Jamiyat | 16:29 / 13.06.2018
12269
2 daqiqa o‘qiladi

Velosipedchining hayotiga zomin bo‘lgan haydovchi qidirilmoqda - IIV

Foto: veloturist

Joriy yilning 12 iyun kuni Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida kechki soat 22:15larda, noma'lum shaxs o‘z avtomashinasini «Uchqo‘rg‘on-Xaqulobod» yo‘lida boshqarib ketayotib Uchqo‘rg‘on tumani “Mug‘ol” MFYda yashovchi A.E.ni o‘z velosipedida ketayotgan vaqtda urib yuborgan va jabrlanuvchiga yordam bermay voqea joyidan qochib ketgan. 

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabariga ko‘ra, yuz bergan baxtsiz hodisa natijasida navqiron yoshga yetgan A.E. voqea joyida vafot etgan.

Afsuski, bir kishining hayotiga zomin bo‘lgan ushbu haydovchi, insonparvarlik tamoyiliga rioya qilib, A.E.ga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatganida balki uning hayoti saqlab qolingan, ota-ona farzandsiz, bir ayol beva, 3 yoshli qizaloq esa otasiz qolmagan bo‘lardi...

«Hurmatli fuqarolar, sizlardan shuni so‘rab qolardikki, haydovchi qilmagan insonparvarlikka siz qo‘l uring. Orangizda kimdir ana shu holatga guvoh bo‘lgan bo‘lsa yoki haydovchi haqida qandaydir ma'lumotga ega bo‘lsa, ichki ishlar xodimlariga yoki “102” telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, bilgan ma'lumotlaringiz haqida xabar berishingizni so‘raymiz. Unutmang, bu bilan siz yurtimizda yana yuz berishi mumkin bo‘lgan shu kabi holatlarning oldi olinishiga o‘z hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz», - deyiladi IIV xabarida.

Mavzuga oid