O‘zbekiston | 18:00 / 23.06.2018
24331
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi yetakchi saytlarga nega to‘siq qo‘yilmoqda?

​O‘zbekistondagi eng yetakchi axborot-tahliliy saytlari - Kun.uz, Xabar.uz, Qalampir.uz, Sof.uz, Azon.uz'ga kirish qiyinlashgan. Bu holat 3 kundan buyon O‘zbekiston hududida ham, jahon miqyosida ham kuzatilmoqda. Bunga nima sabab bo‘ldi?

2017 yilda «Eng yaxshi yangiliklar sayti», «Fuqarolar murojaatlari natijalarini eng faol yoritib borgan OAV» sifatida e'tirof etilgan Kun.uz sayti nega to‘sib qo‘yildi? Sayt jurnalistlariga tahdidlar bo‘ldimi? Endi sayt o‘z faoliyatini to‘xtatadimi? Shu kabi savollar oxirgi 3 kun ichida mushtariylar tomonidan tinmay yo‘llanmoqda. 

Ochig‘i, biz ham masalaning mohiyatiga yetib borganimiz yo‘q. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Axborot kommunikatsiyalari va texnologiyalari vazirligi tushunmagan vaziyatga biz qanday baho berishimiz mumkin? 

72 soatdan buyon nosozliklarni bartaraf etish ustida ish olib borayotgan sayt texnik xodimlarining ta'kidlashicha, masala bevosita vazirlik aralashuvi bilan hal bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri-da, O‘zbekistonda axborot xavfsizligi yuzasidan kelib chiqqan muammo bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi shug‘ullanmaydi. Shunga qaramasdan, vazirlik masalaga panja ortidan qarashda davom etyapti. 

Qayd etish kerakki, ushbu holat .uz domenidagi boshqa yetakchi saytlar bilan ham yuz bermoqda. Shubhali tomoni ham shunda: texnik nosozlik va muammolarga duch kelgan saytlarning barchasi internet foydalanuvchilar orasida ko‘p obunachilarga ega yangiliklar saytlari hisoblanadi. 19 iyun kuni ilk holat Kun.uz va Qalampir.uz saytlarida, sal keyinroq Sof.uz saytida ham kuzatildi. Xususan, nomlari tilga olingan saytlarga xorijda istiqomat qiluvchi mushtariylar kira olmayotgani haqida shikoyatlar paydo bo‘lgach, bunday murojaatlar o‘zbekistonlik o‘quvchilar tomonidan ham bildirildi. 22 iyun kuni Xabar.uz sayti ham shunday muammoga yo‘liqdi, ayni vaqtda sayt manzili vaqtincha o‘zgartirilgan.

Hozirda O‘zbekiston ichida saytlarga kirish muammosi yumshamagan, Kun.uz sayti esa hamon o‘quvchilar uchun yopiq qolmoqda. Shuningdek, Xabar.uz Qalampir.uz sayti vakillari ham yuzaga kelgan holatdan xavotirdaligini bildirishdi. Texnik nosozlik deya e'tirof etilayotgan, aslida erkin jurnalistikani qo‘llab-quvvatlab, tanqidiy maqolalar e'lon qilishga jur'at etgan tahririyat saytlariga kirish yo‘llari to‘sib qo‘yildi. 

Kun.uz ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida eng katta obunachilarga ega yangiliklar sayti bo‘lib, Google Analytics ma'lumotiga ko‘ra, bir kunda saytga o‘rtacha 400 mingga yaqin mushtariylar tashrif buyuradi.

Asosan jamiyatdagi ijtimoiy mavzularni yoritib kelayotgan, ayni paytda umuman to‘siqlarga uchragan sayt jurnalistlari tezkor, aniq va xolis axborotni yetkazib berish mas'uliyatini zimmasiga olgan. O‘tgan vaqt mobaynida majburiy mehnat, korrupsiya, ta'lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, davlat organlari faoliyati, bank-moliya, qonunchilik, diniy-ma'rifiy, madaniyati sohasida erishilayotgan yutuq va kamchiliklar o‘quvchiga yetkazildi. 

O‘tgan yillar davomida saytlar faoliyatiga turli shaklda to‘sqinliklar kuzatildi. Lekin sayt vakillari belgilangan etika qoidalardan chekinmay, o‘z kasbiga sadoqat bilan ishlashda davom etdi.

Sayt vakillari vaziyatni o‘rganish va ijobiy hal etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Axborot kommunikatsiyalar va texnologiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxo‘jayev bilan bog‘lanishga harakat qilishlari besamar yakunlanmoqda.

Sayt mutasaddilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot kotibi Komil Allamjonov bilan suhbatlashgach, davlat rahbarining Matbuot xizmati erkin jurnalistikani qo‘llab-quvvatlashini so‘ramoqda.

Mavzuga oid