O‘zbekiston | 22:26 / 28.06.2018
16588
2 daqiqa o‘qiladi

"Xorijdagi aksariyat o‘zbekistonliklar vatanga qaytish haqida jiddiy o‘ylashmoqda" - Alisher Kalanov

Xorijiy mamlakatlarda yashayotgan ko‘plab o‘zbekistonliklar vatanga qaytish haqida jiddiy o‘ylashmoqda. Kun.uz muxbiri "Buyuk kelajak" ekspertlar kengashi raisi Alisher Kalanovning so‘zlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

"Mamlakatdagi islohotlarni diqqat bilan kuzatayotgan ko‘plab ekspatlar (xorijda ishlovchi o‘zbekistonliklar), islohotlarga doir qarorlarni o‘rganuvchi ekspertlarning aksariyati vatanga qaytish borasida jiddiy o‘ylashmoqda", - dedi Kalanov O‘zbekistonning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasiga bag‘ishlangan forumda so‘zga chiqar ekan.

Forum ikki kun davom etadi. "Buyuk kelajak"ning turli sohalardagi ekspertlari O‘zbekistonni 2035 yilgacha uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasi konsepsiyasini muhokama qilishadi. Bugunga kelib kengash dunyoning 20 dan ortiq davlatida istiqomat qiluvchi 155 nafar vatandoshimizni birlashtirmoqda. Kalanovning so‘zlariga ko‘ra, kengashda "intellektual elita" to‘plangan.

U ekspertlar kengashi mamlakat oldida turgan dolzarb chaqiriqlarga javob topishi kerakligini ta'kidladi. "Kengash muayyan bir bosqichda respublika rahbariyati uchun kadrlar zaxirasiga aylanishi mumkin", - qo‘shimcha qiladi kengash raisi. 

Uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalaridagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va turtki berish uchun ishlab chiqilmoqda. Uni ishlab chiqishga shuningdek xalqaro konsalting kompaniyalari ham jalb etilmoqda. Yakuniy hujjat davlat rahbariga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev birinchi marta 2017 yilning sentabrida Nyu-Yorkka tashrifi davomida xorijiy mamlakatlarda yashovchi va ishlovchi vatandoshlarimizni O‘zbekistondagi islohotlarga qo‘shilishga chaqirdi.

Mavzuga oid