Samarqandda matbaa va OAV xodimlari kuni keng nishonlandi
Samarqand shahrida 27 iyun — matbaa va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni keng nishonlandi.
Samarqand shahar hokimligi binosida bo‘lib o‘tgan tantanali yig‘ilishda shahar hokimi F.Rahimov soha xodimlarini muborakbod etib, yil bo‘yi jonbozlik ko‘rsatgan jurnalistlarga shahar hokimligining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Shundan so‘ng viloyatdagi barcha jurnalistlar va matbaachilar Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘ida o‘zbek adabiy tilining asoschisi Mir Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yishdi.
Shahardagi «Mo‘'jiza» tantanalar saroyida bo‘lib o‘tgan tadbirning tantanali qismida viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev so‘zga chiqib, soha xodimlarini qizg‘in tabrikladi.
«Viloyat hokimi sifatida jurnalist, umuman, ijodkor mehnatini doimo qadrlayman. Zero, haqiqiy jurnalistdagi zakovat, iqtidor, halollik va odillik hamisha boshqalarga ibrat bo‘lib kelgan», dedi o‘z tabrigida T.Jo‘rayev.
«Keyingi yillarda Kun.uz, Xabar.uz, Zarnews.uz, Nuz.uz, Daryo.uz va boshqa shu kabi ommabop internet nashrlari ham viloyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini xolis yoritib kelayotganiga barchamiz guvoh bo‘lmoqdamiz», deya viloyat hokimi o‘z tabrik so‘zida internet-nashrlarning faoliyatini ham yuqori baholadi.
Shundan so‘ng jurnalistlar va matbaachilarga viloyat hokimining faxriy yorlig‘i, viloyatda o‘tkazilgan «Yilning eng faol jurnalisti» tanlovi g‘oliblariga esdalik sovg‘alar va diplomlar, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining faxriy yorliqlari o‘z egalariga topshirildi. Turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib bo‘lgan jurnalistlar ham diplom va esdalik sovg‘alari sohibi bo‘lishdi.
Tadbirda poytaxtdan tashrif buyurgan mehmonlar so‘zga chiqishdi, hamkasblariga o‘z dil izhorlarini bildirishdi, so‘ngra samarqandlik va poytaxtdan tashrif buyurgan san'atkorlar davraga fayz ulashishdi.
Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024