Jamiyat | 22:00 / 28.07.2018
22148
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi “Saxovat” uyi ayanchli ahvolda ekanligi ma'lum bo‘ldi

Samarqand shahridagi “Saxovat” internat uyida 131 nafar keksalar va nogironligi bo‘lgan kishilar yashab kelmoqda. Samarqand viloyat hokimi muassasa faoliyati bilan tanishar ekan, bu yerda olib borilayotgan ishlar mutlaqo qoniqarsiz ekanligini aytdi.

Obodonlashtirish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, atrof qarovsiz. Lift ishlamaydi, yotoqxonalar dimiqqan, yuvinish xonalari tozalik talablariga javob bermaydi, hojatxonadagi antisanitariya holatini ta'riflashga til ojiz. Muolaja xonasida muzlatgich yo‘qligi sababli dorilar qoidaga zid ravishda saqlanmoqda.

Muassasa bosh hamshirasi Dilfuza Avulovaning aytishicha, mablag‘ kam bo‘lganligi sababli sharoitlar yaratilmagan. U rahbariyatga bu holat haqida aytilgani va talabnomalar berilganini aytdi.

Muassasa direktori Tolib Saidovning fikricha, bu yerdagi kamchiliklarga ayrim xodimlarning e'tiborsizligi sabab bo‘lgan.

Muassasa faoliyatini tekshirish jarayonida bu yerda katta miqdorda moliyaviy kamomadlar borligi aniqlandi. Muassasa direktori Tolib Saidov egallab turgan lavozimidan bo‘shatildi.

Viloyat hokimi mavjud muammolarni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan mutasaddi shaxslarga topshiriq berdi.

Mavzuga oid