Iqtisodiyot | 20:30 / 10.07.2018
17967
4 daqiqa o‘qiladi

Muomalaga yaroqli va yaroqsiz qonuniy to‘lov vositalari belgilari qanday?

Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, quyidagi shikastlanish belgilari mavjud bo‘lgan banknotalar muomalaga yaroqli qonuniy to‘lov vositasi hisoblanadi:

  • banknota tasvirini (shaklini) aniqlash imkonini beradigan darajada siyqalangan va ifloslangan bo‘lsa;
  • banknota enining (bo‘yining) to‘rtdan bir qismidan oshmagan yopishtirilgan yirtiqlarga ega bo‘lsa;
  • yopishtirib qo‘yilgan burchaklari yoki qismlari (1 sm kv'dan oshmagan) bo‘lsa hamda yirtib olingan burchaklari yoki qismlar aniq ushbu banknotaga tegishli bo‘lsa;
  • mayda dog‘lar, yozuvlar, shtamp izi (bunda yozuv yoki shtamp izi ikki donadan oshmagan bo‘lishi lozim, banknota tugatilganligi, soxtaligi yoki namunaviyligini tasdiqlovchi shtamplardan bundan mustasno) bo‘lganda hamda ular banknotaning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan asosiy himoya belgilaridan birining 50 foizidan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan bo‘lsa;
  • banknotada diametri 1 mm'dan oshmagan va ikkitadan ko‘p bo‘lmagan teshiklar bo‘lsa.

Tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarning shikastlangan banknotalarini milliy valyutaga ayirboshlash yoki shu turdagi shikastlanmagan banknotalarga almashtirish, maydalash, yiriklash hamda konversiya operatsiyalarni amalga oshirishni rad etishga yul qo‘yilmaydi, shuningdek ularni keyinchalik boshqa operatsiyalar bo‘yicha mijozlarga berish taqiqlanadi va bunday turdagi operatsiyalar amalga oshirilganda vositachilik haqlari undirilishi mumkin.

Shunday qilib, quyidagi shikastlanish belgilari mavjud bo‘lgan banknotalar muomalaga yaroqsiz hisoblanadi:

  • bo‘laklarga ajratilgan, shu jumladan yopishtirilgan bo‘lsa;
  • dastlabki rangi o‘zgargan yoki rangi o‘chgan bo‘lsa;
  • yongan yoki kuygan holatda bo‘lsa;
  • qonuniy to‘lov vositasi ekanligini ko‘rsatuvchi asosiy belgilaridan birining 50 foizidan ortiq qismiga moy, bo‘yoq yoki siyoh to‘kilgan bo‘lsa;
  • banknotada kimyoviy reaktivlar ta'siri bo‘lsa;
  • muayyan darajada qasddan shikastlangan holda tasvir (surat, portret) o‘zgartirilganda, nominali o‘zgartirilgan, himoya ipchalari olib tashlangan, katta hajmdagi yozuvlar bo‘lsa;
  • banknotalar aniq bosma xatoga ega bo‘lgan (suv belgisi yoki himoya ipchalarining yo‘qligi yoki noto‘g‘ri joylashganligi), tasvirlari to‘liq bosilmagan yoki surkalib ketgan bo‘lsa;
  • banknota geometrik o‘lchamining 3 mm yoki undan ortiqqa o‘zgargan bo‘lsa;
  • banknota tasvirini aniqlash imkonini bermaydigan darajada sezilarli siyqalangan va ifloslangan bo‘lsa;
  • o‘zining qattiqlik darajasini sezilarli darajada yo‘qotib, yumshoq holga kelgan banknotalar.

Tegishli xorijiy davlatning emitent banki tomonidan e'lon qilingan sanadan keyin muomaladan chiqarilgan hamda banknota tugatilganligi, soxtaligi yoki namunaviyligini tasdiqlovchi shtamplar mavjud bo‘lgan banknotalar to‘lovga yaroqsiz, deb e'tirof etiladi.

Mavzuga oid