O‘zbekiston | 12:10 / 15.07.2018
8271
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bugundan elektron kirish vizalari berish tizimi ishga tushdi

O‘zbekistonda bugun, 15 iyul kunidan boshlab xorijlik fuqarolarga respublikada turistik maqsadlarda  bo‘lish uchun elektron kirish vizalarini rasmiylashtirish va berish boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 4 iyul kuni imzolangan «O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, endilikda xorijlik fuqarolar O‘zbekistonga kirish vizasini olish uchun diplomatik vakillik yoki O‘zbekistonning chet ellardagi konsullik idorasiga rasmiy murojaat qilishi shart bo‘lmaydi.

Elektron viza xorij fuqarosiga 30 kun muddatga O‘zbekiston hududida bo‘lish huquqini beradi va bu viza taqdim etilgan kundan boshlab 90 kun muddat ichida amal qiladi.

Elektron vizani rasmiylashtirish va berish uchun murojaatni ko‘rib chiqish muddati ikki ish kunini tashkil etadi (murojaat berilgan kundan tashqari).

Berilgan elektron viza xorij fuqarosining «e-visa.gov.uz» portaliga qilgan murojaatida ko‘rsatilgan elektron manzilga jo‘natiladi.

Elektron vizani rasmiylashtirish uchun murojaat berish O‘zbekiston Respublikasiga kelish sanasidan uch ish kunidan kam bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.

Elektron kirish vizasini olish murojaatini ko‘rib chiqish uchun konsullik yig‘imi hajmi 20 AQSh dollarini tashkil etadi.

To‘lov elektron ko‘rinishda xalqaro to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.

Elektron viza berishda rad javobi berilgan taqdirda konsullik yig‘imi uchun olingan mablag‘ qaytarilmaydi.

Elektron viza o‘tish xujjatiga (pasport) yopishtirilmaydi. Chegara orqali o‘tish punktida chet el fuqarosi elektron vizani qog‘oz yoki elektron ko‘rinishda taqdim etadi.

Mavzuga oid