O‘zbekiston | 19:01 / 23.07.2018
7314
3 daqiqa o‘qiladi

Ma'muriy ishlar bo‘yicha sudyalar soni oshirildi, boshqa sudlarda esa qisqartirildi

Foto: Dreamstime

Prezidentning 19.07.2018 yildagi PF–5487-son farmoni bilan shtatdagi sud xodimlari, shu jumladan sudyalar soni qayta taqsimlandi. Prezidentning 21.02.2017 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–4966-son farmoniga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
 
Ma'muriy sudlar boshqaruv xodimlari sonining cheklangan shtati 22 birlikka, shundan sudyalar soni 11 birlikka oshirildi. Mazkur sudlarning tuman (shahar) bo‘g‘inlari qo‘shimcha xodimlar bilan to‘ldirildi. Shu tariqa, ularning quyi darajadagi shtat soni 440 birlikka, shundan sudyalar soni 220 birlikka yetdi, deb yozmoqda Norma.
 
Ma'lumot uchun: Ma'muriy sudlar prezidentning 21.10.2016 yildagi PF–4850-son va 21.02.2017 yildagi PF–4966-son farmonlari, shuningdek 12.04.2017 yildagi O‘RQ–428-son qonun bilan tashkil etildi. Ular quyidagi toifadagi ishlarni ko‘rib chiqadilar:
 
a) davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek ularning mansabdor shaxslari harakati (qarorlari) ustidan shikoyatlar va arizalar bo‘yicha ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma'muriy nizolarni – ya'ni muhokama tashabbuskori – o‘z huquq va manfaatlari himoya qilayotgan  xususiy shaxs (1.04.2017 yilga qadar FPKning 3-kichik bo‘limi bilan tartibga solinadi);
 
b) qonun bilan ularning vakolatiga kiritilgan  ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni (MJTKning 245-moddasiga qarang) – bunda aksincha, tashabbuskor davlat organi bo‘ladi, xususiy shaxs esa huquqbuzarliklarni sodir etishda ayblanadi va uni jazolash to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqiladi.
 
Ma'muriy sudlarning shtatdagi xodimlari soni tuman (shahar) fuqarolik (10 birlikka, shundan sudyalar soni 5 birlikka), jinoiy (4 birlikka, shundan sudyalar soni 2 birlikka) ishlar bo‘yicha sudlari va iqtisodiy (8 birlikka, shundan sudyalar soni 4 birlikka) sudlar xodimlarini qisqartirish hisobiga oshirildi. Qisqartirilgan birliklar amalda ma'muriy sudlarga o‘tkazildi.
 
Hujjat 20.07.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid