Jamiyat | 16:55 / 31.07.2018
37405
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi viloyat perinatal markazida tug‘ilgan chaqaloq almashtirib qo‘yilgan edimi?

Camarqand shahridagi viloyat perinatal markazida (xalq orasida 4-son tug‘uruqxona bilan mashhur) qiz farzand dunyoga keltirgan onaga uch kun o‘tib o‘g‘il chaqaloqning jasadi berilgani haqidagi xabarlar turli onlayn nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda.

O‘zi bu yerda qanday hodisa ro‘y bergan? KUN.UZ mazkur hodisa bo‘yicha o‘z surishtiruvlarini olib bordi.

Viloyatning Urgut tumanida istiqomat qiluvchi, 1993 yilda tug‘ilgan Hakimova Go‘zal Aslam qizi 23 maydan 24 mayga o‘tar kechasi soat 01:00 da vazni 850 gramm bo‘lgan chaqaloqni muddatidan oldin dunyoga keltiradi. Tug‘uruqni qayd etish jurnalida doya Barno Ergasheva tomonidan chaqaloqning jinsi qiz bola ekanligi yoziladi. (Keyinchalik B.Ergasheva o‘z mash'um xatosini to‘g‘rilashga uringan va jurnaldagi «jyen» yozuvini «muj»ga o‘zgartirib qo‘ygan).

Aslida, G.Hakimova o‘g‘il bolani dunyoga keltirgan bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda ham tug‘uruqdan oldingi ultratovush tekshiruvi davomida uning homilasi jinsi o‘g‘il ekanligi ta'kidlanmoqda.

Nega unda jurnalga chaqaloqning jinsi adashib, qiz bola sifatida yozilib qoldi?

Gap shundaki, G.Hakimovaning farzandi muddatidan avval tug‘ilgan. Bunday chaqaloqlar tug‘ilishi hamono, tanasi sovib qolmasligi uchun shoshilinch ravishda maxsus vakuumga solinadi. Perinatal markazda esa o‘sha kuni tug‘uruq intensiv bo‘lgan. G.Hakimovadan 10 daqiqa avval M.Qurbonova ismli ayol egizak farzandlar — o‘g‘ilcha va qizaloqni dunyoga keltiradi. M.Qurbonovaning qizalog‘i G.Hakimovaning o‘g‘lidan 4 daqiqa avval tug‘iladi.

Chaqaloqlarni jurnalga qayd etgan doya B.Hakimova (u mazkur voqeada xatoga yo‘l qo‘yganligi uchun o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shatilgan)ning aytishicha, «keyingi tug‘ilgan chaqaloqning jinsi nima edi?», deb savol berilganida kimdir egizaklardan keyingisini so‘rayapti, degan gumonda «qiz» degan va u bu ma'lumotni jurnalga yozgan.

Tabiiyki, onaga ham, uning qarindoshlariga ham hamshiralar tomonidan qiz farzand dunyoga kelgani aytib bo‘lingan. Bu vaqtda muddatidan avval chala tug‘ilgan chaqaloqcha esa pampers kiygan holatda vakuum ichida hayot bilan kurashardi.

Chala tug‘ilgan chaqaloqqa ochilgan tibbiyot tarixida ham uning jinsi jurnaldan ko‘chirilib, «qiz» sifatida yozilgan.

Faqatgina chaqaloqlar vrachi Mavzina Hamrayevaning dastlabki yozuvlarida uning jinsi «o‘g‘il» sifatida qayd etilgan. Chunki faqat u chaqaloqni to‘liq yechintirib, salomatligini o‘rgangan.

Perinatal markaz direktori, tibbiyot fanlari nomzodi B.Jumanovning aytishicha, vazni 1 kilogrammga yetmay, muddatidan avval tug‘ilgan chaqaloqlarning yashab ketishi juda qiyin, odatda ularning 90 foizi nobud bo‘ladi. G.Hakimova dunyoga keltirgan o‘g‘ilcha ham 3 kun yashab, hayot bilan vidolashgan. (Qayd etib o‘tish joizki, bu chaqaloq G.Hakimovaning ikkinchi farzandi bo‘lib, oldingi farzandi ham muddatidan avval tug‘ilib, vafot etgan).

Chaqaloqning qarindoshlari avval boshda «farzandimiz almashtirilgan», degan vaj bilan undan tonib turishadi, uni tanasi patologoanatom tomonidan o‘rganilgan, qarindoshlari viloyat prokuraturasiga ham bu borada ariza tashlashgan. Lekin keyin baribir chaqaloqni olib borib, dafn etishadi.

Xullas, doyaning e'tiborsizligi ortidan chaqaloqning jinsi almashtirib yozib qo‘yilgan hamda uning jasadini qarindoshlariga topshirishda turli tushunmovchiliklar va gumonlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid