O‘zbekiston | 13:10 / 31.07.2018
5460
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda maktablarning 93 foizi yuqori tezlikdagi internetga ega emas

Foto: UzA

Bu haqda prezidentning «Xalq ta'limi tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni loyihasida aytiladi.

Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekistonda maktablarning 28 foizi kompyuter sinflariga ega emas, 63 foizida zamonaviy uskunalar yo‘q, 93 foizi yuqori tezlikdagi internetga ega emas.

Xalq ta'limi vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, maktablarda yetarlicha elektron ta'lim resurslari mavjud emas, o‘quv jarayonini tashkil etishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan kam foydalanilmoqda, moliyaviy xarajatlarni boshqarishda oshkoralikni ta'minlashda oqsoqlik mavjud.

Bundan tashqari, ta'lim muassasalari va aholi o‘rtasida samarali muloqot kanallarining yo‘qligi, maktablar va ta'lim tizimi ustidan jamoat nazoratining samarasiz tizimi, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa ommaviy axborot vositalarida ta'lim tizimi rahbarlarining passivligi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining virtual qabulxonasiga kelib tushgan shikoyat va murojaatlarining ko‘payishiga olib kelmoqda (21,8 mingta murojaat).

Yuqorida keltirilgan muammolardan kelib chiqqan holda, vazirlik o‘quv-tarbiya jarayoni hamda xalq ta'limi muassasalarining boshqaruv tizimiga axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalarni keng joriy etishni, shuningdek, keng jamoatchilik nazoratini ta'minlashni taklif etadi.

Hujjatni ishlab chiquvchilar 2021 yil oxiriga qadar barcha xalq ta'limi muassasalarini internet tarmog‘iga keng polosali kirish imkoniyati bilan ta'minlashni taklif qilmoqda.

Mavzuga oid