o‘ynayaptiki, so‘nggi bosqichlarda guruhdosh bo‘lganimiz uchun, biz ham Eronning kuchini juda yaxshi his qilganmiz.

Keyrush boshchiligidagi Eron balki biroz pragmatik o‘yin namoyish etayotgandir, bir paytlar Ali Dayi, Azizi, Bageri paytidagi romantika yo‘qdir, ammo bugungi tarkibdan kelib chiqqanda, ya'ni u darajadagi yorqin futbolchilar yo‘qligini ham e'tiborga olsak, Keyrush jamoa bilan optimal natijaga erisha olmoqda.

Keyrushning Eron federatsiyasi bilan ziddiyatga borgani va hatto jahon chempionatidan oldin ham uni iste'foga chiqarib yuborishlari mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Hatto mundialdan so‘ng u O‘zbekistonga kelishi mumkin degan ma'lumotlar ham paydo bo‘ldi. Lekin so‘nggi ma'lumotlarga qaraganda, ikki taraf kelishib olishgan va balki Keyrush Eronda ishlashda davom etishiyam mumkin. Esingizda bo‘lsa, 2015 yilda ham Keyrush iste'foga chiqishini e'lon qilib yuborgan, ammo bir necha kun o‘tgach, yana Eronda qolishi ma'lum bo‘lgandi.

Bugungi Eron: «Legioner yulduzlar»

Foto AFP

Keyrush davrida aslida «tagi eronlik» bo‘lgan bir qator futbol yulduzlari terma jamoaga jalb qilinib, asosiy kuchga aylanib bordi. Masalan, Ashqon Dejaga Germaniyada o‘sib ulg‘aygan, «Herta» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Germaniyaning 17 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan barcha terma jamoalarida o‘ynab chiqqan. Hatto «Volfsburg» bilan birga Bundesligada g‘olib ham chiqqan. 2012 yilda unga Eron terma jamoasidan taklif tushdi va Ashqon rozilik berdi. O‘tgan olti yilda u 45 marotaba terma jamoa libosini kiydi, Eronning yetakchi futbolchilaridan biriga aylandi.

Rizo Guchannajod esa, bolaligida oilasi bilan Niderlandiyadan qo‘nim topgan. «Herenven» maktabida tahsil oldi, ushbu klubdan tashqari bir qator Niderlandiya, Angliya, Belgiya jamoalarida to‘p surdi. O‘tgan mavsumda yana «Herenven»ga qaytib, 20 gol bilan jamoaning hujumdagi asosiy kuchiga aylandi. U ham Dejaga singari, 7 yil Niderlandiyaning turli yoshdagi terma jamoalarida o‘ynab chiqdi va 2012 yilda Erondan taklif oldi. Eron safida 42 o‘yinda maydonga tushib, 17 gol urishga ham ulgurdi. Aynan Rizoning gollari Eronga JCh-2014 saralashida ham yordam bergan, Braziliyadagi eronliklar urgan yagona goliga ham aynan Rizo mualliflik qilgandi.

O‘tgan mavsumda Niderlandiya chempionatida to‘purarlar poygasida boshqa bir eronlik hujumchi Alirizo Jahonbaxsh g‘olib chiqdi. U «AZ» tarkibida 21 marotaba raqib darvozasini ishg‘ol qildi va 14 marta sheriklariga golli pas uzatdi. Jahonbahsh Eronda tug‘ilib o‘sgan va ilk futbol sirlarini o‘rgangan bo‘lsada, u ham 20 yoshida Yevropaga kelgandi va «NeK» klubi tarkibida o‘ynab, Yevropa futboli havosida shakllangandi. Eronliklarning hujum chizig‘idagi asosiy quroli aynan Alirizo Jahonbaxsh bo‘lishini taxmin qilish qiyin emas.

Shuni ta'kidlash lozimki, baribir, bu futbolchilar yuqorida esga olingan Dayi, Azizi, Bageri yoki Nekunam kabi futbolchilar bilan boshqa o‘lchamlardagi futbolchilardek ko‘rinadi. Yo‘q, saviya jihatidan balki hozirgilar kuchliroqdir, ammo ko‘p jihatdan bu futbolchilar o‘zlarini Yevropa maydonlarida ko‘rsatishgan, eski yulduzlar esa, aynan Eron futboli, Eron terma jamoasi bilan bog‘ldiq yorqin lahzalarni yashashgandi. Rizo yoki Ashqon tom ma'noda mamlakatda qahramonga aylanishni istasalar, nafaqat Yevropada, balki Eron terma jamoasida ham porlashlari kerak bo‘ladi. Rossiyadagi mundial ubu futbolchilar uchun balki so‘nggi imkoniyat bo‘lishi mumkin.   

Mana shu yuqorida sanab o‘tgan o‘yinchilar ham Keyrush jamoasida yaqqol ajralib turishmaydi. Eronning asosiy kuchi tarkibdagi muvozanat va tartibli o‘yinda deb bemalol aytish mumkin. «Olimpiakos» tarkibida to‘p suradigan hujumchi Karim Ansorifard, Qurbon Berdiyevning yoqimtoyi Sardor Azmun, tajribali yarim himoyachi Ehson Haysafi kabi futbolchilar ham tilga olinganlardan sira kam emas.

Keyrush Eronda asosan 4-1-4-1 sxemasini qo‘llasada, bu istalgan paytda 4-3-3 ga aylanib, hujumkorlik kasb etishi mumkin. Qanotlarda yorqin va tezkor hujumchilar bor ekanini unutmaslik kerak. Ammo baribir Keyrush jamoaning asosiy ustunligi himoyadir. Eron qatorasiga 12 o‘yinda o‘z darvozasidan gol o‘tkazmay, 1121 daqiqa «quruq seriya»ga erishgandi. Bu natija saralash o‘yinlarining mutlaq rekordi sanaladi.

Jamoa sardori: Yana Ma'sud Shojai

Foto AFP

1984 yilda tug‘ilgan, hujumkor yarim himoyachi. Ma'sud «Saypa» futbol klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U ko‘proq Ispaniyaning «Osasuna» klubidagi faoliyati bilan tanilgan. 2008 yilda o‘sha paytlarda BAAda «Sharja» safida to‘p surayotgan 24 yoshli yarim himoyachi ispan skautlarining nazariga tushib qoladi. «Osasuna» o‘zi uchun u qadar kichik bo‘lmagan 6 million yevrodan voz kechadi va eronlik futbolchini qo‘lga kiritadi.

Shojai bu jamoa safida 5 yil to‘p surdi va 100dan ortiq o‘yinda maydonga tushdi. Keyinchalik esa, ikki yil «Las Palmas» sharafini himoya qildi. Orada bir qator arab klublarida to‘p surgan Shojai 2016 yilda Gretsiyaning «Panionios» klubi bilan shartnoma imzoladi. U yerdagi omadli mavsumdan so‘ng, Gretsiyaning boshqa klubi AYeK bilan olti oylik shartnoma imzoladi. Ma'sud yangi klubida 24 raqamni tanladi. Sababi, 2015 yilda vafot etgan eronlik futbolchi Xadi Noruzi aynan shu raqamda to‘p surardi.

Terma jamoa safida Ma'sud 2004 yilda debyut qilgan. 2006 yildagi mundialda atigi bir o‘yinda zaxiradan maydonga tushgan bo‘lsa, 2014 yilda, endi u ancha tajribali futbolchi edi. Keyrush dastlabki o‘yinda Nigeriyaga qarshi ikkinchi bo‘limda tushgan bo‘lsa, keyingi ikki o‘yinni asosiy tarkibda boshladi.

2017 yildagi bir voqea Shojaining Eron terma jamoasidan butunlay chetlashtirilishiga sabab bo‘lishi mumkin edi. Gap shundaki, u klubi bilan birga Yevropa Ligasida Isroilning «Makkabi» jamoasiga qarshi o‘yinlarda maydonga tushadi. Eron esa Isroilni tan olmagan, bu davlat bilan har qanday holatda musobaqalashish eronlik sportchilarga taqiqlangan. 2018 yilning martida Keyrush uni terma jamoaga qaytardi va hatto sardorlik bog‘ichini berdi. Ammo eronlik amaldorlar hali ham futbolchining diskvalifikatsiya qilish o‘tida yonmoqda.

Shunday bo‘lsada, Keyrush uni Rossiyaga boradigan yakuniy tarkibga kiritdi va sardorlik bog‘ichi ham yana unga topshirildi.

JCh-2018

Rossiyadagi raqiblar borasida Eronning qur'ada omadi yurishmadi. Forslar so‘nggi ikki Yevropa chempionati g‘oliblariga qarshi to‘p suradi. Ammo ilk o‘yin Marokash terma jamoasiga qarshi kechinishi inobatga olsak, bu o‘yindagi g‘alaba eronliklarga keyingi uchrashuvlarda madad bo‘lishi mumkin. Ilk o‘yin 15 iyun kuni Sankt Peterburgda bo‘lib o‘tadi.

20 iyun kuni Keyrush shogirdlari Ispaniya bilan Qozonda kuch sinashishsa, so‘nggi tur Saranskda bo‘lib o‘tadi. Shu kuni Eron Portugaliya bilan orani ochiq qiladi. 

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid