O‘zbekiston | 21:39 / 27.11.2024
1841
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda tramvayning 3-yo‘nalishi ochilishi mumkin

Samarqand shahrida temiryo‘l vokzalidan Kimyogarlar qo‘rg‘onigacha yangi tramvay yo‘nalishi ochilishi va bu yo‘nalishga 14 ta zamonaviy tramvay vagonlari xarid qilinishi rejalashtirilgan.

Foto: Transport vazirligi

Bu borada Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu haqda “Samarqand MTRK” telekanalida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, hozirda Samarqand viloyat transport boshqarmasining Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasida 20 ta tramvay vagonlari mavjud. Ular ikkita yo‘nalishda (Temiryo‘l vokzali – Sartepa maskani; Temiryo‘l vokzali – Siyob bozori) yo‘lovchi tashimoqda.

2023 yilda Samarqand Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining “Yashil shaharlar” dasturiga qo‘shilgan birinchi shahar bo‘lgandi. O‘sha yili Samarqand mezbonligida o‘tgan bank boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishida O‘zbekiston hukumati va YeTTB o‘rtasida Samarqand shahrida elektrobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish uchun 49 mln dollargacha miqdorda suveren kredit ajratish to‘g‘risida bitim imzolangan.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahrida tramvay qatnovi 2017 yildan yo‘lga qo‘yilgan.

Mavzuga oid