Light | 21:50 / 20.06.2018
10422
9 daqiqa o‘qiladi

Tokiodagi yo‘qolgan buyumlarning taqdiri nima bo‘ladi?

Tokio omborxonasi rahbari Syodzi Okubo. Foto: Japan Times

Kul solingan urnalar egalarini izlash - bu tokiolik politsiyachilarning kundalik bo‘lmasa-da, tez-tez uchraydigan vazifasi. 2017 yilda maxsus Bankyo tumani tergovchilari qandaydir sabablarga ko‘ra qarindoshlarining kulini qoldirgan 10 kishini qidirishdi. Umuman olganda, patrul xizmatlariga urnalarsiz ham ish yetarli.

Barcha egasiz buyumlar egalarini kutayotgan Tokio omborxonasi 660 kvadrat metrni egallagan. 2018 yilning aprelida u yerda yuz minglab predmetlar bo‘lgan, biroq omborxona rahbari Syodzi Okubo iyun oyida yomg‘irlar boshlanishi bilan xona ko‘pincha yo‘qotilgan buyumlar - soyabonlar bilan to‘lishini aytadi. Tokio omborxonasining ichki "oshxonasi" va uning faoliyati haqida u The Japan Times nashriga so‘zlab berdi.

Egalarini kutib

2016 yilda poytaxt politsiyasi 380 mingdan ortiq soyabonni o‘z egalariga qaytardi, yomg‘irli kunda shahar ko‘chalaridan o‘rtacha 3 mingtagacha egasiz soyabon topiladi. Ularning har biriga qayerda va qachon topilgani haqidagi ma'lumot yozilgan yorliq yopishtiriladi, so‘ngra omborxonaga yo‘llanadi.

2018 yilning bahori oxirida 900 mingga yaqin turli predmetlar (hamyonlardan tortib to smartfonlargacha) markazda o‘z egalarini kutardi. Biroq Yaponiya uchun bu raqamlar u qadar katta emas — politsiya 2015 yil uchun mamlakat bo‘ylab 26 millionta yo‘qolgan buyumni topdi, bu hali pullarni hisoblamagandagi ko‘rsatkich.

2016 yilda birgina Tokioning o‘zida yo‘qolgan buyumlar soni 3,83 millionni tashkil qildi. Bu 1997 yilga qaraganda deyarli ikki millionga ko‘p. Politsiya asosan haydovchilik guvohnomalari va bank kartalarini, shuningdek poyezd chiptalari, kiyim-kechak va poyabzallarni qaytargan. Pullarga keladigan bo‘lsak, 2017 yil davomida umumiy hisobda 3,67 milliard yyen (33,5 million dollar) egalariga qaytarilgan.

Yo‘qotilgan predmetlar soni yil sayin sekin-asta, lekin to‘g‘ri yo‘nalishda o‘sib bormoqda, shu bois hukumat Tokioning Bunkyo tumanidagi omborxonani kengaytirish uchun byudjyetdan mablag‘ ajratmoqda. Okbuo kun kelib modernizatsiya qilingan omborxona ham to‘lishi mumkinligini tan oladi, chunki yo‘qotilgan buyumlar egalarini izlash - qiyin ish.

Predmet omborxonada ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng ishchilar buyumdan foydali ma'lumotni izlab, uning egasini aniqlashga harakat qilishyapti. Agar bu telefon bo‘lsa, u holda tergovchilar uning ichidagi raqamlarga qo‘ng‘iroq qilib chiqishadi - xodimlar kuniga o‘rtacha 250 qo‘ng‘iroqni amalga oshirishadi. Ba'zan omborxonaga xorijga chiqish pasporti ham kelib tushadi va bunday holatlarda politsiya uni elchixonalarga olib boradi.

2016 yilda o‘rtacha 286 kishi yo‘qolgan narsalarini izlab kelgan, kelganlarning aksariyati pasport yoki pullar uchun kelgan. Yo‘qotilgan buyumlar, masalan poyabzal, bosh kiyim yoki soyabonlar egalari ko‘pincha omborxonaga kelishmaydi, ularning buyumlari esa o‘sha yerda turaveradi.

Yapon an'analari

Yaponiyada yo‘qotilgan hamyonlarning egalari ularni politsiya uchastkalaridan katta miqdordagi pullari bilan qaytarib olganlariga doir hikoyalarni eshitish odatiy holdir. Mutaxassislar bu odatga bog‘liq ekanini taxmin qilishmoqda: yaponlar bolalikdan topilgan predmetlarni politsiyaga olib borishga o‘rgatiladi.

Bu ba'zan hatto kutilmagan qiziq holatlarga ham olib keladi: bolalar 5-10 yyen yoki hatto soch rezinkalarini ham omborxonaga topshirishga harakat qilishadi. "Biz ularga bunday arzimas narsalarni qabul qilmaymiz deb ayta olmaymiz. Shunday ekan, biz ularga minnatdorchilik bildirib, bunday olijanobligi uchun maqtab qo‘yamiz", - deya tushuntiradi Okubo.

Soch to‘g‘nog‘ichlarii mayli, ba'zan odamlar politsiyaga hatto yo‘qolib qolgan yoki boshpanasiz jonivorlarni ham yetaklab kelishadi: 2016 yilda Tokioda minglab yo‘qotilgan jonivorlar qayd etilgan. Itlar, mushuklar, to‘tilar, qurbaqalar va tilla baliqlar shular jumlasidandir. Qoidaga ko‘ra, omborxonada egalarini topishga umid qilib, daydi itlarga ham joy berishadi.

"Biz itlar uchun ozuqa xarid qilamiz va qolgan masalalarni ham hal qilishga harakat qilamiz. Ish soatlarida biz daydi itlarni sayr qildiramiz, ular o‘z egalari uyiga yetaklashiga umid qilamiz. Bu kabi ishlar kuchimizni oladi, albatta", - deya tan oladi Okubo.

Tokiodagi Rikkio universitetining psixologiya professori Shigeju Xaga hozirgi davrda shaxsiy buyumlarni unutib qoldirish oson deb hisoblaydi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, smartfonlarning keng tarqalishi so‘nggi bir necha yillarda qisman yo‘qotilgan buyumlar sonining statistikasi oshishiga olib kelgan. Yaponiyada tovar va xizmatlarga narxlarning umumiy pasayishi ham shuningdek odamlarning yo‘qotilgan buyumlarni qaytarish uchun hujjat yig‘ishlaridan ko‘ra yangi buyumlarni sotib olishlari osonroq bo‘lishiga olib keldi.

Inson xatolari psixologiyasiga ixtisoslashuvchi Xaga ongda erkin kenglik cheklanganiga izoh beradi. Shuning uchun miya ko‘pincha vazifalar haqidagi ma'lumotni keyinroq eslashga umid qilib, ong ostiga yashiradi. "Bu murakkab jarayon. Biroq aksariyat odamlar qanday qilibdir buni bajara oladi".

Professorning ishonchi komil: vaqt va e'tibor — buyumlar yo‘qotilgandagi ikki asosiy omil. Xaga kerakli stansiyaga bir bekat qolganda telefonni sumkaga yoki cho‘ntakka solishni maslahat beradi. Bu ongning ishini yengillashtiradi.

Yo‘qotilgan buyum sotuvi

Yaponiya qonunlariga ko‘ra, agar inson egasiz buyumni topsa, uni egasiga qaytarishi yoki politsiya uchastkasiga olib borishi zarur. Buning evaziga u buyum narxining 5-20 foizini qo‘lga kiritishi mumkin. Agar uch oy davomida hech kim predmetga da'vogarlik qilmasa, uni topgan inson avtomatik ravishda buyum  egasiga aylanadi (bank kartalari kabi personal ma'lumotlardan tashqari, albatta). Shundan so‘ng u buyumni olib ketishi uchun ikki oy vaqt beriladi, olib ketilmagan taqdirda, buyum mahalliy hukumat mulki hisoblanadi. Munitsipial huquq kuchga kirgandan keyin buyumni mahalliy savdogarlarga sotishadi, olingan pullar esa poytaxt byudjyetiga yo‘llanadi.

Saytama shahrida yashovchi Saneyosi Yogi — mahalliy politsiya bilan hamkorlik qiluvchi savdogarlardan biri. U hukumat tomonidan tashkil qilingan kimoshdi savdosida muntazam ravishda ishtirok etadi. Bunday kimoshdi savdolari yilda bir necha marta o‘tkaziladi, yo‘qotilgan buyumlar esa qutilarga joylanadi. Shunda savdogarlar nima uchun "kurashayotganliklari"ni bilishmaydi. "Bu xuddi o‘yin kabi. Qutida nima borligini bila olmaysan", - deydi Yogi.

Shunga qaramay, savdogar ko‘p holatlarda qutida nima borligini topishning uddasidan chiqqan, bunda u mavsumiy taxminlariga asoslangan. Kimoshdi savdosi may oyida o‘tkazilgan bo‘lsa, demak savdogarlar asosan qishki buyumlar uchun "kurash olib borishadi", bular asosan sharflar va qo‘lqoplardir. Agar tadbir sentabr oyida o‘tsa, u holda qutilarda botinkalar, etiklar va yuzlab soyabonlar bo‘ladi. Yogi va u tomonidan asos solingan PX kompaniyasi kimoshdi savdolarida yiliga 60 million yyengacha (547 ming dollargacha) pul sarflaydi.

Saneyosi Yogi

Har bir sotuvlarda 40 mingtagacha turli predmetlar sotiladi - chemodanlar, elektrogitaralar, qimmatbaho qo‘l soatlari yoki ulkan yumshoq o‘yinchoqlar shular jumlasidandir. "Odamlar o‘zi bilan nimalar olib yurmaydi deysiz. Bir kuni bizda hatto kontrabas paydo bo‘ldi. Bunday katta narsani qanday unutib qoldirish mumkin, bilmayman", - deya so‘zlaydi Yogi.

Nazvaniye

Eng noyob va qimmat buyumlar yangi egalarini juda tez topadi, zero tovarlarga ertalabdan navbat kutishadi. Aktsiya o‘rtasiga kelib asosan yuzlab quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaklar, soyabonlar yoki kiyim-kechaklar qoladi.

Sotuvlardan keyin qolgan barcha buyumlarni Yogining kompaniyasi boshqa mamlakatlarga (Filippin, Tailand, Myanma) pullaydi. 2018 yilning bahorida PX Myanmaga 20 ming soyabon yo‘lladi. savdogarning so‘zlariga ko‘ra, bu nafaqat uning asosiy biznesi, balki sevimli mashg‘uloti hamdir. Kompaniyada yo‘qolgan buyumlar sotuvini festival sifatida qabul qilishadi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid