Iqtisodiyot | 01:38 / 03.07.2018
55563
14 daqiqa o‘qiladi

Soliq islohoti: inqilobmi yoki chala islohot?

Soliq islohoti bo‘yicha qabul qilingan konsepsiya — qulay biznes iqlimi yaratish yo‘lidagi ulkan qadamdir. Biroq yanada ko‘prog‘ini istagan edik, deb yozadi iqtisodchi Yuliy Yusupov Gazeta.uz’da.

Nihoyat, bu sodir bo‘ldi. Prezident «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi.  Bizning soliq tizimimiz 2019 yilning 1 yanvaridan o‘zgartiriladi. O‘zgarishlar parametrlari belgilab olingan. Qabul qilingan hujjatni mustaqil iqtisodchi, Center for Economic Development direktori Yuliy Yusupov sharhlaydi.

Foto: Pixabay

Soliq tizimidagi o‘zgarishlar

Qisqacha aytiladigan bo‘lsa, o‘zgarishlar mohiyati quyidagicha. Beshta asosiy masala hal etilmoqda:

1) mehnatga nisbatan soliq kamaytirilmoqda — ular ayni paytda juda katta va iqtisodiyotning «xufyona» olib borish uchun asosiy sabab bo‘lib turibdi;

2) soliqqa tortishning umum o‘rnatilgan va soddalashtirilgan rejimlari o‘rtasidagi soliq yuklamasiga oid keskin farq yo‘qqa chiqarilmoqda — ushbu farq korxonalarni yiriklashmaslikka majburlaydi, ishlab chiqarish miqyoslarini kengaytirishni qiyinlashtiradi hamda biznesni noraqobatbardosh bo‘lishi va «xufyona» ishlashga mahkum qiladi;

3) mehnatning jamoaviy taqsimotini o‘ldiruvchi va qo‘shilgan qiymatning uzun zanjiri hosil bo‘lishiga monelik qiluvchi, shu yo‘l bilan iqtisodiyotimizning jahon xo‘jaligida xomashyo quyrug‘i bo‘lib kelishida muhim ahamiyat kasb etgan tushumdan soliqlarni qo‘llash sohalarini qisqartirish (bu esa umumiy rejimdagi korxonalar uchun davlat maqsadli fondlariga 3,2 foiz ajratma va soddalashtirilgan rejimdagi korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi degani) yoki bekor qilish;

4) ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini noraqobatbardosh, iqtisodiyotimizni esa investitsiyalar uchun jozibasiz qilib kelgan iqtisodiyotga umumiy soliq yuklamasining qisqartirilishi (bu so‘nggi yillarda turli yashirin soliqqa tortish shakllari hisobga olinmasa, YaIMning 30–35 foizini tashkil etib kelgan);

5) ayni paytda o‘ta samarasiz bo‘lib turgan va biznes yuritish xarajatlarini keskin oshirishga xizmat qilayotgan soliq ma'muriyatchiligining takomillashtirilishi.

Buning uchun quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • Fuqarolarning oylik maoshlaridan ushlanadigan byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga 8 foizlik sug‘urta badallarining bekor qilinishi;
  • Maksimal stavkasi 22,5 foiz bo‘lgan progressiv shkala o‘rniga daromad solig‘ining 12 foizlik tekis shkalasini joriy etish;
  • Yagona ijtimoiy to‘lov stavkasini soddalashtirilgan rejim uchun 15 foiz, umumiy rejim uchun 25 foizdan — 12 foizgacha kamaytirish (byudjyet tashkilotlari va davlat korxonalaridan tashqari — ular uchun stavka 25 foiz miqdorida belgilangan);
  • Umumiy rejimdagi korxonalar uchun davlat maqsadli fondlariga majburiy o‘tkazmalarni bekor qilish (tushumdan 3,2 foiz);
  • Yuridik shaxslar uchun foyda solig‘i stavkasini 14 foizdan 12 foizga kamaytirish (tijorat banklari uchun — 22 foizdan 20 foizga, boz ustiga, ular uchun ma'lum bir rentabellik darajasidan o‘tilgach to‘lanadigan haddan ziyod foyda uchun soliq bekor qilinadi);
  • Dividentlar uchun soliq stavkasi 10 foizdan 5 foizgacha pasaytiriladi;
  • Yuridik shaxslarning mulk solig‘i stavkasi 5 foizdan 2 foizgacha pasaytiriladi va uni to‘lash majburiyati joriy etiladi, shuningdek, beistisno tarzda barcha yuridik shaxslar tomonidan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq joriy etiladi;
  • Xarid qilingan asosiy vositalar, qurilishi tugallanmagan obektlar va nomoddiy aktivlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summasi hisobga o‘tkazish huquqining taqdim etilishi (ular ayni paytda unga qo‘shiladi va QQSga bo‘lgan soliq yuklamasining kamayishiga sabab bo‘lmoqda);
  • Yiliga 1 milliard so‘mdan ortiq aylanma (tushum)ga ega bo‘lgan va belgilangan chegaraga bir yil mobaynida erishgan korxonalarni umumo‘rnatilgan soliq to‘lashga o‘tkazish (2017 yil yakunlariga ko‘ra bunday korxonalar kichik biznes sub'yektlarining 10 foizini tashkil etadi);
  • Yiliga 1 milliard so‘mgacha aylanma (tushum)ga ega bo‘lgan soliq to‘lovchilar uchun QQS va foydadan soliq to‘lash o‘rniga aylanmadan 4 foiz stavkalik (hozirgi 5 foizlik yagona soliq to‘lovi o‘rniga) soliq to‘lash imkoniyatining o‘rnatilishi;

Bu holda:

  • QQSning hozir amal qilayotgan 20 foizlik stavkasi saqlanib qoladi va 2019 yil yakunlariga ko‘ra stavka miqdori kamaytiriladi;
  • Yagona yer solig‘i to‘lovchilar uchun soliqqa tortish tartibi saqlanib qoladi;
  • Xususiy tadbirkorlar tomonidan amalga oshirishga ruxsat berilgan faoliyat turlarini qisqartirish rejalashtirilmoqda;
  • Soliq ma'muriyatchiligini tubdan takomillashtirish bo‘yicha choralar dasturi ishlab chiqilishi kerak;
  • Soliq hisobotdorligini soddalashtirish va uni dasturiy mahsulotlar bilan integratsiyasini ta'minlash bo‘yicha; avtomatik buxgalterlik hisobi yuritish bo‘yicha; soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha; hisoblangan oylik ish haqini personallashtirilgan hisobini yuritish tartibini joriy etish bo‘yicha choralar ishlab chiqilishi kerak;
  • 2018 yilning 1 noyabrigacha bo‘lgan muddatda samarasiz soliq va bojxona imtiyozlarini bekor qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi kerak;
  • 2018 yilning 1 dekabrigacha bo‘lgan muddatda yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi ishlab chiqilishi kerak.

Nimalarni amalga oshirishning iloji bo‘lmadi?

Nazarimda, rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar — mamlakatimizda qulay biznes iqlimini yaratish uchun ulkan qadamdir. Soliqqa tortishning yangi moduli sobiq ittifoqning aksariyat sobiq respublikalaridagi soliq tizimlaridan ko‘ra jozibaliroq.

Yanada ko‘prog‘ini istaganimiz esa boshqa masala. Garchi tasdiqlangan konsepsiyada uning dastlabki loyihasidagi ko‘plab prinsipial qoidalar saqlanib qolingan bo‘lsa-da, dastlabki versiyadan ikkita muhim punktni muhokamalar va ma'qullovlar asnosida saqlab qolishning iloji bo‘lmadi.

1. QQSni 20 foizdan 12 foizga tushirish nazarda tutilayotgan edi. Baribir 20 foiz darajasida qoldirishga qaror qilishibdi (2019 yildan keyin qisqartirish sharti bilan). Tushunishimcha, ba'zi soliq turlarining bekor qilinishi va soliq stavkalarining qisqartirilishi ortidan byudjyetga tushumlarning qisqarishidan byudjyetni himoyalash istagi yuqori bo‘lgan ko‘rinadi.

Qo‘rqamanki, QQSning bu qadar yuqori stavkasi (qo‘shnilarimiz Qozog‘iston va Qirg‘izistonda — 12 foiz) soddalashtirilgan rejimdan umumiy rejimga o‘tuvchi korxonalar uchun og‘ir yuk bo‘ladi. Aynan QQSning 20 foizlik stavkasi tufayli ular uchun soliq yuklamasi oshib ketishi mumkin. Bu, ayniqsa, aholiga xizmat ko‘rsatish sohalaridagi korxonalarga taalluqli, chunki u yerlarda tushumda qo‘shilgan qiymat ulushi juda katta. Lekin soliqqa tortiluvchi bazani hisobga olish hisobiga yoki yuklamaning bir qismining keyingi bo‘g‘in — xizmatlar xaridoriga taqsimlash bilan kamaytirishning imkoni yo‘q (aholi QQS to‘lamaydi). Bu kichik korxonalarni o‘z ixtiyori bilan umumiy rejimga o‘tishiga va yiriklashishiga rag‘batni qisqartiradi, yillik aylanmasi 1 milliarddan ortiq bo‘lgan korxonalarda tushumni yashirishga olib keladi. Natijada:

  • Biznesning legallashuvi va soliqqa tortishning umumiy rejimga o‘tishi  yoki QQSni o‘z ixtiyori bilan to‘lash kutilganidek keng miqyosli bo‘lmaydi;
  • Bizning ayrim mahsulotlarimiz va xizmatlarimiz qo‘shni davlatlar bilan solishtirilganida raqobatbardosh bo‘lmaydi;
  • Soliqqa tortiluvchi bazaning kamayishi oqibatida byudjyet daromadlari qisqarishi mumkin.

2. Dastlabki loyihada foyda va dividentlar solig‘i o‘rniga taqsimlanuvchi foyda uchun soliq joriy etish nazarda tutilayotgan edi. Bunday o‘zgarishlar qilishdan maqsad:

  • Umumiy soliqqa tortish rejimidagi korxonalar, binobarin, kelgusida umumiy rejimga o‘tuvchi korxonalar uchun ham soliq yuklamasini qisqartirish (chunki butun foyda soliqqa tortilmaydi va soliqqa tortish bazasi qisqarardi);
  • Investitsiyalarni rag‘batlantirish (investitsion xarajatlar taqsimlanuvchi foydalar uchun soliqqa tortilmasdi, binobarin, tadbirkorlarga o‘z foydasini «yeb yuborish» emas, uni investitsiya qilish ma'qulroq bo‘lardi);
  • (Va eng asosiysi!) soliq ma'muriyatchiligini keskin soddalashtirish. Gap shundaki, foydadan to‘lanadigan soliq — soliqlar ichra eng bir-birini inkor etadigan va hisob-kitob uchun murakkabi hisoblanadi. Aynan u bo‘yicha biznes va soliqchilar o‘rtasida eng ko‘p tushunmovchiliklar paydo bo‘ladi. Soliqchilar tushunarli sababga ko‘ra biznesning «o‘zini oqlamagan» xarajatlarini inobatga olishni istamaydi va ularni soliqqa tortiluvchi bazaga kiritishga harakat qilishadi, biznesning vazifalari esa mutlaqo teskari — xarajatlarni oshirish evaziga soliqqa tortiluvchi foydadan imkon qadar ko‘proq pul olib qolish. Natijada: a) soliqchilar biznes ishiga ma'muriy aralashuv uchun qudratli richagga ega bo‘lishadi; b) korxonalar soliqqa tortiluvchi bazani kamaytirish uchun ataylab xarajatlarini oshirib ko‘rsatishadi. Taqsimlanuvchi foydadan soliqqa o‘tilganida esa biznesning xarajatlari soliqchilarni qiziqtirmasdi (ishbilarmonlarning shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflanadigan xarajatlarning kichik guruhidan tashqari, ular dividentlardan tashqari taqsimlanuvchi foydaga qo‘shiladi), ishbilarmonlarning o‘zida esa ushbu xarajatlarni oshirishga bo‘lgan rag‘bat qisqarardi. Soliq ma'muriyatchiligi har ikki tomon uchun so‘nggi chegarasigacha soddalashar edi.

Taassufki, g‘oya nihoyatda inqilobiy ko‘rinish hosil qilgan edi (hattoki gruzinlar ham unga o‘tish uchun 12 yil sarflashgan). Hukumat foydani soliqqa tortishni (juz'iy ravishda) qisqartirish sari peshvoz chiqdi, lekin taqsimlanuvchi foyda uchun soliqqa o‘tishga jazm eta olmadi.

Lekin hali ham kech emas. Aminmanki, QQS kelgusida pasaytiriladi. Balkim moliya vazirligi yil so‘ngiga qadar zaxiralarni axtarib ko‘rib, uni 2019 yilning o‘zidayoq pasaytirishni taklif etib qolar? Orzular, orzular…

Taqsimlanuvchi foyda uchun soliqqa to‘xtaladigan bo‘lsak, biz bu soliqni targ‘ib etishda davom etamiz. Balkim jamoatchilikni 12 yildan ko‘ra tezroq ishontira olarmiz (Gruziyadagi islohotchilarga bu soliqni joriy etish uchun shuncha vaqt ketganini yuqorida ham aytib o‘tdik).

Albatta, soliq tizimimizni soddalashtirish va soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish uchun hali juda ko‘p ishlarni amalga oshirish kerak. Bu ishlar Soliq kodeksining yangi tahririni va Soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish dasturini tayyorlash doirasida olib boriladi.

Nima bo‘lganda ham, bu juda katta qadam!

Kim nima desa desin-u, o‘ylangan islohot — oldinga tashlangan ulkan qadam. Uni amaliyotga joriy etish natijasida biz hozirgisidan ko‘ra yanada takomillashgan soliqqa tortish modeliga ega bo‘lamiz. Soliq yuklamasining kamaytirilishi va amaldagi soliqqa tortish qoidalarini qayta ko‘rib chiqishga doir bunday keskin choralarga rozilik bergan hukumat va prezidentning jasoratiga qoyil qolish kerak. Fikrimcha, bu 2017 yil 5 sentabrda qo‘l urilgan valyuta bozorini liberallashtirishdan so‘ng iqtisodiyotimizda tashlangan ikkinchi muhim qadam hisoblanadi. Asosiysi, fikrni o‘zgartirmaslik, tanlangan yo‘ldan qaytmaslik va o‘ylangan narsalarni amalga oshirish.

Endi rejalashtirilgan o‘zgarishlarning keskinlik darajasini ko‘rgazmali ravishda tushuntirishga harakat qilaman.

Postsovet mintaqasida eng muvaffaqiyatli soliq islohoti Gruziyada 2005–2009 yillarda o‘tkazilgan, soliqlar soni 22 tadan 6 tagacha qisqartirilgan, boshqa soliqlar bo‘yicha soliq stavkalari kamaytirilgan islohot hisoblanadi.

Bu holatda byudjyetga soliqlardan tushumlar 2005–2006 yillardayoq yiliga o‘rtacha 20,61 foizga osha boshlagan. Islohotlar boshlangach, dastlabki to‘rt yilda soliqlardan tushumlar real ifodada 2,7 barobarga oshgan. 2009 yilda mamlakat Forbes’ning «soliq dahshati» reytingida Qatar, BAA, Hongkongdan so‘ng to‘rtinchi o‘rinni egallab turgan

2017 yilda islohot davom ettirildi va foyda hamda divident soliqlari o‘rniga taqsimlanuvchi foyda solig‘i joriy etildi.

Kontseptsiyaning dastlabki versiyasi mualliflari Gruziyaning yakuniy soliqqa tortish modeli (2017 yilgi) dan andaza olishgan. Imzolangan versiya esa Gruziyadagi islohotlarning dastlabki yilidagisiga juda yaqin. Ayrim pozitsiyalarda biz Gruziyaning 2004–2005 yillardagi hukumatidan ham uzoqroqqa qadam tashlaganmiz. Xususan, mehnatdan va foyda soliqlari (dividentlar ham qo‘shilganida) 2019 yildayoq bizda 2005 yildagi Gruziyadagidan pastroq bo‘ladi.

Gruziya va O‘zbekistondagi islohotlar davridagi asosiy soliqlarning solishtirma tahlili

* Taqsimlanuvchi foydadan soliq

Xullas, soliq islohoti boshlanmoqda. Hali oldimizda juda ko‘p ish turibdi.

P.S. Muallif fikri tahririyat fikriga mos tushmasligi mumkin.

Mavzuga oid