Jamiyat | 03:47 / 10.06.2018
197683
3 daqiqa o‘qiladi

Qahramon Quronboyev Namangandagi voqea bo‘yicha izoh berdi

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisi, senator Qahramon Quronboyev Namangan viloyatida yosh kelin-kuyovlarning to‘y kortejini to‘xtatgani haqida gapirgan edi.

Yoshlar Ittifoqi raisining bu xatti-harakati ijtimoiy tarmoqlarda katta norozilik keltirib chiqardi va minglab yoshlar rais haqida salbiy fikrlar bildira boshlashdi.

Internetda memlar va karikaturalar paydo bo‘la boshladi va ularda asosiy e'tirozlar keyingi paytlar ko‘p muhokama bo‘layotgan to‘ylardagi dabdababozlikni tugatishga emas, balki Quronboyev tomonidan qo‘llanilgan keskin choraga nisbatan bildirildi.

KUN.UZ saytida Qahramon Quronboyev iste'foga chiqishga chaqirilgan maqola e'lon qilindi.

Qahramon Quronboyev KUN.UZ muxbiriga ushbu voqea qanday ro‘y berganini hikoya qilib berdi.

«Aslida voqea xuddi shu kelin-kuyovlarimizning mashinasini kelayotgan joyida ularning hurmatini joyiga qo‘yib, ularga tushuntirilib yo‘lida davom ettirildi. Lekin, bularning yonidagi ortiqcha, (harakatlanishga) xalaqit qilayotgan do‘stlari, to‘g‘risini aytish kerak, buni — (to‘y kortejida) kimlar ergashib borganligini ota-onalar ham bilmaydi ko‘pchiligini, ularga o‘sha joyda qonun doirasida tushuntirilib, qonun-qoidalarni buzganlarini ichki ishlar xodimlaridan iltimos qildik, ularning (xatti-harakatini) tegishli ravishda muhokama qilish masalasi ko‘tarildi. Yana takror aytayapman, bu oilalar bu yerda hech qanday e'tiroz ham bildirgani yo‘q, xursand bo‘lib, to‘ylari chiroyli o‘tdi, biz ularga xuddi shu (namunaviy) to‘ylardan bittasi sifatida o‘zimizning tavsiyamizni berganmiz», — degan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisi Qahramon Quronboyev KUN.UZ muxbirining rezonans keltirib chiqargan masala yuzasidan savoliga javoban.

P.S. Kun.uz muxbirining Qahramon Quronboyev bilan intervyusi uning Feysbuk tarmog‘idagi sahifasida onlayn qilindi. Ushbu havoladan bo‘lib o‘tgan intervyuning to‘liq ko‘rinishi bilan tanishishingiz mumkin.

Mavzuga oid