Jahon | 09:05 / 16.07.2018
9409
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Suriyadan “Oq kaskalilar”ni evakuatsiya qilmoqchi – OAV

Foto: AFP/ Thaer Mohammed

AQSh, Kanada va Yevropaning bir qator davlatlari, jumladan Buyuk Britaniya va Fransiya Suriyadagi “Oq kaskalilar” tashkiloti a'zolari va ularning oilalarini evakuatsiya qilish rejasini muhokama qilmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga iqtibos keltirgan holda CNN ma'lum qildi. 

Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, gap mingga yaqin “oq kaskalilar” va ular oilalarini boshqa davlatlarga, misol uchun Kanada, Buyuk Britaniya yoki Germaniyaga jo‘natish haqida ketmoqda. Manbaning ma'lum qilishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp bu masalani NATO sammitida ko‘targan. G‘arb davlatlari delegatsiyalari Trampni bu masalani Isroil va Iordaniya bilan muhokama qilish kerakligiga ko‘ndirishgan.

Bundan tashqari, “Oq kaskalilar”ning xavfsizligini ta'minlash Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvidagi mavzulardan biri bo‘lishi mumkin. 

Avvalroq AQSh “Oq kaskalilar”ga 6,6 mln dollar ajratishini ma'lum qilgandi. Davlat departamentida ta'kidlanishicha, Vashington Suriyadagi ixtilof boshlangandan beri 100 mingdan ko‘proq hayotni saqlab qolgan “Oq kaskalilar”ni qat'iyan qo‘llab-quvvatlaydi. 

Tashkilot siyosiy neytrallik va qurollangan harakatlarga daxlsizlik vaji ostida Suriyaning tinch aholisini himoya qilishni o‘z maqsadi deb ataydi. Internetda oxirgi yillar oq kaskadagi odamlar vayronalar ostidan bolalarni qutqarayotgani videolari paydo bo‘lgan. Biroq shu bilan birga ular “jabrlanuvchilar”ni grim qilib, ularga kim qayerda qanday holatda yotishini uqtirgancha kimyoviy hujum oqibatlarini sahnalashtirayotgan videolar ham mavjud. Bundan tashqari, suriyalik jurnalistlar “qutqaruvchilar” qurol bilan va harbiy kiyimda bo‘lgan bir qator foto va videomateriallarni namoyish qilishgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid