Sport | 08:55 / 17.06.2018
11365
4 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida “Armiya qo‘l jangi” harbiy-amaliy chempionat o‘tkazildi

Mudofaa vazirligi sport majmuasida harbiy-amaliy sportning “Armiya qo‘l jangi” turi bo‘yicha vazirlik miqyosida chempionat bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Unda harbiy okruglar, oliy harbiy ta'lim muassasalari hamda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlarining qo‘l jangi ustalari ishtirok etdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

MDHga a'zo davlatlar do‘stona armiyalari o‘rtasida o‘tkaziladigan harbiy-amaliy sport turlari bo‘yicha musobaqalarda bu yildan e'tiboran ilk bor O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiylari ishtirok etishini ta'kidlash joiz. Shu yilning sentabr oyida harbiy-amaliy sportning “Armiya qo‘l jangi” turi bo‘yicha bahslar birinchi marotaba Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.

Mudofaa vazirligi miqyosida mazkur sport turi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan musobaqa murosasiz va shiddatli bahslar bilan kechdi. 7 vazn toifasi bo‘yicha 12 jamoa vakillari orasidan musobaqaning xalqaro tanlovida ishtirok etish uchun eng kuchli harbiy sporchilar o‘zaro kuch sinashdi. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Chempionatda faol ishtirok etgan va sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan sporchilar orasida milliy armiyamiz saflariga yaqinda kelib qo‘shilgan muddatli harbiy xizmatchilarning borligi muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, 60 kg vaznda oddiy askar Axror Jalilov (3-o‘rin), 65 kg vaznda Islomjon Isomiddinov (2-o‘rin), 70 kg vaznda Samariddin Shomamatov (1-o‘rin) va Ro‘zimurod Umbarov (3-o‘rin sohibi), 75 kg vaznda Bekzod Toshboyev (3-o‘rin), 80 kg vaznda Muhammadyusuf G‘aniyev (3-o‘rin), 85 kg vaznda Mirshod Rahimov va Donyorbek Qodirov (3-o‘rin) hamda +90 kg vaznda Ilmdor Ro‘ziboyev (3-o‘rin) kabi yoshlarning o‘tkazgan janglari professional sportchilarni ham og‘ir vaziyatda qoldirdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Chempionat yakuniy natijalariga ko‘ra, umumiy jamoa hisobida Elyorjon G‘ofurov (60 kg), Imomali Ergashev (65 kg) va Sherali  Muhammadaminov (+90 kg) tomonidan 3 ta oltin medalga egalik qilgan Toshkent harbiy okrugi jamoasi musobaqa shohsupasining eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi jamoa vakillari Samariddin Shomamatov (70 kg) va Muhammadbobur Kenjayevning (80 kg) oltin medallari musobaqada jamoaga ikkinchi pog‘onadan joy olib berdi. Markaziy harbiy okrug jamoasidan vakillik qilgan Husniddin Mamajonov (75 kg) qo‘lga kiritgan oltin medali va boshqa ishtirokchilarning yutuqlari harbiy okrugning 3-o‘ringa sazovor bo‘lishini ta'minladi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

MDHga a'zo davlatlar do‘stona armiyalari o‘rtasida o‘tkaziladigan nufuzli musobaqada nafaqat ushbu chempionat g‘oliblari, balki harbiy jang san'ati va texnikasini yaxshi o‘zlashtirib ko‘rsatgan harbiy xizmatchilar ham qatnashish imkonini qo‘lga kiritdi. 

G‘olib va sovrindorlarga kubok, medal va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.

Mavzuga oid