Jamiyat | 16:53 / 12.06.2018
20384
7 daqiqa o‘qiladi

«Zaxkashimizni qazib bering» - qo‘shko‘pirliklar dehqonchilik uchun sharoit yo‘qligidan qiynalmoqda

Xorazm viloyati qishloq xo‘jaligida zaxkashlarning tutgan o‘rni, ahamiyati juda yuqori. Zaxkash - yer osti suvlarining sizib chiqishi va yig‘ilishi uchun, ya'ni yerning zaxini qochirish, sho‘rini yuvish smaradorligini oshirish uchun mo‘ljallangan katta va chuqur ariqdir. Viloyat hududida yer osti suvlarining yuzaga juda yaqin joylashgani tufayli, zaxkashlar tizimi qishloq xo‘jaligidagi dehqonchilik va umuman odamlarning turmushida muhim o‘rinni egallaydi.

KUN.UZ tahririyatiga Qo‘shqo‘pir shaharchasi Yangilik mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Unda zaxkashlar ko‘milib ketgani, natijada yer osti suvlari sathi ko‘tarilib, yerning sho‘rlanishi kuchayib, tomorqadagi mevali daraxtlar, ekinlarga qiron yetayotgani, uy devorlarini zax bosib ketgani aytilgan edi.

Vaziyatni o‘rganish uchun Qo‘shko‘pir shaharchasidagi Yangilik mahallasiga borib, aholi bilan uchrashdik, ularning shikoyatini o‘rgandik.

Qo‘shko‘pir shaharchasi, Yangilik mahallasi

Darhaqiqat, mahallani Qo‘shko‘pir shaharchasi markazi bilan bog‘lab turgan yo‘l yonidagi zaxkashning katta qismi ko‘milib qolgan yoki ko‘mib yuborilgan. Bu haqda shu mahallada istiqomat qiluvchi onaxon Oqiljon Abdullayeva gapirib berdi.

«Ko‘chamizdagi zaxkash juda ko‘p yillardan buyon mavjud edi. Dehqonchiligimiz ham yaxshi, daraxtlarimiz ham mo‘l meva berardi. So‘nggi vaqtlarda zaxkash asta-sekin ko‘milib, yo‘qolib keta boshladi. Natijada, bahor kelishi bilan bog‘imizdagi daraxtlar tuproqning sho‘rligi va zax tufayli gullari to‘kilib, mevaga kirmayapti, ekinlarimizdan baraka ko‘tarildi».

Zax tufayli tomorqadagi daraxtlar mevaga kirmayapti

Oqiljon opaning so‘zlariga ko‘ra, zax uylarning devorlariga ham chiqib ketmoqda.

«Zax nafaqat tomorqaga, hatto uyimizning devoriga ham chiqib ketyapti. Uning hidini yo‘qotish uchun bahordan to kuzgacha oyna va eshiklarimizni yalang ochib o‘tirishga majburmiz».

Devorlarga chiqib ketgan zax  

Shu mahallada istiqomat qiluvchi Fazilat Yoqubova so‘zlariga ko‘ra, tomorqaning zax bosishi natijasida xonadonlar yaxshigina daromaddan quruq qolmoqda.

«Zax bosishi natijasida nihollar umuman ko‘karmay qoldi. Har yili mevali daraxt ko‘chatlarini ekamiz, ammo tezda qurib qoladi, umuman ko‘karmaydi. Zaxkash bor paytida dehqonchiligimiz yaxshi edi. Pomidor, piyoz yetishtirib, sotar edik, qo‘shimcha daromad olardik. Hozir makkajo‘xori ekyapmiz, u ham zax tufayli sarg‘ayib qoldi».

Zax tufayli qurib qolayotgan o‘rik
Zax tufayli sarg‘ayib ketgan makkajo‘xori

Mahalla fuqarolaridan biri Bektemir Otaqov so‘zlariga ko‘ra, uzunligi bir necha yuz metrga boradigan zaxkash hozirda ko‘milib qolgan.

«Bu zaxkashimiz juda uzun, bir necha yuz metr edi. Ammo, e'tiborsizlik tufayli ko‘milib ketdi. Ba'zi joylarini odamlarning o‘zi ko‘mib yuborishdi. Natijada, dehqonchilikdan baraka ko‘tarildi. Nihollar qurib qolyapti. Olcha bir yilda quriyapti, gullab turib, mevaga kirmasdan, gullarini to‘kib yuboryapti».

Tobora ko‘milib, o‘t bosib borayotgan zaxkash
Aholi tomonidan ko‘mib, tomorqaga aylantirilgan zaxkash
Aholi tomonidan ko‘mib yuborilgan zaxkash

Mahalla fuqarolari zaxkash masalasi bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilishgan. Shundan so‘ng, uning faqat ma'lum bir qismi qazilgan va tozalangan xolos. Fuqarolar talabi to‘liq bajarilmay, ish chala, qo‘l uchida qilingan. Natijada, muammo hal etilmasdan qolib ketgan.

Nomigagina qazilgan zaxkash, u yana ko‘milib bormoqda

2017 yili mahalla hududiga yaqin joylashgan dalaga sholi ekilgan. Tabiiyki, bu ekin juda ko‘p vaqt davomida suv ichida turgan. Zaxkashning yo‘qligi oqibatida esa, dalaga yaqin xonadonlarning tomorqalari va uy devorlarini zax bosib ketgan.

Bu yil fermer tomonidan o‘sha yerga bug‘doy ekilgan. Uning ortiqcha suvi esa zaxkashga yuborilyapti, vaholanki, bu mutlaqo mumkin emas.

Fermer tomonidan ekilgan bug‘doyning suvini qochirish uchun zaxkashga yo‘naltirgan.

Zaxkashlar tabiiy ravishda ko‘milib boradi. Biroq, aholi ham uni ko‘mib yuborishi mumkin. Shuning uchun ularni muntazam ravishda qazib, chuqurlashtirib, tozalab turishga to‘g‘ri keladi. Bunday ishlar o‘z vaqtida olib borilmasa, yer osti suvlari sathi ko‘tariladi, tuproqning sho‘ri yuvilmaydi, natijada dehqonchilikka katta zarar keltiradi.

Zaxkashning saqlanib qolgan qismi sayozlashib, o‘t bosib ketgan

Shu yilning 18 mart kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi. Unda dehqon xo‘jaliklari va aholining tomorqa yerlaridan unumli foydalanishini tashkil etish choralari belgilangan. Shuningdek, tomorqa yerlarida aholi mevali va manzarali daraxtlar ekmaganligi, chorva mollari sotib olmaganligi, issiqxona barpo etmaganligi, shu jumladan, yer uchastkasi obodonlashtirmaganligi aniqlansa, yer solig‘ining uch barobari miqdorini qo‘llash yuzasidan tuman davlat soliq inspeksiyasiga taqdimnoma kiritilishi ko‘rsatilgan.

Bugungi kunda aholi tomorqadan foydalanish, bir qarich yerini ham bo‘sh qoldirmay, ekin va daraxt ekish, bu bilan qo‘shimcha daromad olish qanchalik muhim ekanini bilib, tushunib turibdi. Fuqarolar bu ishlarni qilishga tayyor. Ammo sharoit yaratilmasa, bu gap-so‘zlarning foydasi bo‘lmaydi.

Qo‘shko‘pir tumani hokimiyati Yangilik mahallasi va boshqa qishloqlarda ham zaxkashlarning holatini o‘rganib, ularni qazish, chuqurlashtirish va tozalash ishlarini tashkil qilishi lozim. Bundan tashqari, aholiga zaxkashlarni ko‘mib yubormaslik, ularga chiqindi tashlamaslik, daladagi ekin suvlarini unga yo‘naltirmaslik, o‘zboshimchalik bilan tomorqaga aylantirmasligi bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish shart. Zero, tuman aholisi turmushining yaxshilanishi, daromadining oshishi shu tumanning, viloyatning, qolaversa O‘zbekistonning farovonligi oshishini anglatadi.

Umid qilamizki, Qo‘shko‘pir tumani hokimiyati bu ijtimoiy muammoni e'tiborsiz qoldirmaydi.