O‘zbekiston | 22:52 / 06.06.2018
7291
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ilk marta Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiada o‘tkaziladi

Foto: uzedu.uz

2018 yil 19–23 iyun kunlari Samarqand shahrida ilk marotaba umumiy o‘rta ta'lim maktablarining 10–11sinf o‘quvchilari o‘rtasida fizika va astronomiya fanlaridan Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiada o‘tkaziladi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiadani tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, iqtidorli o‘quvchilar uchun xorijiy mamlakatlardagi tengdoshlari bilan do‘stona raqobat muhitini yaratishdan iborat.

Mustaqillik yillarida iqtidorli o‘quvchilar 50dan ortiq turli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, 300ga yaqin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsada, biroq shu kunga qadar O‘zbekiston o‘zining nufuzli xalqaro olimpiadasiga ega bo‘lmagan.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiadada dunyoning qator davlatidan iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etishi kutilmoqda. Unda har bir ishtirokchi davlatdan 6 nafar o‘quvchi (3 nafari fizika, 3 nafari astronomiya fanidan) hamda ikki nafar jamoa rahbaridan iborat guruh ishtirok etishi belgilangan.

Xalqaro olimpiada ikki bosqichda: nazariy va eksperimental bosqichda o‘tkazilib, olimpiada materiallari o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlanadi.

Hakamlar hay'ati fizika va astronomiya fanlaridan dunyoning taniqli xalqaro darajadagi ekspertlari, MDH davlatlarining professor-o‘qituvchilari va yurtimizning tajribali olimlari, mahoratli amaliyotchi o‘qituvchilaridan  iborat.

Ushbu xalqaro olimpiadada g‘olibliklikni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik o‘quvchilar oliy ta'lim muassasalariga imtiyozli o‘qishga kirish huquqini qo‘lga kiritadi.    

Mazkur xalqaro olimpiada keyinchalik ikki yilda bir marotaba umumta'lim muassasalarining 10–11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid